Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:33

O‘quvchining jasadi kanaldan topildi. Yaqinlari iddaosicha, bola maktabda haqoratlangani sabab o‘z joniga qasd qilgan


Illyustrativ surat. Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish hollarining ko‘payib borayotgani ko‘riladi.
Illyustrativ surat. Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish hollarining ko‘payib borayotgani ko‘riladi.

Qashqadaryoda Qarshi tumani hududidan oqib o‘tuvchi magistral kanalidan 15 yoshli o‘quvchining jasadi topildi.

Voqea Qarshi tumanining "Dasht" mahallasida 19 oktabr kuni ro‘y berdi.

Marhum o‘quvchining onasi va sinfdoshining iddaosiga ko‘ra, maktabda o‘qituvchilar tarafidan xo‘rlanishi va kaltaklanishi ortidan bola o‘zini kanalga tashlab, joniga qasd qilgan.

Maktab rahbariyatidan voqea yuzasidan izoh olib bo‘lmadi.

Qarshi tuman Ichki ishlar bo‘limi o‘quvchi o‘limi yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini aytdi.

O‘ligi daryodan topilgan o‘quvchining onasi H.Xning da’vo qilishicha, 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan o‘g‘li R.A. maktabga telefon olib kelgani uchun muallimlari tomonidan haqoratlangani va kaltaklanganidan so‘ng o‘zini Qarshi magistral kanaliga tashlagan:

O‘qituvchilar "nega maktabga telefon olib kelding", deb sinfdoshlari orasida "jalab", deb o‘g‘limga qattiq bosim qilishgan, urishgan, telefonini olib qo‘yishgan. Keyin u o‘zimni kanalga tashlayman, deb maktabdan chiqib ketgan

- Men paxtaga chiqyapman, dadasi Rossiyada. O‘g‘lim kichkina ukasini bog‘chaga olib boradi, shuning uchun unga telefonni berib qo‘ygandim. O‘sha kuni o‘qituvchilar "nega maktabga telefon olib kelding", deb sinfdoshlari orasida "jalab", deb o‘g‘limga qattiq bosim qilishgan, urishgan, telefonini olib qo‘yishgan. Keyin u o‘zimni kanalga tashlayman, deb maktabdan chiqib ketgan. Menga ustozi telefon qilib bu haqda aytdi. Kanal bo‘yiga borsam sumkasi bilan velosipedi turibdi, bolam yo‘q. Qutqaruvchilar kelib bolamni o‘lik xolda topib berishdi.

O‘ligi daryodan topilgan o‘quvchining sinfdoshlaridan biri bolaning maktab o‘qituvchilari tomonidan kaltaklanganiga guvoh bo‘lganini aytdi:

- Sinf rahbarimiz va direktor o‘rinbosari telefon ustida urdi. Yoqasidan ushlab, sudrab aktoviy zalga olib ketishdi. Keyin yuzini chap tomoni qizargan, yig‘lab yuruvdi. Bundan oldin qizlarni oldida, sinfdoshlarini oldida uyaltiruvdi-da. Onasini maktabga chaqirtirishdi. Onasi kelgan payt, "o‘zimni o‘ldiraman", deb kanal bo‘yiga qochib ketdi. Borsak, o‘zini tashlab bo‘libdi.

Bola maktabda kaltaklanganini u o‘qigan ​7-son umumta’lim maktabi o‘qituvchilaridan biri ham Ozodlikka tasdiqladi.

Ma’muot sizdirgani uchun jazolanishdan cho‘chib, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchiga ko‘ra, tuman Ichki ishlar bo‘limi va prokuratura xodimlari maktabda o‘quvchi o‘limi yuzasidan muallimlarni so‘roq qilgan.

Ozodlik maktab o‘quvchisining haqoratlangani ortidan o‘z joniga qasd qilgani haqidagi iddaolar yuzasidan ​7-son umumta’lim maktabi rahbariyatidan izoh ololmadi. Ozodlik muxbiri 26 oktabr kuni maktab rahbarlarining mobil telefonlariga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, ulardan birortasi bilan bog‘lana olmadi.

Ichki ishlar bo‘limi xodimi maktab o‘quvchisining o‘limi yuzasidan tuman prokuraturasi surishtiruv olib borayotganini Ozodlikka ma’lum qildi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ O‘zbekistonda yoshlar orasida o‘z joniga qasd qilish hollarining ko‘payib borayotgani ko‘riladi.

So‘nggi olti oy ichida Ozodlik yoshlarning o‘z joniga qasd qilgani bilan bog‘liq o‘ndan ortiq holat haqida xabar qildi.

Shu yilning 24 sentabr kuni Surxondaryoning Boysunida Qishloq xo‘jaligi va transport kolleji o‘quvchisi uyi molxonasida osilgan xolda topildi.

Kursdoshlarining iddaosiga ko‘ra, o‘quvchi kollej rahbarlarining haqorati ortidan o‘zini osgan.

17 sentabr kuni Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 4-sonli maktabning 8-sinf o‘quvchisi uyi ayvonida osilgan holda topildi.

Yaqinlarining Ozodlikka aytishicha¸ qizning otasi Rossiya¸ onasi esa Birlashgan Arab Amirliklariga ishlashga ketgan, qiz esa buvisinikida yashagan.

9 aprel kuni Ozodlik Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidagi 16-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchisi o‘zini osgani haqida xabar bergan edi.

Shu oy boshida Ozodlik Qo‘qon shahar Maxsus yengil sanoat kasb-hunar kollejida 2018 yil oktabridan buyon “bir necha o‘n o‘quvchi qiz o‘z joniga qasd qilgan”ini aniqlagan edi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil noyabrdagi hukumat majlisida mamlakatda ayollar o‘rtasida suiqasd holatlari soat sayin ortayotganini aytgandi.

Joriy yildan prezident farmoni bilan O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro‘yxatiga “O‘zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O‘zbekiston Respublikasi Bosh suitsidologi” lavozimlari kiritildi.

Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko‘rsatilishi vaqtida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilib, unda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishi nazarda tutiladi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, har yili mamlakatda 100 ming kishidan 6 nafari o‘zini o‘ldiradi.

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hisobotida dunyo bo‘yicha har 40 sekundda bir odamning o‘zini o‘ldirishi¸ 20 odamning esa o‘z joniga qasd qilishga urinishi aytiladi.

XS
SM
MD
LG