Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 12:24

Bozordagi pichoqlashuvda do‘kon ishchisi o‘ldi, aravakashlar hibsga olindi


Illyustrativ surat. Chinni bozordagi voqeaga aloqasi yo‘q.
Illyustrativ surat. Chinni bozordagi voqeaga aloqasi yo‘q.

25 oktabr kuni Zangiotadagi Chinni bozorda yo‘l talashuv ustida kelib chiqqan janjal payti aravakashlar do‘kon ishchisini pichoqladi.

20 yoshlardagi Ismoil ismli do‘kon ishchisi olgan jarohatlari oqibatida olamdan o‘tdi.

Voqea guvohlariga ko‘ra, do‘konchi yigit o‘limida ayblanib uch aravakash hibsga olingan, keyinchalik ulardan biri qo‘yib yuborilgan.

Voqea yuzasidan ochilgan jinoyat ishini Toshkent viloyat IIB Tergov bo‘limi olib bormoqda.

Voqea 25 oktabr kuni ertalab, taxminan soat 10 larda Toshkent viloyat, Zangiota tumanidagi yangi Chinni bozorida (eski "Abu Saxiy" bozori o‘rnida) sodir bo‘lgan.

Voqea guvohlaridan biri, xavfsizligini o‘ylab ismini ochiqlashni istamagan savdogar Ozodlikka bunday dedi.

“3 ta aravakash bir do‘konchi bola bilan yo‘l talashib urishgan. Janjal payti aravakashlar Ismoil ismli do‘konchi bolani urib, bo‘ynidan so‘yib qo‘yishgan. Men janjaldan sal kech bordim. Hammayoq qon edi. Bir necha metrgacha qon oqib ketgandi. Ismoil 20 yoshlarda edi. U shu bozordagi do‘konda ishchi bo‘lib ishlardi”.

Ushbu bozordagi boshqa bir savdogarga ko‘ra, janjal ertalab savdogarlar mollarini yoyayotgan payti sodir bo‘lgan:

“Odatda o‘zi ertalab juda tiqilinch bo‘ladi. Sababi bozor ma’muriyati do‘konlar o‘rtasidagi yo‘llarni ham savdogarlarga sotgan. O‘rtadagi yo‘lda ham palatka qilib, savdo qilinishi sabab yuk olib kelishga juda kam yo‘l qolgan. Shuning uchun ertalablari bu kabi urush-janjallar ko‘p bo‘ladi. Ertalab hamma molini skladdan olib keladi. Aravakashlar yurishga yo‘l topa olmaganidan janjallashib ketishadi. Juma kungi voqeada ham aravakash bilan do‘konchi yigit yo‘lga sig‘may, urushib qolishgan. Keyin janjalga yana ikkita aravakash qo‘shilgan. Shu bilan janjal kattaga aylanib ketgan. Natijada bir yosh yigit olamdan ko‘z yumdi”.

Chinni bozordagi ertalabki holat.
Chinni bozordagi ertalabki holat.

Savdogarlar bilan suhbatdan ma’lum bo‘lishicha, shu kuni bozorda tirbandlik bo‘lgani sabab “Tez yordam” mashinasi ham voqea joyiga kechikib yetib kelgan.

“Bozorda na arava yura oladi, na odam. Skoriy ham kechikib keldi. Ismoil kasalxonaga yetmay jon beribdi. Voqea joyidan lezvie - pichoq topishibdi. Do‘konchi yigitni urgan uch aravakashni ham melisa olib ketdi. Lekin eshitishimizcha, keyin ulardan bittasini kechasi qo‘yib yuborishibdi”, dedi Chinni bozor savdogarlaridan yana biri.

Janjal oqibatida o‘lgan do‘kon ishchisi - 20 yoshlardagi Ismoilning shaxsiga oid qo‘shimcha ma’lumotlar Ozodlikda mavjud emas.

Yangi Chinni bozorni nazorat qiluvchi tashkilot - "Toshkent savdo markazi" rahbarlari dushanba (28 oktabr) kuni bozor ishlamasligini vaj qilib, Ozodlik savollariga javob berishni istamadi.

"Bugun bizda dam olish. Qonuniy dam olish kunimiz. Ertaga rasman murojaat qilsangiz, barcha ma’lumotlarni beramiz", dedi markaz rahbarlaridan biri.

Voqea sodir bo‘lgan Chinni bozori hududi Toshkent viloyatining Zangiota tumaniga qarashli.

Zangiota tuman IIBining o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, "ushbu voqea bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan va ishda qotillik holati bo‘lgani bois ish Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga o‘tkazilgan".

Toshkent viloyat IIBsining Ozodlik bog‘langan xodimiga ko‘ra, "bozordagi qotillik voqeasi bilan IIBning Tergov bo‘limi shug‘ullanmoqda". Xodim tergov davom etayotgani bois matbuotga tafsilotlar ochiqlanmasligini bildirdi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG