Turkiya politsiyasi o‘zbekistonlik ikki enaga bir oilaning ikki farzandini olib qochgani haqida ijtimoiy tarmoqlarning turk segmentida tarqalgan xabarlarni "bo‘hton" deb atadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bola o‘g‘rilari deya iddao qilingan o‘zbekistonlik ikki ayolning pasportlari nusxalari ham e’lon qilingan edi.
Turkiya politsiyasining Istanbul shahri bo‘limi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan bu xabarlarni obdon o‘rganib, ular asossiz, soxta xabarlar ekanini aniqlagani haqda 30 oktabr kuni Ozodlikka ma’lum qildi.
Turkiyada o‘zbekistonlik ikki enaga bir oilaning ikki farzandini olib qochgani haqidagi xabarlar so‘nggi bir hafta ichida ijtimoiy tarmoqlarni turk segmentini portlatib yubordi.
Tarmoqlarda tarqalgan xabarda ikki o‘zbek ayolining pasporti nusxalari ham e’lon qilindi.
Suratlari ostiga "bu ayollarni ko‘rsangiz politsiyaga xabar bering, ular tanishimizning 1 va 7 yashar farzandlarini parkga aylantirib kelamiz deb, olib qochishdi", degan so‘zlar yozilgan.
Xabarlarga ilova qilingan videoda turkiyalik bir ayol "bolalarni olib qochgan ayollarning pasportlari sohta bo‘lishi mumkin, iltimos, Turkiyada ishlash izni bo‘lmaganlarni uyimizda ishlatmaylik", deydi.
Turkiya politsiyasi ijtimoiy tarmoqda tarqalgan bu xabarlarni obdon o‘rganib, ular asossiz, soxta xabarlar ekanini Ozodlikka ma’lum qildi.
- Bu xabarlar tagi yo‘q, asossiz xabarlar bo‘lib chiqdi, - dedi Turkiya politsiyasining Istanbul bo‘limi xodimi Ozodlikka.
Ammo, farzandlarini xorijlik enagalar boqayotgan oilalarda vahima va qo‘rquv arimagan.
Istanbulda yashovchi turk oilalaridan birida enagalik qilayotgan o‘zbekistonlik Fotima ismli ayolga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlardagi vahimali xabarlar ortidan ko‘p oilalar uyida ishlovchi xorijlik enaga va farroshlarning ishlash izni bor-yo‘qligini politsiya orqali tekshirishga kirishgan:
- Turkiyada ishlovchi enagalarning, ayniqsa o‘zbekistonliklarning ishlash izni yo‘q. Arzon narxga ko‘ngani uchun ko‘p oilalar ishlash izni bor-yo‘qligi haqida qiziqib ham o‘tirishmaydi. Ular bizga qardosh xalq bo‘lgani uchun hujjatsiz ham ishonishadi. Ayrim ish beruvchilar davlatga pul to‘lashdan qochib ishlovchilardan hujjat talab qilmaydi. Mana bu xabarlar tarmoqda chiqqanidan so‘ng hamma qo‘li ostidagilarning hujjatini tekshira boshladi. Oraga shubhalarni soldi. Xabarlar asossiz bo‘lib chiqsa ham qo‘rquv qoldi.
Turkiyaning Anqara shahrida yashovchi turk jurnalisti Murat Devrim ijtimoiy tarmoqda tarqalgan bo‘xton xabarlar mehnat bozoridagi manfaatdor guruhlarning ishi bo‘lishi mumkin, deya tahmin qildi:
- O‘rta Osiyo, jumladan O‘zbekiston kabi davlatlardan kelayotgan ishchilarning oqimi shu qadar kattaki ular mehnat bozorida salmoqli o‘ringa ega bo‘lmoqda. Chunki arzon ishchilar, oyiga 2500-3000 turk lirasiga (500 AQSh dollari) surunkali ishga ular rozi. Narxni tushirib yuborayotgani mehnat bozoridagi ayrim guruhlar, jumladan ish topib berish bilan shug‘ullanadigan agentliklarga yoqmaydi, shuning uchun bu chetdan kelgan ishchilarni obro‘sizlantirishga urinish bo‘lsa kerak, deb o‘ylayapman.
O‘zbekistonliklar Turkiyaga vizasiz safar qila oladi. Bu mamlakatda ishlashga ruxsatnoma olish nisbatan osonligi sabab minglab o‘zbekistonlik erkak-ayol ishlab kelmoqda. Ular qariyalar va bolalarga enaga, uy xizmatkori, oshpaz, ofitsiant, sartarosh va boshqa past maoshli ishlarni qiladi.
Turkiyadagi "O‘zbeklar birligi" tashkiloti rahbari Adem Chevik o‘zbeklar qardosh bo‘lgani uchun turk oilalari farzandlarini ularga ishonib topshirishini aytdi:
- Hozir o‘zbek enagalari filippinlarni ham ortda qoldirdi. Shu paytgacha asosan filippinlar bu ishni qilar edi bizda. Aniq raqamlar qo‘limda yo‘q, lekin men bilgan oilalarda asosan o‘zbeklar enaga, o‘zbeklar xizmat ishlarini qiladi. Bizga qardosh bo‘lgani uchun turk oilalari ularga farzandini ham, uyini ham ishonib topshirib qo‘ygan, tarmoqda tarqalgan gap-so‘zlar bu ishonchga putur yetkazadi, deb o‘ylamayman.
Joriy yilning dastlabki olti oyida Turkiya Mehnat va Ijtimoiy xavfsizlik vazirligi 40 mingga yaqin xorijlikka mamlakatda ishlash iznini bergan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, shu muddat ichi Turkiyada ishlash ruxsatini olganlardan ming nafaridan ortig‘i o‘zbekistonliklardir.
Turkiyada noqonuniy yurgan o‘zbekistonliklar soni bo‘yicha esa aniq raqam yo‘q.