Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:34

Qizini zo‘rlagan shaxs jazolanmaganidan norozi ona ikkinchi marta o‘z joniga qasd qildi (2-qism)


Ushbu maqolaning 1- qismi 30 oktabrda e’lon qilinishi ortidan unda yoritilgan voqea yuzasidan tekshirish boshlangani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik 30 oktabr kuni Qashqadaryo viloyat, Koson tumanida yashaydigan, 21 yil o‘qituvchi bo‘lib ishlagan 40 yashar ayol 15 sentabrda bo‘yniga arqon solib, joniga ikkinchi marta qasd qilgani haqida jurnalist surishtiruvi o‘tkazib, maqolaning birinchi qismini e’lon qilgan edi.

Unda ona 14 yashar qizini zo‘rlagan shaxs jazoga tortilmagani, mahallada bu oilaga nisbatan tahqirlovchi gap-so‘zning ko‘paygani uchun o‘z joniga qasd qilgani aytilgan edi.

Qiz esa, tuqqan bolasini boshqa qaytib ko‘rmaganini, maktabda unga nisbatan masxara va tahqirlash tinmayotganini aytgan.

14 yashar qiz tuqqan qiz bola o‘sha kunning o‘zida boshqa shaxsga farzandlikka berib yuborilgan.

Tekshiruv boshlandi

31 oktabr kuni Koson tuman ichki ishlar bo‘limining inspektorlari zo‘rlangani iddao qilingan qizni maktabdan olib ketishgan. Bu haqda Ozodlikka qizning o‘zi aytdi:

Sinf rahbarimiz nega mendan beso‘roq chiqib ketding, deb baqirdi.


“Uchinchi soat darsga kirgan edim, uchastkavoyimiz bilan bir ayol militsiya xodimi kelib Ozodlik radiosiga sen chiqqanmisan deb so‘radi. Men ha, dedim. Keyin meni tuman prokuraturasiga olib ketishdi. U yerda onam nega o‘zini osgani, nega shikoyat qilganimiz haqida tilxat yozdirib oldi. Shundan keyin qaytib keldik. Sinf rahbarimiz nega mendan beso‘roq chiqib ketding, deb baqirdi. Bo‘lmasa meni olib ketishayotganini direktorning ikki o‘rinbosari ko‘rib turgan edi”

Ismini Ozodlik oshkor etmagan maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, maktab o‘quvchisini organ xodimlari psixolog yoki sinf rahbari hamrohligida olib borishi shart bo‘lgan, lekin uni yolg‘iz olib ketishgan.

31 avgust kuni tushdan keyin qiz yashaydigan uyga viloyat va tuman ichki ishlar organlaridan vakillar kelib, qizning onasi o‘zini osgan joyni suratga tushirgan, qo‘ni-qo‘shnilardan tushuntirish xatlari olingan.

2- qism

15 yashar o‘quvchi qiz 2018 yilning 10 mayida Koson tug‘ruqxonasida qiz farzand ko‘rgan.

Ammo, aytishicha farzandi unga umuman ko‘rsatilmagan:

“Maktabimiz direktori o‘zim to‘g‘irlab beraman, dedi-da, meni kechasi tug‘ruqxonaga olib bordi. Duxturlar alohida palataga oldi, ertalab soat besh yarimlarda tug‘dirdi. Ayamni doriga yuborishdi. Ayam kelganidan keyin menga javob berib, uyga yuborishdi. Tamom, bolani ham ko‘rsatishmadi”.

Qizning xolasi aytishicha, tug‘dirish tadbirida maktab direktori, otalikda gumonlanayotgan bolaning onasi ham ishtirok etgan:

Bolani nima qilgan bo‘lsa ham, shular qilishdi.


“Maktab direktori mendan ham, u yigitning onasidan ham bir million so‘mdan duxturlar uchun deb pul oldi. Bolani nima qilgan bo‘lsa ham, shular qilishdi. Maktab direktori bilan yigitning onasi bizga hech kimga aytmanglar, qizlaring maktabni bitirsin, kelin qilib olamiz, deb va’da berishdi. Lekin, oradan ko‘p o‘tmay, tug‘ilgan chaqaloq mening bolamdan emas ekan, kelin qilmaymiz, deb so‘zlaridan qaytishdi. Buni eshitib, opam stressga tushib qoldi”.

Ozodlikka qizning qarindoshlari aytishicha, ularda chaqaloqni kim vasiylikka olgani va uning yashash manzili haqida aniq ma’lumot bor.

Qizning otasi aytishicha, ularning ichki ishlar bo‘limiga, viloyat va tuman prokuraturasiga yozgan arizalari e’tiborga olinmagan:

Men bir kambag‘al odam bo‘lsam, qo‘lim kalta, kim ham bizning dardimizga quloq solardi?!


“Bu voqeadan keyin maktab ham ayolimga ish bermadi. Siqilib, gap-so‘zlarni eshitaverib, kasal bo‘lib qoldi. Ko‘chaga chiqolmasak, urug‘-aymoqning oldiga borolmasak. Prokuratura tinglamasa, ichki ishlar tinglamasa. Xotin-qizlar qo‘mitasi boshlig‘i ham tinglamaydi. Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor? Ularga faqat pul bo‘lsin. Shuncha murojaat qildik, qizimni fohisha deb, urug‘-aymog‘imizni DNK qiladi. 14 yashar qizcha qanaqasiga fohisha bo‘lsin? Qo‘shni bola esa oppoq emish. Bilamiz nega unday deyishayotganini. Uning pochchasi hokimning o‘rinbosari. Hokim esa ishni yop deydi, tumandan jinoyat chiqmasin ekan. Maktab direktori esa hammasining og‘zini yopdim, kerak bo‘lsa o‘zingni botqoqqa botiraman deydi. Men bir kambag‘al odam bo‘lsam, qo‘lim kaltada, kim ham bizning dardimizga quloq solardi”.

Otaning aytishicha, surishtiruv boshida qo‘shni yigit uning qizi bilan jinsiy aloqa qilganini bo‘yniga olgan, keyin esa o‘z ko‘rsatmasidan tongan.

Ozodlik ismini oshkor qilmayotgan, o‘quvchi qiz o‘qiyotgan maktab o‘qituvchilaridan birining aytishicha, u ham bu voqea xolis tergov qilinishini so‘rab, viloyat prokuraturasiga murojaat qilgan, ammo ijobiy javob bo‘lmagan:

Qizi tuqqanidan keyin qattiq stress olib kasal bo‘lib qoldi.


“Aslida, shunday voqea sodir bo‘lishiga maktab direktori aybdor. Bu ayol shu maktabda 21 yil boshlang‘ich sinflarga dars berdi. Mehnatkash va halol o‘qituvchi bo‘lgan. Qizi tuqqanidan keyin qattiq stress olib kasal bo‘lib qoldi. Davolanib chiqqanidan keyin direktor unga sening maktabda o‘rning yo‘q deb, ish bermadi. Kasallik varaqalari pulini ham bermadi. O‘shandan buyon sho‘rlik ona stress holatidan chiqolmaydi. Avval o‘ziga o‘t qo‘ydi, yaqinda o‘zini osib qo‘ydi”.

Koson tuman xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari o‘rinbosari Aziza Xolmo‘minova bu voqeadan xabardor ekanligini aytar ekan, tug‘ilgan chaqaloq qizning onasi roziligi bilan boshqa odamga rasmiylashtirib berilganini bildirdi:

U yigitning oilasi keyin tan olmay oralari buzilib ketdi.


“Yigit va qiz tomon o‘zlari kelishdi. Qizini tuqqanini ham, chaqaloqni berib yuborganini ham avval bizdan yashirishdi. Keyin men surishtirib, chaqaloqchani topganimda o‘z ixtiyori bilan bir oilaga farzandlikka bergan ekan. Vasiylik bo‘yicha hujjat qilib, qaror chiqqan ekan, hammasi qonuniy qilingan ekan. Keyin bu ishni prokuratura ko‘rdi. U yigitning oilasi keyin tan olmay oralari buzilib ketdi. Shundan keyin qizning onasi shikoyat qila boshlagan”.

Qizning onasi Ozodlik bilan suhbatda chaqaloqni birovga vasiylikka bermaganini, uning nomidan qilingan hujjatlar qalbaki ekanligini iddao qildi:

Bu depressiyalar, bu g‘iybatlar, bu mish-mishlardan to‘yib ketdim, hayotdan ham to‘yib ketdim.


“Maktab direktori oraga tushdi, chunki gumonlangan yigit uning qarindoshi bo‘ladi. Ular prokuratura bilmasin, militsiya bilmasin dedi-da, ishni yopti-yopti qilish uchun uyimga bitta ro‘molga ikkita non, konfet tugib keldi. Meni tinchitish uchun ular shunday qildi. Keyin men bu stresslardan kasal bo‘lib yotib qolganimdan so‘ng, bu qizning onasi tentak, men tentakni qizini olib beramanmi, deb g‘iybatlarni boshladi. Men davolanib chiqqanimdan keyin maktabga ish so‘rab borsam, direktor ish bermadi. Men hech bo‘lmasa farroshlikni bering desam ham ko‘nmadi. Meni jamiyatdan chiqarib tashlashdi. Bu depressiyalar, bu g‘iybatlar, bu mish-mishlardan to‘yib ketdim, hayotdan ham to‘yib ketdim. Buning ustiga 14 yashar qizimini zo‘rlagan jinoyatchi ochiqda yurganini ko‘rish men uchun azob edi. Dardlarimni hech kim tinglamagandan, shikoyatlarim asossiz yopilib ketaverganidan so‘ng hayotdan bezib, ikki marta o‘z jonimga qasd qilishga majbur bo‘ldim”.

Zo‘rlangani iddao qilingan o‘quvchi qiz o‘qiyotgan maktab direktori (ayol), Ozodlik bilan suhbatda bu voqea xususida ichki ishlar yoki prokuraturaga xabar bermaganini tan oldi:

Men buni faqat o‘zimning boshlig‘imga aytganman, organga xabar bermaganman. Mening bitta xatoim shu.


O‘quvchi qizning onasi bu voqeani hech qaerga aytmang, bo‘lmasa o‘zimni o‘ldiraman degani uchun, men buni faqat o‘zimning boshlig‘imga aytganman, organga xabar bermaganman. Mening bitta xatoim shu. Boshqa hech narsaga aralashmaganman. U qizcha ham maktabda o‘qiyapti, shunday chiroyli, yaxshi o‘qiydi. O‘zim har doim nazorat qilib boraman. U tuqqan qizchani ham ko‘rmaganman, roddomda ham bo‘lmaganman”.

Koson tuman prokurori Ulug‘bek Ergashevga Ozodlik qo‘ng‘iroq qilganida avval gaplashib, keyin go‘yo eshitmayotganday telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Qashqadaryo viloyat prokurori o‘rinbosari Azamat Mirzayev, Ozodlik savoliga javoban, bu voqeadan yaxshi xabardor ekanligini aytdi:

“Menga telefon raqamingiz ko‘rindi. Hozir matbuot xizmatimizga aytaman, yigitlar o‘rganib, sizga o‘zlari batafsil informatsiya berishadi”.

Ammo viloyat prokuraturasidan kun davomida Ozodlikka qo‘ng‘iroq bo‘lmadi.

Viloyat prokurori o‘rinbosari Azamat Mirzayev maktab o‘qituvchilaridan birining shikoyatiga 2019 yilning 13 iyun kuni bergan javobida shunday deb yozgan:

"Aniqlanishicha, muqaddam ushbu mazmundagi murojaatingiz Koson tumani prokurataturasi tomonidan o‘rganilib, mazkur maktab o‘quvchisi N.B.ning homilador bo‘lganligi yuzasidan fuqaro B.B.ga nisbatan 01.05.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128- moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini olib borishlik uchun tuman IIB TBga yuborilgan".

Bu javobdan jinoyat ishi qiz tuqqanidan so‘ng bir yil vaqt o‘tib qo‘zg‘atilgani ko‘rinadi.

Bu vaqtdan so‘ng oradan yana olti oy o‘tgan bo‘lsa-da, uning natijalari haqida jabrlanuvchi tomonga hech qanday xabar berilmagan.

XS
SM
MD
LG