Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:28

Hisobot: Tramp saylov shtabi hakerlikda Rossiya emas, Ukrainani ayblashga uringan


AQSh prezidenti saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort, 27 iyun, 2019 yil
AQSh prezidenti saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort, 27 iyun, 2019 yil

AQSh prezidenti Donald Tramp saylov shtabining sobiq rahbari Pol Manafort Milliy demokratik qo‘mita kompyuter serveriga qilingan hujum uchun Rossiya emas, balki Ukraina mas’ul, degan fikrni 2016 yilning yozidan boshlab targ‘ib qila boshlagan.

Bu haqda 2 noyabr kuni yoyinlangan hujjatlardan ma’lum bo‘ldi.

AQSh Adliya vazirligi Myuller tergovi doirasida to‘plangan 500 sahifadan iborat intervyular, elektron maktublar va boshqa hujjatlarni jamoatchilikka oshkor qildi.

Hujjatlarda yozilishicha, Manafortning ushbu teoriyasi haqida, Tramp saylov kampaniyasi rahbarining o‘sha paytdagi o‘rinbosari Rik Geyts ma’lum qilgan.

U Federal tergov byurosiga, AQSh prezidenti sayloviga Rossiyaning aralashuvini o‘rgangan maxsus prokuror Robert Myuller yetakchiligidagi tergov davomida, shunday ko‘rsatma bergan.

Yangi hujjatlar tufayli Tramp jamoasi a’zolari avval ishonilgandan ancha ertaroq Ukrainani ayblash taklifini o‘rtaga tashlagani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, yangi qo‘lga kiritilgan hujjatlar tufayli o‘z yakuniga yetgan Myuller tergovi hamda Trampga qarshi AQSh Demokratik partiyasining Kongressdagi namoyandalari olib borayotgan impichment tergovi o‘rtasidagi bog‘liqlik ham oshkor bo‘ldi.

Aprel oyida e’lon qilingan hisobotida Myuller Rossiya 2016 yilgi saylov arafasida olib borilgan saylov kampaniyasi davomida Rossiya Demokratik partiya a’zolarining hakerlik hujumlari yordamida qo‘lga kiritilgan maktublari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng ko‘lamli dezinformatsiya kampaniyasi yordamida Tramp saylovda g‘olib chiqishi uchun kurashganini xulosa qildi.

Rossiya saylovga aralashganini rad etib keladi. Trampning o‘zi ham Kreml bilan til biriktirgani haqidani ayblovni tan olmaydi.

Rossiyaning saylovga aralashgani haqidagi iddaolar tufayli AQSh Rossiyaga nisbatan qator sanksiya joriy qildi. Ammo Tramp Vashington va Moskva o‘rtasidagi aloqalar yaxshilanayotganini aytib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinni kuchli yetakchi o‘laroq olqishlab keladi.

Tramp va uning atrofidagilarning Rossiya emas, Ukrainani ayblash rejasi, pirovardida, hozirgi kunda prezidentga qarshi olib borilayotgan impichment surishtiruviga sabab bo‘ldi.

AQSh Kongressining demokrat a’zolari Trampni joriy yilning iyulida telefonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni 2020 yilgi prezident saylovida asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan demokrat Jo Bayden va uning o‘g‘lini tergov qilishga undaganlikda ayblamoqda.

Ayblovga ko‘ra, Tramp Zelenskiy bu talabni bajarmasa, Ukrainaga va’da qilingan harbiy yordam to‘xtatib qo‘yilishini aytib, tahdid solgan.

AQSh prezidenti hech qanday nojo‘ya ish qilmaganini aytib, impichment surishtiruvini “uydirma” deya ta’riflab keladi.

Tramp Zelenskiy bilan qilgan telefon suhbati davomida Milliy demokratik qo‘mita serveri haqida ham so‘ragan.

Geytsning Federal qidiruv byurosiga bergan ko‘rsatmasidan ma’lum bo‘lishicha, saylov shtabi a’zolari, Trampga demokratlardan raqib Hillari Klintonning yanada ko‘proq elektron maktubini qo‘lga kiritishda Maykl Flin ko‘maklasha olishiga ishongan.

Tramp saylovda g‘olib chiqqanidan keyin Flinn milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi etib tayinlandi, ammo u bir necha hafta ichida xizmatidan chetlatildi.

2017 yilning dekabrida Flinn Federal tergov byurosiga Rossiya rasmiylari bilan uchrashuvlari va suhbatlari haqida yolg‘on ko‘rsatma berganini tan oldi va o‘zi ustidan mahkama eshituvida tergov bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Uning ishi bo‘yicha jazo hukmi hali chiqarilgani yo‘q.

Shuningdek, Myuller tergovi natijasida, Pol Manafort moliyaviy jinoyatlarda ayblanib, sud qilindi va 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

XS
SM
MD
LG