Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:29

Mirziyoyevning kuyovlari qizil kitobga kirgan noyob qushni ovlagan valiahd shahzodaga ziyofat berdi


Ahmed Jaber Al-Harbining rasmiy ochiq Instagram sahifasidan olindi. Surat prezident kuyovlari va BAA mulozimlari ishtirokidagi ziyofatdan olingan.
Ahmed Jaber Al-Harbining rasmiy ochiq Instagram sahifasidan olindi. Surat prezident kuyovlari va BAA mulozimlari ishtirokidagi ziyofatdan olingan.

1 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning kuyovlari - Oybek Tursunov va Otabek Umarov Dubay valiahd shahzodasi Hamdam bin Muhammad al-Maktumga ziyofat berdi. Oldinroq 36 yoshli valiahd shahzoda o‘z lochinlari bilan Navoiy viloyatida yo‘rg‘a tuvaloqlarni ovlagan edi.

Valiahd shahzoda O‘zbekistonga safari aks etgan videolavhani Tvitter sahifasiga joylashtirdi.

Ovdan keyingi ziyofat rasmlarini esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov Instagram’dagi o‘z sahifasida e’lon qildi.

Instagram suratlarida dubaylik oliymaqom mehmon, safar davomida unga hamrohlik qilganlar, prezidentning ikki kuyovini ko‘rish mumkin.

VIP salondagi xos lochinlar

Xalqaro qizil kitobga kiritilgan yo‘rg‘a tuvaloqlarni ov qilgan shayxning o‘nlab lochinlari O‘zbekiston havo yo‘llari uchog‘ining biznes salonida Toshkentdan qaytib ketayotgan videosi 1 noyabr kuni tarmoqlarda bahslarni uyg‘otdi.

Tabiatni muhofaza qilish xalqaro uyushmasi Qizil kitobiga kiritilgan noyob qushni O‘zbekistonda ov mavsumida donasiga 6000 AQSh dollari to‘lagan holda ovlashga izn bor.

O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining matbuot bilan gaplashish vazifa doirasiga kirmagani uchun ismi ochiqlanishini istamagan mulozimiga ko‘ra, "arab shayxlari maxsus ruxsatnoma bilan ov qilganlar"

Ayni paytda shayxlarning tuvaloqlarni ovlash uchun pul to‘lagani haqida qo‘mita mulozimida aniq ma’lumot yo‘q.

"Ber pulni o‘ldir qulni"

Chexiyalik tarjimon va xayvonsevar Petr Kubalekning (Petr Kubalek) Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ tuvaloq Chexiya va Slovakiyada ham bor:

- Ammo bu tuvaloqlar davlatning qattiq himoyasiga olingan. Biror arab shayxi million dollar to‘lasa ham, Chexiya va Slovakiyada bitta tuvaloqni otishga izn berilmaydi. Kimdir otsa qamoqqa olinadi. Ammo O‘zbekiston va Qozog‘iston kabi davlatlarda pul evaziga noyob hayvonlarni ovlashga izn berilganini bilaman. Bu salbiy xolat bundan oldin Afrika qit’asida bor edi. Shu bois ko‘pgina noyob hayvonlar qirilib ketgan¸ dedi Petr Kubalek.

Petr Kubalek Ozodlik muxbiri ko‘zi o‘ngida tuvaloqlar erkin tabiatda mavjud bo‘lgan Navoiy va Qoraqalpog‘istondagi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarmalariga qo‘ng‘iroq qildi.

Bu boshqarmadagilar Kubalek bilan suhbatda "pulini to‘lab, ruxsat olib, tuvaloqlarni otish mumkin"ligini tasdiqlashdi.

Agar chex ovchilari Toshkentda bir tuvaloqqa izn olishsa, ko‘proq tuvaloq ovlash masalasini “na meste” hal qilamiz,” deya va’da berdi o‘zbek mulozimlaridan biri.

Qo‘mita xodimlariga ko‘ra¸ ov mavsumi 25 sentabrda boshlangan va yil oxiriga qadar davom etadi.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Qoraqalpog‘istondagi mulozimi chex hayvonsevari Petr Kubalek bilan suhbatda “Mo‘ynoq hamda Qo‘ng‘irot tumanlarida tuvaloq ovini tashkil qilib berishga va’da beraman”, dedi.

Ammo, mulozimning ta’kidlashicha¸ buning uchun avval “Toshkentdagi qo‘mitadan ruxsat olib, to‘lov qilish kerak”.

Valiahd shikorxonasi

Navoiy viloyati hokimligi investitsiyalar, innovatsiyalar, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari hamda turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati xodimining Ozodlikka aytishicha, Shayx Hamdam ibn Muhammad Al-Maktum 13 oktabrdan boshlab o‘z lochinlari bilan viloyatda ov qilgan.

"Shayxning ovi viloyat ekoturizmi uchun yaxshi reklama" bo‘lishini aytgan mulozimga ko‘ra¸ Navoiy shahridan qariyb 50 kilometr uzoqlikdagi cho‘lda 300 gektar yer maydonini egallagan “Amirliklarning yo‘rg‘a tuvaloqni asrash markazi” (AYTAM) joylashgan.

Mulozimning ta’kidlashicha¸ bu markaz yo‘rg‘a tuvaloqlarning tabiatdagi sonini qayta tiklashni maqsad qilgan.

Chexiyalik hayvonsevar Petr Kubalek "hayvonlarni asrash shirmasi" ortida hayvonlarni qirish amaliyoti yuz berayotganidan tashvish bildirdi.

Qo‘shnilarda ham shu ahvol

Oktabr oyida Qozog‘iston hukumati uch nafar Birlashgan Arab Amirliklari va bir nafar qatarlik shayxlar uchun 131 tuvaloqni ovlashga ruxsat bergandi.

Ozodlikning Ostonadagi muxbiriga ko‘ra, arab shayxlari o‘z lochinlari yordamida 131 tuvaloqni ovlash evazida 82 million tenge ya’ni 225 ming dollar to‘laganlar.

Qozog‘istonning arab shayxlariga bunday ruxsat bergani mamlakat OAVida tanqidlarga sabab bo‘ldi.

Ov olqishlandi

Shayxlarning O‘zbekistonda ov qilishini mahalliy matbuot va blogerlar ijobiy qarshiladi.

O‘zbekiston ovchilar uyushmasi a’zosi 48 yashar Bahrom Suvonqulov shayxlarning O‘zbekistonda ov qilishini olqishladi:

-O‘nta qushni otgani uchun to‘lagan puliga mingta qushni qutqarish uchun sharoit yaratiladi.

Ayni paytda Bahrom Suvonqulov yovvoyi tuvaloqlarning emin-erkin yashab rivojlanishi uchun aynan qanday sharoit yaratilgani haqida biror fikr ayta olmadi.

Noyob qush

Yo‘rg‘a tuvaloqlar noyob qush turi sifatida O‘zbekiston Qizil kitobiga 2009 yilda kiritilgan.

Ular Qizilqum cho‘llarida yashaydi.

Ularning soni va yashash maydoni 1960-yillardan boshlab qisqara boshlagan.

Tuvaloq qushi Vazirlar Mahkamasining "Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, noyob va yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlar safiga kirgizilgan.

XS
SM
MD
LG