Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:34

Uyg‘urlar muammosi bilan shug‘ullanuvchi olim O‘zbekistonga kiritilmadi


Y.Bunin 10 yil Shinjonda tadqiqot olib borgan
Y.Bunin 10 yil Shinjonda tadqiqot olib borgan

Shu yilning 1 noyabrida Olma-Otadan uchib kelgan tilshunos olim, yozuvchi va uyg‘ur tili tarjimoni Yevgeniy Bunin Toshkent aeroportidan ortga qaytarib yuborildi.

Ozodlik bilan suhbatda Bunin o‘zining O‘zbekistonga kiritilmaganini olib borayotgan ilmiy izlanishlariga bog‘liq ekaniga ishonishini aytdi.

Yevgeniy Bunin o‘zbek chegarachilari tomonidan hech qanday izohsiz O‘zbekistonga kiritilmagan navbatdagi xorijliklardan biridir.

Yevgeniy Bunin: Men uyg‘urlar masalasi bilan shug‘ullanaman

2019 yilning 1 noyabrida yana bir xorijlik - uyg‘ur tili sohasida ilmiy izlanishlar olib boruvchi mustaqil olim, tarjimon va yozuvchi Yevgeniy Bunin O‘zbekistonga kiritilmadi.

U shu kuniyoq uchoqda ortga, Qozog‘istonning Olma-Ota shahriga qaytarib yuborildi.

Ozodlik savollariga bu haqda javob bergan Yevgeniy Buninga ko‘ra, o‘zbek chegarachilari nima sababdan unga O‘zbekistonga kirish taqiqlangani sabablarini bilmasligini aytgan.

- Men, asosan, Qozog‘istonda yashayman, lekin qishni O‘zbekistonda o‘tkazaman, chunki juda yoqadi u yerda. Buxoroga borish niyatim bor edi. Kunduz kuni uchib keldim va pasport nazoratidan o‘tayotganimda pasportimni olib, o‘tirib turishimni aytishdi. Xullas, bir qancha vaqtdan keyin meni uchish zonasiga olib o‘tib, Olma-Otaga qaytarishayotganini bildirishdi. Kirishga taqiq bor ekan menda, ammo sababini “Tashqi ishlar vazirligidan so‘rang, biz oddiy chegarachilar, bilmaymiz” deya tushuntirishdi, dedi Yevgeniy Bunin.

Chegarachilar unga “Siz o‘zingiz bilsangiz kerak nega O‘zbekistonga kiritilmaganingizni!”, deya, qo‘liga deportatsiya to‘g‘risida qog‘oz tutqazgan.

Yevgeniyning Ozodlikka taqdim etgan rasmiy javobida “Mazkur hujjat egasiga O‘zbekiston Respublikasiga kirish taqiqlandi” deyilgan. Shuningdek, aktda Olma-Ota shahriga qaytarilib, Buninni “qayta tekshirish uchun qabul qilib olish, zero unga O‘zbekiston Respublikasiga kirish taqiqlangani” aytilganini ko‘rish mumkin.

Yevgeniy Buninga Toshkent aeroportida tutqazilgan deportatsiya hujjati
Yevgeniy Buninga Toshkent aeroportida tutqazilgan deportatsiya hujjati

Tadqiqotchi Yevgeniy Bunin O‘zbekistonga kiritilmaganini o‘zining olib borayotgan ilmiy izlanishlari bilan bevosita bog‘liq ekaniga ishonishini aytdi:

- Men bu holat mening faoliyatim bilan bog‘liq ekaniga 100 foiz ishonaman, chunki boshqa sabab bo‘lishi mumkin emas! Men o‘tgan qishda O‘zbekistonda 3-4 oy yashaganman, mahalliy siyosatga mutlaqo aralashmaganman. Men u yerda o‘zimning Shinjon-Xitoy muammolari bilan mashg‘ul edim, xolos.

Ozodlik bilan suhbatda u ikki oy oldin tarixchi va siyosatshunos Anvar Nazir taklifi bilan Toshkentda bo‘lib qaytganini ham yodga oldi.

- Men u tashkillashtirgan uchrashuvda bo‘ldim. 10-15 kishi mahalliy faollar bilan kechki atrofida yig‘ildik. Ular bilan Shinjon masalasida oddiy suhbat bo‘lib o‘tdi. Balkim shu masala yuzasidan menga O‘zbekistonga kirishga ruxsat berilmagandir, anig‘ini bilmadim.

Rossiyalik olimning aytishicha, hozirda u Shinjonda Xitoy siyosati qurbonlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini boshqarish va qurish bilan shug‘ullanadi.

Mustaqil olim, tarjimon va yozuvchi 34 yoshli Yevgeniy Bunin so‘nggi o‘n yil davomida uyg‘ur tilining Shinjon variantini o‘rganib chiqdi va shu vaqt davomida Uyg‘uristonda yashab keldi.

Yevgeniy Bunin bu ma’lumotlar shahit.biz saytiga to‘planib, o‘zbek rasmiylarini tashvishga solgan bo‘lishi mumkinligini ham inkor etmadi.

- Men taxminan bir yildan buyon bu ishni olib borayapman va Shinjondagi qurbonlar guvohliklari, ularning yaqinlari yoki g‘oyib bo‘lib ketgan odamlar to‘g‘risida ma’lumotlarni to‘playapman. Hozirga kelib bazada 5400 uyg‘uristonlik to‘g‘risida ma’lumot jamlangan. Xitoy uchun juda nozik bo‘lgan bu masala bo‘yicha men hozirda dunyoda sanoqli ekspertlardan biriman. Xitoy bilan yaxshi munosabatda bo‘lib kelayotgan O‘zbekiston hukumati uchun bu faoliyatimdan xatar sezilsa kerak deb o‘ylayman, dedi uyg‘urlar masalasi bo‘yicha mutaxassis Yevgeniy Bunin.

Rossiyalik olim bundan bir necha oy oldin maxfiy xizmat xodimlari Buxoroda ijarada yashab kelayotgan uy egalaridan u haqda ma’lumot yiqqani, so‘roqqa tutganini aniqlaganini ham qo‘shimcha qildi.

Yevgeniy Bunin, shuningdek, nima sababdan O‘zbekistondan deport qilingani masalasida mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga izoh talab qilib, murojaat qilishini bildirdi.

Uning ishonishicha, O‘zbekiston rasmiy idoralarining bunday xatti-harakatlari prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatga jahon hamjamiyati orasida jiddiy shubhalarni uyg‘otishi turgan gap.

O‘zbekistonga kiritilmaganlar soni oshmoqda

Yevgeniy Bunin oxirgi yillarda O‘zbekistonga kiritilmagan ko‘plab olim jamoatchilik faollari va jurnalistlardan biridir.

Xususan, Toshkent aeroportidan antropolog olim Sergey Abashin, taniqli fotosuratchi Konstantin Salomatin, Bi-Bi-Si Jahon Xizmati Markaziy Osiyo bo‘limi mudiri Hamid Ismoilov, O‘zbekiston parlamentining sobiq deputati, muxolifatdagi "Erk" partiyasining faoli Nasrullo Sayyid, AQSh fuqarosi Bobur Hasan, Bi-Bi-Si Jahon xizmatining Markaziy Osiyo bo‘yicha muxbiri Natalya Antelava¸ “Novaya gazeta” (Rossiya) fotomuxbiri Viktoriya Ivleva, BBC Monitoring guruhi xodimasi Bagila Buxarbayeva (Qozog‘iston), qirg‘izistonlik taniqli huquq faoli To‘lekan Ismailova ham sababi ko‘rsatilmasdan ortga qaytarilgani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

Tadqiqotchi Yevgeniy Bunin O‘zbekistondan chiqarib yuborilgan 1 noyabrda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi raisi Li Ketsyan O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida u “ikki mamlakatning o‘zaro ochilishi ikki tomonlama munosabatlar rivojlanishi va har taraflama foydaga erishishga imkon yaratishi” borasida gapirdi.

Li Ketsyan 1-2 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorligi tashkiloti (ShHT) hukumat rahbarlari yig‘ilishida ishtirok etib, Xitoy O‘zbekiston bilan “mintaqaviy xavfsizlik masalasida” hamkorlik qilishga qiziqishi borligini ochiqladi.

Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi milliy ozchiliklarning taqib qilib kelinayotgani, bir millionga yaqin musulmonning “qayta tarbiyalash lagerlari”da saqlanayotgani xalqaro hamjamiyatning diqqat markazida qolayotgan mavzulardan biri bo‘lmoqda.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo 22 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida qilgan nutqida so‘nggi ikki yil ichida Xitoyda 1 milliondan ko‘proq uyg‘ur va boshqa musulmon millatlar qayta tarbiyalash lagerlarida saqlanayotganini ta’kidlab, bu holatni “musulmonlarni o‘z madaniyati va e’tiqodidan voz kechirishga harakat qilish”, deb baholagan.

XS
SM
MD
LG