Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:26

Paxtaga majburiy chiqarilgan o‘qituvchilardan “o‘z xohishim bilan” degan ariza olindi


Karmana tumanidagi 30-maktab o‘qituvchilari paxta terimiga majburan chiqarildi
Karmana tumanidagi 30-maktab o‘qituvchilari paxta terimiga majburan chiqarildi

Navoiy viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi 6 noyabr kuni Karmana tumanidagi 30-maktab o‘qituvchilarining paxta terimiga majburan chiqarilganini inkor etib, o‘qituvchilarning o‘z xohishlari bilan paxta tergani chiqqani haqida rasmiy bayonot berdi.

Bu bayonotni o‘qigan maktab o‘qituvchilarining aytishlaricha, ular har yakshanba kuni va kuzgi ta’tilda direktor tazyig‘i bilan paxta terishga majburan chiqarilgan.

Viloyat va tuman xalq ta’limidan kelgan tekshiruvchilarga esa o‘qituvchilar maktab direktori nigohi ostida “o‘z xohishlari” bilan terimga chiqqanini yozib berganlar.

Maktab direktori o‘qituvchilar terimga chiqarilgani haqidagi anonim so‘rovnomani yozayotganda u xonada bo‘lmaganini iddao qilmoqda.

Karmana tumanidagi 30-umumta’lim maktabidan bir guruh o‘qituvchilarning Ozodlikka yuborgan maktubida kuzgi ta’til boshlangani bilan ular majburan paxta terimiga chiqarilgani yozilgan:

Ammo maktab direktori qirqqa yaqin kollektivni paxta terimiga haydadi


“Navoiy viloyati Karmana tumani 30-maktab jamoasi nomidan yozmoqdamiz. 4-11 noyabr kunlari o‘quvchilar kuzgi ta’tilga chiqdi. Biz – o‘qituvchilar ham ta’tildan foydalanib, ozgina nafas rostlaymiz, kelgusi chorak darslariga tayyogarlik ko‘ramiz deb niyat qilgan edik. Ammo maktab direktori barcha pedagog-o‘qituvchilar – qirqqa yaqin kollektivni paxta terimiga haydadi. Xalq ta’limi va Mehnat vazirligi ushbu holat bo‘yicha chora ko‘radi degan umiddamiz”

Bu maktub Ozodlikka 5 noyabr kuni kelib tushgan.

O‘qituvchilar o‘z maktublariga dalada tushgan rasmlarni va terimga majburlangan 39 nafar o‘qituvchi ro‘yxatini ham taqdim qilgan.

Karmana tumanidagi 30-maktabidan paxtaga majburan chiqarilgan o‘qituvchilar ro‘yxati
Karmana tumanidagi 30-maktabidan paxtaga majburan chiqarilgan o‘qituvchilar ro‘yxati

O‘qituvchilar paxta terimiga majburan chiqarilgani haqidagi rasmlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganidan so‘ng, 6 noyabr kuni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, tuman xalq ta’limi bo‘limidan maxsus komissiya kelib vaziyatni joyida o‘rganishga harakat qilgan.

6 noyabr kuni maktab direktori o‘qituvchilarga paxtaga chiqmaslikka, ish o‘rinlarida bo‘lish haqida farmoyish bergan.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan birining aytishicha, tekshiruvchilar guruhi o‘qituvchilardan anonim so‘rovnomani to‘ldirib berishni so‘ragan:

Maktab direktori aylanib kim qanday so‘rovnomani to‘ldirayotganini kuzatib turdi


“Bu yog‘i endi odatdagi spektakl bo‘ldi. Yuqori tashkilotlardan kelgan tekshiruvchilar kim internetga qo‘ydi bu rasmlarni, sizlar xohishlaringiz bilan chiqqansizlar, shart emas edi internetga qo‘yish, paxta milliy boyligimiz kabi gaplarni aytishdi. Keyin hamma o‘qituvchilarga so‘rovnoma berishdi. So‘rovnomada majburladimi, o‘z ixtiyoringiz bilan chiqdingizmi, kim majburladi degan savollar bor edi. Lekin, maktab direktorimiz aylanib kim qanday so‘rovnomani to‘ldirayotganini kuzatib turdi. Bunday holatda kim ham majburladi deb yozardik, hammamiz o‘z ixtiyorimiz bilan degan joyiga chizib berdik. Shu bilan spektakl tugadi”

Karmana tumanidagi 30-maktab o‘qituvchilari paxta terimiga majburan chiqarildi
Karmana tumanidagi 30-maktab o‘qituvchilari paxta terimiga majburan chiqarildi

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa o‘qituvchining aytishicha, paxta mavsumi boshlangandan beri dam olish kunlari ham ular majburan paxta terimiga chiqarilgan:

“Karmana tumani Narpay QFYdagi “Qurbon Tohir” fermer xo‘jaligida paxta terdik. Direktor paxtaga chiqish yoki hasharchi uchun kuniga 35 ming so‘mdan berishni talab qildi. Noiloj, yosh bolalarimizni tashlab dalaga chiqdik. Hatto homilador hamkasblarimiz ham paxta terishga majbur bo‘ldi. Dardimizni kimga aytishni bilmadik"

Karmana tumanidagi 30-maktab direktori Kamola Temirova Ozodlik bilan suhbatda, o‘qituvchilarning paxta terimiga majburan chiqarganini inkor qildi va so‘rovnoma paytida sinfda bo‘lmaganini iddao qildi:

“Bu voqea 27 oktabr, yakshanba kuni sodir bo‘lgan. Olti nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarimiz o‘zlari tashabbus ko‘rsatib, mening hech qanday xabarim yo‘q, paxta tergani chiqishgan. Fermer Qurbonov Zoyir aka sizlar o‘qituvchilarsiz, sizlarga terish mumkin emas, deb kirgizmagan. Lekin bular sizlarga ozgina yordam beraylik deb iltimos qilishgan. Bo‘lgan voqea shu, bizlarda majburiy mehnat yo‘q. Bugun o‘qituvchilardan so‘rovnoma olinganda men u xonaga kirganim ham yo‘q va u so‘rovnoma qaysi sinfda olinganini ham bilmayman”

O‘zbekistonda majburiy mehnat taqiqlangan bo‘lsa-da, Ozodlikka kelayotgan xabarlarda byudjetdan maosh olib ishlaydigan korxona va tashkilotlar xodimlarini paxta terimiga majburan jalb etish davom etayotgani ko‘rinadi.

Xabarlarda majburiy mehnat borligi foto va videolar bilan isbotlangan bo‘lsa-da, lekin tashkilotlar rahbarlari zo‘r berib bu faktlarni inkor qilishga urinmoqda.

Jumladan, “Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti o‘quvchilari ham 19 oktabrdan buyon Uchqo‘rg‘on tumanidan paxta terayotgani haqida Ozodlikda maqola chiqqach, “Vatanparvar” tashkilotining Namangan viloyat kengashi buni rad etib, hatto “axborot shantaji” deb atagan edi. Ammo, ularning yozishicha, "biz hali ham paxta maydonidamiz...”

Toshkent viloyati Ohangaron tumani “G‘allaquduq” MFY Quruvchilar ko‘chasida joylashgan 48-manzil koloniyasidan yozgan mahkumlarga ko‘ra, IIV jazoni ijro etish boshqarmasiga tegishli koloniyada jazo o‘tayotgan mahkumlar paxta terimiga olib chiqmoqda. Mahkumlardan biri xotinining aytishicha, 80 kilo normani bajarmagan aristonlarga koloniya nozirlari jazo qo‘llamoqda...”

XS
SM
MD
LG