Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:31

O‘zbek rassomi yaratgan choponlar kolonial o‘tmishga ko‘zgu tutdi


Rassom Dilora Qaipova asari
Rassom Dilora Qaipova asari

Toshkentdagi ZERO LINE galereyasida o‘zbek rassomi Dilora Qaipovaning "Janubning Shimolga yog‘dusi" ko‘rgazmasiga qo‘yilgan choponlarda bugun "mustaqil" deya ulug‘lanayotgan mamlakat yaqin o‘tmishda Rossiya mustamlakasi bo‘lgani aks etgan.

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan chopon va kashtalarda "Turkiston mustamlakachilari" olib kelgan ramzlar o‘rin olgan.

"Oq ayiqlar", "Sputnik - yer yo‘ldoshi" Maksim Gorkiy va Pushkin tasvirlari aks etgan choponlar ko‘rgazma kuratori rassom Vyacheslav Oxunovga ko‘ra¸ bu asarlar "rus-sovet ishg‘oli qarshisiga hushomad bilan chiqqanlarning vizual timsolidir".

Rassom Dilora Qaipovaning o‘zi Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek madaniyati rus mustamlakasi va Sovet mafkurasi ostida qanday deformatsiyaga uchragani haqida gapirdi:

- Biz o‘tmishda mustamlaka bo‘lib kamsitilganimiz va "sobiq Sovet respublikasi" maqomida bo‘lganimizdan uyalamiz. Ammo bizda bugungi kimligimiz haqida aniq bilgi yo‘q. Yotlar egnidagi kostyumni yulib olib, kiyganimiz bilan o‘zgarib qolmaymiz. Biz o‘tmishdan uyalish o‘rniga o‘z taraqqiyot yo‘limiz va o‘zlikni ifoda qilish yo‘llarini izlasak bo‘lardi.

O‘zbekni o‘tmishdan ayirgan ustun

Ko‘rgazmaga qo‘yilgan kashtada paxta va kiyiklar qurshovida turgan SSSRning oxirgi rahbari Mixail Gorbachyov portreti o‘rin olgan.

Rassomning ta’kidlashicha, bu portret o‘tmishga sakrash uchun o‘ziga xos tramplin vazifasini o‘taydi.

- Gorbachyov kashtasi o‘tgan asrning 60-90 yillardagi kashtachilik imitatsiyasidir. Kashtada Gorbachyov tasviri o‘ziga hos "vaqt markeri" bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, Gorbachyov tasviriga tayanib "bo‘shliqqa sakrash" mumkin. Bu sakrash ortidan siz yangi so‘qmoqlarni qidirib tushib qolganingiz voqelikni tanqidiy tafakkur qilishga majbur bo‘lasiz.

Dilora Kayipovaning aytishicha, kashtalarda aks etgan Gorbachyov - uning ilhom manbai.

O‘tgan asrning 90-yillarida O‘zbekiston bozorlarida "Gorbachyov siypaladi" degan gazlama sotilardi.

"Rekolonizatsiya" fonida

Toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev Toshkentdagi ko‘rgazma Mirziyoyev davrida boshlangan "rekolonizatsiya" ("mustamlakachilikka qaytish") fonida yuz berayotganiga e’tibor qaratdi:

- Toshkentni bosib olishda o‘lgan rus bosqinchi askarlari xotirasiga bundan 150 yil oldin qurilgan butxona davlat hisobidan ta’mirlanmoqda. "Rossotrudnichestvo" tashkiloti Toshkentni bosib olgan generallarni ulug‘lab kunora tadbirlar o‘tkazayotgan bir paytda kolonial o‘tmishni fosh qiluvchi ko‘rgazmaning tashkil qilinganini olqishlayman, deydi san’atshunos.

Turdiyevga ko‘ra¸ odamlar xalq amaliy san’ati vositasida yangi hukmdorlarga xushomad qilganlar:

- Muzeylarda saqlangan xalq-amaliy san’ati namunalarida¸ xususan, Xorazm ayollari taqqan "osma duzi¸ manglay duzi va ko‘krak duzi" degan taqinchoqlarda Nikolay ikkinchi tasvirlangan. Bundan tashqari Rossiya gerbidagi ikki boshli burgut aks etgan gilam va sholchalar to‘qilgan¸ deydi suhbatdosh.

Turdievga ko‘ra, ayni an’ana Sovet davrida ham davom etdi.

Xiva gilamdo‘zlari endi Stalin¸ Malenkov¸ Xrushchev va Brejnev portretlarini to‘qiy boshlashdi.

Mustamlakachilikka ta’zim qilgan qumg‘onlar

1937 yil Xivada fransuz kinochilari suratga olgan "Pate-jurnal" (Pathé-journal) da qumg‘on yasayotgan kandakorlar aks etadi.

Qumg‘onda esa besh qirrali yulduz va uning atrofida Stalinning “Kadrlar hamma narsani hal qiladi” degan so‘zlari yozilgan.

Bu so‘zlarni o‘sha davr mashhur naqqoshlaridan biri Ota Polvonov yog‘och ustunga o‘yib yozgan.

Ustun shaxsga sig‘inish ramzi sifatida hozir ham Toshkent davlat San’at muzeyida saqlanmoqda.

Ko‘rgazma kuratori Vyacheslav Oxunovning aytishicha¸ “Paxta” naqshi ham mustamlaka davrida o‘ylab topilgan.

- Paxta mustamlakachilik va uning siyosiy iqtisodining eng asosiy qurollaridan biriga aylangan edi. Paxta gulli choynak piyolalar o‘sha mustamlakachilar olib kelgan paxtani ulug‘lash vositasi bo‘ldi¸ deydi suhbatdosh.

Qurolga aylangan Pushkin

Ko‘rgazmadan o‘rin olgan yana bir asarda rus shoiri Aleksandr Pushkin tasvirlanadi.

Rassom Vyacheslav Oxunovning aytishicha, Pushkin Rus imperiyasining mustamlaka o‘lkalarni ruslashtirish yo‘lidagi quroli bo‘lgan.

- Har shaharda Pushkin parklari¸ Pushkin nomidagi maktablar bor. Mustamlakachilik ishg‘ol qilingan xalqlarni o‘z madaniy tiliga bo‘ysundirish uchun Pushkinni qurol qildi.

Toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyevning ishonishicha¸ chopon o‘zbek rituallarida xushomad vazifasini o‘taydi:

- Mehmonga chopon kiydiriladi. Podsholar o‘z itoatli qullariga to‘n sovg‘a qilganlar. Odamlar egnidagi to‘ni ularning qaysi tabaqaga oidligidan habar bergan. Jamiyat odam aql-zakovati emas, balki to‘niga qarab baho bergan. Dilora Kaipova xuddi shu choponlarni kolonial o‘tmishga ko‘zgu kabi tutdi¸ deydi san’atshunos.

Dilora yo‘li

Rassom Dilora Qaipova Toshkentda tug‘ildi.

Benkov nomli rassomlik bilim yurtining badiiy grafika bo‘limini tugatdi.

So‘ngra Muqimiy nomli musiqali teatrda rassom bo‘lib ishladi.

Dilora Qaipova ijodiga O‘zbekiston tashqarisida qiziqish katta.

Uning asarlari chet eldagi xususiy kolektsionerlar tarafidan sotib olingan.

Rassomning o‘tkan oy Toshkentda tashkillashtirgan "Captain Ikat"ko‘rgazmasida taqdim qilgan o‘zbek choponlarida "Betman", "Arvoh " kabi g‘arb komikslari qahramonlari o‘rin olgandi.

Mazkur komikslar qahramonlari ham o‘zgarayotgan o‘zbek zehniyatiga ishora qiladi.

XS
SM
MD
LG