Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 06:27

Sumkasidan ayol kishining chopilgan qo‘llari chiqqan taniqli rus tarixchisi qo‘lga olindi


Napoleon Bonapart shaxsini o‘rgangan tarixchi Oleg Sokolov.
Napoleon Bonapart shaxsini o‘rgangan tarixchi Oleg Sokolov.

Sankt-Peterburgda 63 yashar shaxs daryoda cho‘kayotgan paytida, dahshatli topilma bilan birga, qutqarib olindi.

Uning yonidagi ryukzakda ayol kishining tanasidan chopib olingan qo‘llari topilgan.

Ryukzakda, shuningdek, o‘qotar qurol ham bo‘lgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi 63 yoshdagi shaxs 9 noyabr kuni Moyka daryosidan qutqarib olinganini ma’lum qildi.

Rasmiylarga ko‘ra, gumonlanuvchi gipotermiyaga yo‘liqqani uchun shifoxonaga yotqizilgan.

Mahalliy matbuot qo‘lga olingan shaxs Sankt-Peterburg davlat universiteti tarixchisi ekani haqida xabar qildi.

Napoleon Bonapart shaxsini o‘rgangan tarixchi - Oleg Sokolov Fransiyaning Faxriy legion ordeni bilan taqdirlangan.

“Fontanka“ nashrining politsiyadagi manbalarga tayangan holda xabar berishicha, gumonlanuvchi qo‘lidagi ryukzakni daryoga uloqtirayotib mast bo‘lgani uchun suvga qulab tushgan bo‘lishi mumkin.

O‘zini Sokolovning advokati, deb tanishtirgan Aleksandr Pochuyev o‘z mijozi tergov bilan kelishuv bitimini imzolaganini aytdi.

- Agar bunday jirkanch jinoyat mijozim tan olganidek chindan sodir bo‘lgan bo‘lsa, u bir necha kuchli unsur, balki patologik mastlik yoki vaqtincha aqldan ozish ta’sirda sodir bo‘lgan, - degan Pochuyev.

- Hali hukm chiqarilgani yo‘q. Ungacha Rossiya jinoiy kodeksiga binoan gumonlanuvchini aybdor, deb hisoblash man etiladi, - deya qo‘shimcha qilgan advokat.

“TASS“ agentligi, politsiya manbalariga tayangan holda, halok bo‘lgan ayol Sokolovning Krasnodar viloyatidan kelgan Anastasiya Yeshchenko ismli talabasi bo‘lishi mumkinligini xabar qildi.

Xabarlarga ko‘ra, Yeshchenko Sokolov bilan Napoleonning harbiy mahorati bo‘yicha hamkorlikda ilmiy ish yozgan.

Politsiya gumonlanuvchining uyida o‘tkazilgan tintuv davomida 24 yoshli ayolning bo‘lak-bo‘lak qilib maydalangan tanasini hamda arra topilganini bildirdi.

2003 yilda Fransiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Jak Shirak Sokolovni Fransiyaning eng oliy harbiy bo‘lmagan sovrini hisoblanuvchi Faxriy legion ordeni bilan taqdirlagan edi.

Sokolov tarixiy fanlar nomzodi hamda dotsentdir.

Sokolov 1976 yilda Sovet Ittifoqidagi ilk harbiy-tarixiy qayta qurish va sahnalashtirish guruhiga asos solgan.

Hozirgi kunda tarixchi olim Rossiya harbiy tarix jamiyatiga yetakchilik qiladi. Ushbu guruh Napoleon urushlarini sahnalashtirish bilan shug‘ullanib keladi.

XS
SM
MD
LG