Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:41

200 000 000 so‘mdan ortiq davlat pulini o‘zlashtirgani uchun sudlangan kollej direktori o‘z vazifasida ishlamoqda


Jizzax viloyat, Mirzacho‘l tumanidagi Agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji direktori Sherzod Mamatqulov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi kabi jinoyatlar nazarda tutilgan moddalari bilan ayblanib sud qilingan bo‘lsa-da, lavozimidan chetlatilmadi.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan o‘qituvchilar, o‘z iddaolariga dalil sifatida Moliya nazorat boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament tekshiruvchilari dalolatnomalari, sud hukmi va boshqa hujjatlarni Ozodlikka taqdim etdi.

Kollej direktori Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortib, aloqani uzib qo‘ydi.

Jizzax viloyat O‘rta maxsus ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Bobur O‘sarov, Ozodlikka shaxsini tasdiqlagandan so‘ng, savolni eshitib, o‘zini O‘sarov emasligini aytib, aloqani uzdi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining ish telefoni bloklangani uchun, bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Mirzacho‘l tumanidagi Agroiqtisodiyot kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan Orif O‘rolovning Ozodlikka aytishicha, kollej rekonstruksiyasiga ajratilgan mablag‘ va o‘qituvchilarga beriladigan yordam pullari direktor tomonidan o‘zlashtirilgani tekshiruvlardan keyin aniqlangan va sud bo‘lib o‘tgan bo‘lsa-da, kollej rahbariyatiga hech qanday jazo ko‘rilmagan:

155 million so‘mni moddiy yordam deb uch kishining plastik kartochkasiga tashlab berilganini aniqladi.


“Biz rekonstruksiyaga ajratilgan pullar talon-toroj bo‘layotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizdan keyin departamentga ariza yozdik. Moliya va departament tekshirganidan keyin 53 million so‘m noqonuniy ishlatilgani aniqlandi. Lekin hech qanday chora ko‘rilmadi. Bundan 6 oy o‘tganidan so‘ng yana bir o‘qituvchimiz yozdi. Keyin Jizzax viloyati departamenti tekshirdi va 155 million so‘mni moddiy yordam deb uch kishining plastik kartochkasiga tashlab berilganini aniqladi. O‘sha yerda prokuratura buning ishi sud jarayonida dedi-da, qolgan tekshirishga to‘sqinlik qilib, departament tekshirishini to‘xtatib tashladi. Bu haqdagi hamma hujjatlar bizda bor. Lekin direktorga hech qanday chora ko‘rilmadi, davlatning shuncha pulini o‘marib, hech narsa bo‘lmaganday ishlab yuribdi”.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirzacho‘l tuman bo‘lim boshlig‘i U.Pardayevning tekshirish yakuniga oid ma’lumotnomasida kollej direktori Sherzod Mamatqulov va bosh hisobchi Xudoyor Xolbekovlar tomonidan 2017-2018 yillar davomida jami 113 milliondan ortiq so‘m noqonuniy xarajatlar va kamomadga yo‘l qo‘yilganligi yozilgan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirzacho‘l tumani bo‘lim boshlig‘i U.Pardayevning xulosasi
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirzacho‘l tumani bo‘lim boshlig‘i U.Pardayevning xulosasi

Departament o‘z xulosasida bu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167- moddasi, 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi lozim deb topgan.

Sud hukmidan nusxa
Sud hukmidan nusxa

Mirzacho‘l tuman Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudi 2019 yilning 8 aprel kuni bu ishni ko‘rib chiqib, direktor Sherzod Mamatqulov va bosh hisobchi Xudoyor Bolbekovni O‘zbekiston JKning uch moddasi bo‘yicha aybdor deb topgan:

(167-modda. O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish; 205-modda. Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish; 209-modda. Mansab soxtakorligi)

Biroq sud O‘zbekiston JKning 70-moddasi (Shaxsning ijtimoiy xavflilik xususiyatini yo‘qotishi munosabati bilan uni jazodan ozod qilish)ni qo‘llab, aybdorlarni jazodan ozod qilgan.

Sud hukmida direktor Sherzod Mamatqulov va bosh hisobchi Xudoyor Bolbekov tomonidan zararni qoplash uchun to‘langan 78 million 605 ming so‘m pul Mirzacho‘l tumani moliya bo‘limiga qaytarishi topshirilgan.

Moliya nazorat boshqarmasi tekshiruvi dalolatnomasi
Moliya nazorat boshqarmasi tekshiruvi dalolatnomasi

Kollejning sobiq o‘qituvchisi Orif O‘rolovning aytishicha, direktor bilan bosh hisobchi imzoni soxtalashtirib, uning nomiga olingan 1.722.400 so‘m rag‘batlantirishni o‘zlashtirib yuborgan:

Rekonstruksiya ishlariga 53 million so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilgani aniqlandi.


“Men imzom soxta ekanligi haqida tekishiruvchilarga aytdim. Ekspertiza qilib ko‘rishib, soxtaligini aniqlashdi. Bundan tashqari tekshirishda o‘qituvchi va ishchi xodimlarga direktor jamg‘armasi tomonidan 155 million so‘mdan ortiq mablag‘ talon-toroj qilingani, rekonstruksiya ishlariga 53 million so‘mlik bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilgani aniqlandi. Shuncha davlat mulkini talon-toroj qilgan bo‘lsa-da, bu sudda tasdig‘ini topgan bo‘lsa-da, direktor hech narsa bilmaganday joyida ishlab yuribdi. Aksincha meni va yana bir shikoyat yozgan o‘qituvchini dars soatlarimizni qisqartirib yuborib, ishdan ketishimizga majbur qildi”.

Orif O‘rolov imzosi soxtalashtirilgani haqida ekspert xulosasi
Orif O‘rolov imzosi soxtalashtirilgani haqida ekspert xulosasi

Kollejning yana bir o‘qituvchisi Alimboy Jihanovning aytishicha, u o‘qishga kelmagan o‘quvchilarga diplom berilganiga guvoh bo‘lgan:

“Men ham kollejdagi bu adolatsizlarga chiday olmay prokuraturaga shikoyat qildim. Tekshiruvchilar keldi, 155 million so‘m pul moddiy yordam, rag‘bat puli sifatida talon-toroj qilinganini aniqladi. O‘qishga kelmay diplom olgan o‘quvchilar ham fosh bo‘ldi. Lekin, hech qanday natija bo‘lmadi. Sudlangan rahbar o‘z ishini davom ettirmoqda”.

Kollej direktorining rag‘batlantirish haqidagi buyrug‘i
Kollej direktorining rag‘batlantirish haqidagi buyrug‘i

Kollej direktori Sherzod Mamatqulov Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilayotganimizni eshitganidan so‘ng, aloqani uzib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Jizzax viloyati o‘rta maxsus ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Bobur O‘sarov Ozodlikka shaxsini tasdiqlagandan so‘ng, Mirzacho‘l tuman Agroiqtisodiyot kolleji direktori haqidagi savolni eshitib, birdan O‘sarov emasligini aytib, aloqani uzib qo‘ydi.

O‘zbekiston Oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmatining ish telefoni bloklangani uchun, bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

XS
SM
MD
LG