Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:26

Zarmiton oltin konida yana ikki konchi tosh ostida qolib o‘ldi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli Janubiy kon boshqarmasining Zarmiton oltin konida tunda ishlagan ikki nafar konchini tog‘ jinslari bosib qoldi.

Voqea guvohlarining aytishlaricha, konchilarning jasadi bir necha soatdan keyin kavlab olingan.

Konchilarning aytishicha, fojia sodir bo‘lgan kon uchastkasi xavfli bo‘lgani uchun qazish ishlari oldinroq vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Biroq ishchilarga ko‘ra, ularni rahbarlar rejani bajarish uchun xavfli uchastkada ishlashga majburlagan.

Janubiy kon boshqarmasi bosh injenerining texnika xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, konchilar o‘lgan joy taqiqlangan uchastka ekanligini inkor qildi va bu fojia kutilmagan holat bo‘ldi, dedi.

Samarqand viloyat, Qo‘shrabot tumani hududida joylashgan Zarmitan oltin konida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan ishchining aytishicha, 22 noyabrga o‘tar kechasi uchinchi smenaga ishga kelgan konchilar Sirojiddin Najmiddinov va G‘ayrat Norqulovni tog‘ jinsi bosib qolgan va oqibatda ikki konchi vafot etgan:

Burg‘ulash vaqtida tog‘ jinslari qulab, bosib qolgan.


“Bu yigitlar Qo‘shrabot tumanining Jo‘sh va Xolnazar qishlog‘ida yashagan. Kecha qariyb ming metr chuqurlikda o‘zi yurar burg‘ulovchi uskunada ishlashgan. Burg‘ulash vaqtida tog‘ jinslari qulab, bosib qolgan. Bittasini bir soatda, ikkinchisini qariyb ikki soatda kavlab olishgan. Afsus, ikkovi ham o‘lib bo‘lgan ekan”.

Konchining iddao qilishicha, yigitlar ishlagan uchastka taqiqlangan uchastka bo‘lgan:

“Bu yerda tog‘ bosimi juda yuqori bo‘lgani uchun GDU-2 uchastkasi faoliyati vaqtincha to‘xtatib turilgan edi. Lekin shunga qaramay, “davay plan, davay-davay” ortidan bu hududda qazish ishlarini olib borish uchun og‘zaki topshiriq berilgan. Bizning konda hanuzgacha rejani bajarish uchun og‘zaki topshiriqlar berish davom etmoqda”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa konchining aytishicha, qazish ishlarida oddiy texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilinmaydi.:

Ming metr chuqurlikda ishlaymiz.


“Qazish ishlarida ishchilar hamma tomonlama himoyalangan bo‘lishi kerak. Chunki ming metr chuqurlikda ishlaymiz. Burg‘ulungan uchastka tozalangandan keyin tog‘ jinsi bosib qolmasligi uchun yog‘ochlardan ustunlar qo‘yilishi kerak. Lekin bularga e’tibor berilmaydi. Oqibatda yil boshidan buyon oltin konlarida o‘nga yaqin odam ana shunday tog‘ jinslari bosib qolishi, gazdan zaharlanishi natijasida halok bo‘ldi”

Janubiy kon boshqarmasi bosh injenerining texnika xavfsizligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Qozoqov konchilar ishlagan joy taqiqlangan hudud ekanligini inkor qildi:

“Yo‘q, bo‘lishi mumkin emas. Taqiqlangan hududda qanday ishlash mumkin? Bu falokatning asosiy sababi tog‘ bosimining kuchli bo‘lganligi. Hozir bu holat bo‘yicha maxsus komissiya tashkil qilindi va uning sabablarini o‘rganmoqda.”

Ilhom Qozoqov yil boshidan buyon konda o‘nga yaqin o‘lim holati bo‘lganini inkor qilmas ekan, bunday falokatlarning oldini olish uchun ish olib borilayotganini aytdi:

“Albatta, mutaxassislarimiz bunday holatlarning sabablarini o‘rganishyapti. Rossiyadan, Avstraliyadan mutaxassislar keldi. Endi, kutilmaganda bo‘lyaptida, bunday holatlar. Shuning uchun kon ichidagi sopryajenielarni, boshqa shunday holatlarni chuqur o‘rganyapmiz”

Bundan oldin ham Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli konlarda bir necha fojia ro'y bergan.

25 iyul kuni Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli​ Zarmiton konining GDU-3 uchastkasi shaxtasida 38 yashar ishchi Shuhrat Tilavov​ tosh bosib qolishi oqibatida nobud bo‘lgan edi.

Joriy yilning 9 may kuni Samarqand viloyati, Qo'shrabot tumani hududida joylashgan “G‘ujumsoy” oltin konida gaz to‘planib qolishi oqibatida ikki konchi zaharlanib o‘lgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

O‘tgan yilning avgustida "G‘ujumsoy" oltin konida ustiga tog‘ jismi qulab tushishi oqibatida bir konchi halok bo‘lgandi.

2018 yilning yanvarida Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli boshqa bir konda 30 dan ortiq oltin qazuvchi qolib ketgan va bir kishining jasadi qazib olingan edi.

Nurota tog‘larining janubi-g‘arbiy qismida joylashgan Zarmiton oltin konlarida qazib olish ishlari 1978 yildan buyon olib boriladi.

Bu konlardan asosan oltin, kumush, volfram, qo‘rg‘oshin, ruh va boshqa metallar rudasi qazib olinadi. Zarmiton va 2010 yilda ochilgan yangi G‘ujumsoy konlari Navoiy kon- metallurgiya kombinatining Janubiy kon boshqarmasiga qarashlidir.

XS
SM
MD
LG