Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:17

Moskvada o‘zbek qochqini sud zalida ozod qilindi, u O‘zbekistonga berilmaydigan bo‘ldi


Ravshan Rahimov sud zalida.
Ravshan Rahimov sud zalida.

26 noyabrda 40 yashar o‘zbekistonlik qochqin Ravshan Rahimov Moskvaning Babushkinskiy tuman sudi qarori bilan ozodlikka chiqarildi. Rahimov O‘zbekistonga topishirilmaydigan bo‘ldi.

Navoiylik muhojir Moskvaning deportatsiya lagerida umrining 2 yilu 3 oyini o‘tkazdi.

Ravshan Rahimov ustidan o‘tkazilgan sudlovni kuzatgan Inson huquqlari "Memorial" markazining “Migratsiya va huquq” tarmog‘i matbuot xizmati boshlig‘i Valeriya Pavlova, O‘zbekiston so‘rovi bilan xalqaro qidiruvda bo‘lgan qochqin Inson huquqlari bo‘yicha Yeropa sudi (IHES) bosimi ostida ozod etilganiga e’tibor qaratdi:

- Ravshanga nisbatan Yevropa sudining O‘zbekistonga berib yubormaslik to‘g‘risidagi 39-Qoidasi 2018 yilda qo‘llanganiga qaramasdan, uni o‘sha yiliyoq ozod qilishmadi. U qamoqda yana 2 yildan oshiq vaqt o‘tirdi. “Migratsiya va huquq” tarmog‘i himoyachilari bu vaqt orasida avval Rossiya, keyin Yevropa sudlari orqali uni nihoyat ozod qilishga erishishdi.

"Memorial" vakilining so‘zlariga ko‘ra, sud zalida ozod bo‘lganiga ishonmagan Rahimov sudyaga “Bu rost gapmi? Meni ozod qilishdimi? SVSIGdan (Xorij grajdanlarini vaqtinchalik saqlash markazi -tahr.) buyumlarim bilan chiqmagunimcha ishongim kelmayapti”, degan.

R.Rahimov va advokat R.Magomedova sudda, 2017 yil.
R.Rahimov va advokat R.Magomedova sudda, 2017 yil.

2018 yilning 8 oktabrida Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi O‘zbekiston grajdani Ravshan Rahimovni Toshkent so‘rovi bilan ekstraditsiya qilayotgan Rossiya hukumatini Inson haqlari Konvensiyasini buzganlikda ayblagan va bu masalada maxsus qaror chiqargan edi.

Strasburg sudiga ko‘ra, berib yuborish xavfi ostida deportatsiya lagerida bir necha yil asossiz ushlab turilgan 40 yashar navoiylik Ravshan Rahimov O‘zbekistonda qiynoqlarga solinishi mumkin.

“Memorial” huquq himoyasi markazining “Migratsiya va huquq” tarmog‘i advokati Roza Magomedova Ozodlikka endi Ravshan Rahimovning Rossiyada vaqtinchalik qochqinlik maqomini olishi uchun kurash boshlaganini bildirdi:

- U hozirda Yevropa Konvensiyasining 3- moddasi qo‘llangan odam sifatida xalqaro himoya ostidadir. Legallashishi uchun unga Rossiyada vaqtinchalik qochqin maqomini olishga kirishdik. Uchinchi mamlakatlarga Rossiyadan anchadan beri hech kim jo‘natilgani yo‘q, shu sababli biz kurashni davom etamiz. Ravshanga hamdard bo‘lgan ko‘plab odamlar menga tabrik yo‘llamoqda,u o‘zi ham ozodlikka chiqqanidan juda xursand, yaqinlari ham xabar oldi bundan.

Roza Magomedova Rahimovni ekstraditsiya qilish to‘g‘risida quyi sudlar chiqargan qarorni bekor qilish talabi bilan Rossiya Oliy Sudiga murojaat qilishini aytdi.

- Undan tashqari biz yana bir shikoyat bilan chiqayapmiz: Ravshanga nisbatan Yevropa sudining 39-Qoidasi qo‘llanilganiga qaramasdan qo‘yib yuborishmagani va u jami SVSIGda 2 yilu 3 oy va yana izolyatorda yarim yil o‘tirgani masalasida, - dedi advokat Roza Magomedova.

R.Rahimov politsiya bo‘limida kaltaklanganidan keyingi ahvoli
R.Rahimov politsiya bo‘limida kaltaklanganidan keyingi ahvoli

Ozodlik 2017 yilning sentabrida Ravshan Rahimovni Moskva shahar sudi O‘zbekistonga ekstraditsiya etmaslik to‘g‘risida qaror chiqarganiga qaramasdan, politsiya olib ketgani, himoyachilar uni oyog‘i singan va ko‘zi ko‘kargan holda ikki kun o‘tib politsiya bo‘limidan topgani to‘g‘risida xabar qilgandi.

Sud qarordan ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Rahimov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 242-2 moddasi (Jinoiy guruh tashkil qilish) asosida 2014 yildan buyon xalqaro qidiruvda bo‘lgan. Ikki farzandning otasi bo‘lgan Ravshan Rahimov bir guruh boshqa o‘zbekistonlik muhojirlar bilan birga 2014 yilning dekabridan boshlab Moskva shahrida "Turkiston Islomiy partiyasi" tashkilotining faoliyatida ishtirok etib kelganlikda, “O‘zbekiston davlat tuzumiga tahdid soluvchi” diniy-ekstremistik ruhdagi videoroliklarni tarqatganlikda ayblab kelmoqda.

O‘zbekistonga berib yuborish mumkin emasligi to‘g‘risida Mosgorsud qarori borligiga qaramasdan, 2017 yilning 11 sentyabr kuni Moskvaning Babushkinskiy tuman sudi Rahimovni oxirgi 7 oy tergov izolyatorida “qaydga turmasdan yashagani va migratsiya qonunchiligini buzgani” vaji bilan O‘zbekistonga deportatsiya qilish haqida hukm chiqargan edi.

Hech qanday diniy tashkilotlarga a’zo emasligi, ekstremizm va siyosiy g‘oyalardan mutlaqo yiroqligini aytib kelayotgan asli Navoiy viloyatining Karmana tumanidan bo‘lgan Ravshan Rahimov Rossiyada qurilish ishlari bilan shug‘ullanib kelganini aytgan edi Ozodlik bilan suhbatda.

XS
SM
MD
LG