Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:32

Yevropa parlamenti iqlim bo‘yicha “favqulodda vaziyat” e’lon qildi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

28 noyabr kuni Yevropa parlamenti iqlim bo‘yicha navbatdagi BMT sammiti arafasida iqlim va atrof-muhit bo‘yicha “favqulodda vaziyat” e’lon qilish taklifini qo‘llab ovoz berdi.

Strasburgda parlamentning 429 a’zosi taklifni qo‘llab, 225 nafar a’zosi esa unga qarshi ovoz bergan. Qabul qilingan qaror Yevropa davlatlari hamda Yevropa komissiyasini iqlim o‘zgarishga qarshi kurashish yo‘lida keskin choralarni ko‘rishga undaydi.

Xususan, qonun Yevrokomissiyadan bundan buyon “barcha tegishli qonun va byudjet takliflarini global isishni 1,5 haroratdan oshirmaslik rejasiga muvofiqlashtirish”ni talab qiladi.

Yevropa parlamentning Atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Pascal Kanfin:

- Oldimizdagi iqlim va atrof-muhit bilan bog‘liq favqulodda vaziyat tufayli havoga chiqarilayotgan issiqlik gazlari miqdorini 2030 yilgacha 55 foizga ozaytirishimiz juda muhim, - dedi.

Qonun loyihasiga qarshi ovoz berganlar orasida o‘ng-qanot “Yevropa xalq partiyasi” a’zolari borligi aytildi.

Yevropa parlamenti deputati Piter Liese chora ko‘rishga ehtiyoj borligini, ammo favqulodda vaziyat e’lon qilishga hojat yo‘qligini aytdi. Shuningdek, deputat “sarosima” muhitini yaratmaslik kerakligini ta’kidladi.

27 noyabr kuni Yevropa parlamenti qit’a iqtisodini oz uglerod chiqaruvchi iqtisodga aylantirish uchun mas’ul yangi Yevropa komissiyasini tuzishni qo‘llab ovoz bergan edi.

28 noyabr kuni qabul qilingan qonun Bryusselni muayyan chora ko‘rishga chorlamaydi. Shunday bo‘lsa-da, atrof-muhitni muhofaza guruhlari qonun qabul qilinishi ortidan Yevropa davlatlaridan iqlim o‘zgarishi oldini olish uchun ko‘proq chora ko‘rishni talab qila boshladi.

Keyingi hafta Ispaniyada iqlim bo‘yicha 12 kunlik BMT sammiti boshlandi. Sammitning maqsadi dunyo bo‘ylab hukumatlarni atmosferani zaharlovchi gazlarni ozaytirish hamda iqlim o‘zgarishi oldini olish uchun ko‘proq chora ko‘rishga undashdir.

XS
SM
MD
LG