Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:32

Gaz yo‘qligidan norozilar Ellikqal’ada yo‘lni to‘sdi. Farg‘onada hokimlikka borishdi


Bo‘ston shaharchasida yashovchi aholining o‘nlab vakillari O‘zbekiston ko‘chasidagi yo‘lni to‘sib qo‘yishdi.
Bo‘ston shaharchasida yashovchi aholining o‘nlab vakillari O‘zbekiston ko‘chasidagi yo‘lni to‘sib qo‘yishdi.

1 dekabr kuni Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani Bo‘ston shaharchasi aholisi gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, O‘zbekiston ko‘chasini bir necha soatga to‘sib qo‘ydi.

Ayni shu kuni Farg‘ona shahridagi Barkamol mahallasi ahli gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, shahar hokimligiga​ bordi.

Noroziliklardan so‘ng ikkala joyda ham gaz bosimi biroz ko‘tarilgani ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan haftada Andijon va Nukusda ham gaz muammosi sabab norozilar avtoyo‘llarni to‘sib qo‘ygan edi.

Hozirda aholi noroziligini bostirish uchun Toshkentda tuzilgan maxsus guruh joylarga jo‘natilgan.

Bo‘stonda yo‘l to‘sildi

1 dekabr kuni tush payti Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tuman markazi Bo‘ston shaharchasida yashovchi aholining o‘nlab vakillari shahar o‘rtasidan o‘tuvchi O‘zbekiston ko‘chasidagi yo‘lni to‘sib qo‘yishdi.

Voqea joyidan Ozodlikka jo‘natilgan videoda avtomobil yo‘lining o‘rtasiga bir uyum shox-shabba tashlanib, yoqib qo‘yilgani aks etgan.

Газ йўқлигига норозилар Элликқалъада йўлни тўсди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:06 0:00

Video davomida yonayotgan olov atrofida o‘nlab erkak va ayollar turganini, mashinalar o‘tkazilmayotganini ko‘rish mumkin.

Shuningdek, videoda bitta mashinaning piyodalar yo‘lagidan o‘tishga harakat qilgani ko‘rinadi va odamlarning “yo‘lini to‘s, o‘tkazma”, degan gaplari eshitiladi. Kimningdir “o‘taversin, tegma” degan gapidan so‘ng, mashina yo‘lakdan o‘tib ketadi. Asosiy yo‘ldan o‘tayotgan boshqa (bir nechta) mashinalar esa namoyishchilarga yaqin joyda to‘xtab turgani aks etgan.

Voqea joyida bo‘lgan bo‘stonliklardan biriga ko‘ra, o‘sha kuni hokimlik va ichki ishlar bo‘limidan bir guruh mulozimlar norozilar oldiga kelib, ularni tinchlantirgan.

“Qancha turdik bilmadim. Bir-ikki soat turdik shekilli. Keyin hokim keldi. Militsiyadan kelishdi. “Hamma joyda gaz muammosi bor. Lekin biz bu muammoni hal qilamiz”, deb va’da berishdi. Keyin odamlar uy-uyiga tarqalishdi”, dedi xavfsizlik sabab ismini ochiqlamaslikni so‘ragan bo‘stonlik.

Ellikqal’a tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi norozilik bildirgan bo‘stonliklar shikoyati o‘z yechimini topganini ta’kidladi.

“Kecha barcha sektor xodimlari yig‘ilib, bu masalani muhokama qilishdi. Kechaning o‘zidayoq gaz bosimi ko‘tarildi. Bo‘stonda 70 foiz aholi allaqachon tabiiy gazdan qirqilgan, ular ko‘mir va o‘tin bilan ta’minlanmoqda. Faqat 30 foiz aholigagina tabiiy gaz beriladi. Ular shaharning ko‘p qavatli uylarida yashovchi xonadonlardir. To‘g‘ri joylarda gaz muammosi mavjud. Lekin boshqa joyda O‘zbekiston ko‘chasidagi singari jiddiy muammo bo‘lmadi” dedi hokimlik mulozimi.

Bo‘stonliklardan olingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra, 1 dekabr tushdan so‘ng gaz bosimi oldingi kunlarga nisbatan biroz yaxshilangan.

Farg‘onadagi norozilik

Farg‘ona shahri, “Barkamol” mahallasida yashovchi aholi vakillari ham gaz muammosi sabab 1 dekabr kuni shahar hokimligiga norozilik bildirib borgan.

Bu haqda ushbu mahallada yashovchilardan biri ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka ma’lum qildi.

“Mahallamizning Yangi asr ko‘chasida 29ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 110-domdan 138-domgacha hammasida gaz muammosi bor. Ba’zi xonadonlarda umuman gaz yo‘q. Masalan, 120A domning 2-kvartirasida umuman gaz yo‘q. Boshqa xonadonlarda ozgina yonadi, hatto choy qaynatib bo‘lmaydi” dedi farg‘onaliklardan biri.

Farg‘ona shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan xodimi Barkamol mahallasining shikoyati o‘rganilayotgani, muammo qisman hal qilinganini aytdi.

“Muammo bitta bizda emasku, butun mamlakat bo‘ylab bor bu muammo. Lekin biz imkon qadar aholini gaz bilan ta’minlashga harakat qilayapmiz. Kechaning o‘zida Barkamolga berilayotgan gaz bosimini ko‘tarishga harakat qildik” dedi hokimlik xodimi.

Barkamol mahallasida yashovchilardan birining shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan aytishicha, gaz bosimi ko‘tarilgan, biroq hanuz gazda osh pishirish imkoni yo‘q.

“Jichcha ko‘tarishdi xolos. Avval choy ham qaynamasdi. Hozir choy qaynaydi. Lekin osh pishirish imkoni yo‘q. Oldin har kuni ertalab soat 8dan 10gacha svet o‘chardi. Bugun o‘chmadi” dedi mahalla ahlidan biri.

Farg‘ona shahar hokimligiga yaqin Ozodlik manbasiga ko‘ra, Barkamol mahallasidagi norozilikdan so‘ng Toshkentdan maxsus guruh kelishi kutilmoqda.

“Ko‘p qavatli uylarda gaz bosimi pasayganligi sababli ushbu uylarning xonadonlarida yashovchi fuqarolar tomonidan keskin noroziliklar bildirilmoqda. Ushbu noroziliklar kelgusida davlat hokimiyati idoralariga qarshi qaratilgan ommaviy namoyishlarga aylanib ketishining oldini olish maqsadida choralar ko‘rilmoqda. Toshkentda vazirliklarda maxsus guruh tuzilgan. Ular 1-2 kun ichida Farg‘onaga yetib kelishi kutilmoqda” dedi ismini oshkor qilsa, ishidan ayrilish xavfi bois anonim qolishni so‘ragan manba.

O‘tgan haftada Andijon va Nukusda ham gaz muammosi sabab norozilar avtoyo‘llarni to‘sib qo‘ygan edi.

28 noyabr oqshomida Andijon shahrining Dalvarzin va Oltinko‘l tumanining Qo‘shtepa mahallalari orasidan o‘tuvchi yo‘l to‘sib qo‘yildi.

27 noyabr kuni Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida yashovchi 70ga yaqin odam tabiiy gaz berilmay qo‘yilganiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG