Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:32

FSB yana to‘qqiz muhojirni "hizbchi"likda gumonlab, qo‘lga oldi (VIDEO)


Rossiyada "hizbchi"likda ayblanayotganlarning aksari migrantlar va qrim tatarlaridir
Rossiyada "hizbchi"likda ayblanayotganlarning aksari migrantlar va qrim tatarlaridir

Moskva va Chelyabinskda terrorchilikda gumon qilinayotgan 9 mehnat muhojiri hibsga olindi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) rasmiy xabarida bu shaxslar “Hizb ut-Tahriri Islomiya” tashkilotiga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingani aytilmoqda.

Qo‘lga olingan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya fuqarolari ekanligi xabar qilindi. Ular orasida o‘zbekistonliklar bor-yo‘qligini aniqlashning hozircha iloji bo‘lmadi.​

9 muhojir "hizbchilik"da ayblanmoqda

3 dekabrda Rossiyaning Moskva va Chelyabinsk shaharlarida FSB va IIB xodimlari o‘tkazgan maxsus amaliyot davomida Rossiyada taqiqlangan “Hizb ut-Tahriri Islomiya” diniy tashkilotining 2 rahbari va 7 a’zosi hibsga olingani xabar qilindi.

Bu xabarni tarqatgan Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rasmiy saytiga ko‘ra, ular hammasi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya fuqarolaridir.

- Xalqaro terrorchi tashkilot a’zolari yashash joylaridan ular terrorchilik faoliyatini amalga oshirish uchun foydalangan Rossiyada taqiqlangan “Hizb ut-Tahriri Islomiya” tashkilotining targ‘ibot-tashviqot materiallari, aloqa vositalari, ma’lumotlarni tashuvchi elektron vositalar aniqlandi va musodara qilindi, deyiladi rasmiy xabarda.

Maxsus kuchlar bu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi ochilganini ham ma’lum qildi.

FSBning jurnalistlarga bergan ma’lumoticha, ushlanganlar “mavjud hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan ag‘darishga qaratilgan terrorchilik tashkiloti ideologiyasini xorijlik emissarlar ko‘rsatmasi asosida targ‘ib etganlikda” ayblanmoqda.

- Terrorchilikda gumonlanayotganlar maxfiy kvartiralarda yig‘ilib, mahalliy musulmonlar va mehnat migrantlarini yollash bilan shug‘ullanib kelgan, deya qo‘shimcha qildi FSB matbuot kotibi.

FSB bu amaliyot olib borilgani to‘g‘risida maxsus video ham hozirladi.

Rossiya 10 ming kishini terrorchilikda ayblab, qidiruvga bergan

Bundan oldinroq, MDHning Terrorchilikka qarshi markazi (TQM) Rossiya tomonidan terrorchilikda gumonlanib, xalqaro qidiruvga berilgan shaxslar soniga oid ma’lumotlarni e’lon qilgan edi.

Markaz direktori Andrey Novikov 3 dekabrda TASSga bergan intervyusida ekstremizm va terrorizmda ayblanib xalqaro qidiruvga berilgan grajdanlar soni 10 ming kishidan oshgan, dedi. U qidiruvdagilarning yarmi MDH tarqibiga kirmagan davlatlarda harbiy harakatlarda ishtirok etgan yoki ishtirok etayotgan jangarilar tashkil etganini bildirdi.

Andrey Novikov Terrorchilikka qarshi markaz 2015 yildan buyon “200 nafar terrorchini aniqlab, teraktlarni uyushtirishni moliyalashtirgan yana 300 kishi aniqlanganini” ma’lum qildi.

Novikov u boshqarib kelayotgan tashkilot 4 mingdan ziyod “terrorchi va ekstremist” fotosurati bazasini jamlagani bilan ham maqtandi.

MDHning Terrorchilikka qarshi markazi (TQM) tarqatgan ma’lumotlarga binoan, bugunda Rossiyada 104 tashkilot, Qozog‘istonda 20 ta, Qirg‘izistonda 40 ta, Tojikistonda 18 va O‘zbekistonda 22 tuzilma terroristik yoki ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan.

Ozodlik Rossiya hukumatining bu mamlakatda olib borilayotgan “terrorizm va ekstremizga qarshi kurash” shiori ostida berilayotgan ma’lumotlarga tanqidiy ko‘z bilan karash kerakligi borasida ko‘p marotaba yozgan.

Jumladan, Rossiyaning turli mintaqalarida uyushtirilayotgan qator sudlovlar va maxsus amaliyotlar qurbonlariga muhojirlar, jumladan O‘zbekistondan kelgan oddiy ishchilar bo‘layotgani to‘g‘risida ham aytilgan edi.

Rossiya hukumati “hizbchilik” bilan kurash shiori ostida Qrimning Ukrainadan ajratib olinganiga faol qarshilik ko‘rsatib kelayotgan qrim tatarlari aksar namoyandalarini “Hizb-ut Tahrir”ga a’zolikda ayblab, qamoqqa tashlayotgani xalqaro norozilik kampaniyasini keltirib chiqardi.

Ozodlik Shavkat Mirziyoyev hukumati ham so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda «diniy mutaassiblik targ‘iboti yoki unga moyilligi bor shaxs va guruhlarni jiddiy nazoratga olishga oid” topshiriqlar berilgani va maxfiy qarorlar tarqatilgani haqida xabar qilgandi.

"Hizb ut-Tahrir", boshqa yana 13-ta tashkilot bilan birga, 2003 yilda Rossiya Oliy Sudi qarori bilan mamlakatda taqiqlangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati bu radikal firqa davlatda o‘ta faol ekani to‘g‘risida xabar berib turadi.

Shu yillar davomida Rossiyaning turli mintaqalarida maxsus xizmatlar "Hizb ut-Tahrir" tashkilotiga aloqadorlikda gumonlab yuzlab odamlarni hibsga oldi va jinoiy javobgarlikka tortdi.

XS
SM
MD
LG