Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:35

O‘zbekistonda sobiq siyosiy tutqunlar bilan uchrashib qaytgan rus jurnalisti taassurotlarini aytib berdi (VIDEO)


Sergey Markelov O‘zbekistonda tayyorlagan materialini "Prezidentning qora ro‘yxati" deb nomlagan
Sergey Markelov O‘zbekistonda tayyorlagan materialini "Prezidentning qora ro‘yxati" deb nomlagan

O‘zbekistondagi siyosiy mahbuslar to‘g‘risida material tayyorlagan rossiyalik jurnalist Sergey Markelov Erkin professional jurnalistikani qo‘llab-quvvatlovchi Sreda Foundation (Rossiya) nodavlat xayriya tashkilotining “Redkollegiya” mukofoti bilan taqdirlandi.

“Prezidentning qora ro‘yxati” deb nomlagan materialini Markelov Islom Karimov davrida qamalgan siyosiy tutqunlar Yusuf Ro‘zimurod, Bobomurod Abdulla, Dilmurod Sayid, Solijon Abdurahmon, A’zam Farmon va Ag‘zam Turg‘unovlarga bag‘ishlagan.

Markelov Civil Rights Defenders Xalqaro inson huquqlari tashkiloti ko‘magida O‘zbekistonga borib, har bir qahramoni bilan shaxsan uchrashib tayyorlagan katta illyustrativ maqolasini o‘zi ishlaydigan 7X7 saytida o‘tgan oyda e’lon qildi.

"Totalitar tuzumning 25 yillik hukmronligini boshidan kechirgan o‘zbek siyosiy va huquq faollari" haqidagi maqolasida bugungi O‘zbekistonda bo‘layotgan o‘zgarishlarga ham to‘xtalib o‘tgan muallif bilan Ozodlik muxbiri suhbatlashdi.

Журналист Маркелов: «Синмаганлар» ҳикояларини ҳамма билиши керак
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:11 0:00

- O‘zbekistondagi siyosiy tutqunlar to‘g‘risida material qilish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

- Menga O‘zbekistonga borib, siyosiy mahkumlar to‘g‘risida material yozib kelishni taklif qilishdi. O‘zbekistonda hech qachon bo‘lmaganman va xalqaro miqyosda ishlash malakasiga ega ham emasdim: Men uchun juda qiziqarli mavzu edi va ikkilanmasdan taklifni qabul qildim. Biz Kareliyadagi siyosiy mahkumlar haqida yozgan edik. Va biz uchun bu holatni O‘zbekiston bilan taqqoslash juda qiziq tuyuldi.

- O‘zbekiston bo‘ylab sayohat davomida Sizni hayratga solgan yoki taajjublantirgan nima bo‘ldi?

– Bir tomondan, O‘zbekistondagi ayrim holatlar bizda, Rossiyada sodir bo‘layotganiga o‘xshashligi bilan hayron qoldirdi. Albatta, ko‘p narsalar bu mamlakatda o‘ziga xos tarzda sodir bo‘layotganiga qaramasdan, o‘xshashliklar juda ko‘p. O‘zbekistonliklarning toqatliligi, ularning qunt-matonat bilan yerda ishlayotganlari, paxta yo boshqa narsa yetishtirayotganlari hayratga soldi. Ular hech narsadan arz qilmas ekanlar, hatto davlat va avtoritar tuzum bosimiga toqat qilar ekanlar. Ularning chidamliligini O‘zbekistondan kelib Moskvada, Rossiyada chidab bo‘lmas sharoitlarda ishlayotganlarida ham ko‘rish mumkin.

- O‘zbekiston haqidagi tasavvurlaringiz va ko‘rganingiz o‘rtasida tafovut katta bo‘lmadimi? Qo‘rquv bormidi, odamlar bilan muloqot qilishda va ma’lumot olishda qiyinchilik sezmadingizmi?

Odatda, jurnalistlar biror mamlakatga borishdan oldin u yer haqida ma’lumot yig‘ishadi. Mening boshqa bir xususiyatim bor – biror joyga borishdan oldin u mamlakat haqida kamroq ma’lumot yig‘aman, masalani joyida hal qilishga urinaman. Improvizatsiya betakror hissiyotlarni paydo qiladi.

O‘zbekistonni men Iroq yo Afg‘onistondek tasavvur qilardim, men uchun juda qiyin sinov bo‘ladi, deb o'ylardim. Toshkent aeroportida uchoqdan tushib, panjara ortida turgan va aeroport ichkarisiga kiritilmayotgan odamlarni ko‘rib, menda “Shunaqasiyam bo‘lar ekana?” degan savol paydo bo‘ldi. Keyinchalik, sayohat davomida odamlar bilan muloqotdan tushundimki, bu o‘ziga xos avtoritar siyosiy tuzumga ega oddiy mamlakat ekan. U yerda oddiy odamlar yashar ekan – kimdir boy, kimdir kambag‘al.

Qo‘rquv bo‘ldi! Men O‘zbekistonni koloniyalarida odamlar qiynoqqa solinadigan, uzoq yillarga mahkum qilinadigan davlatdek tasavvur qilgan edim. Meni yoki men bilan aloqa qilgan jurnalistlarni qamab qo‘yishlari, qiynoqqa solishlari mumkinligidan xavotir oldim. Men har bir qadamimda hibs etishadi deb kutgan edim, to‘g‘risi. Qahramonlarim bilan muloqot qilish qiyin kechmadi. Ulardan biror yangi gap topish murakkabroq bo‘ldi. O‘zbekistonliklar menga juda ochiqko‘ngil tuyuldi.

Shunga qarmasdan, dilidagi so‘zlarni hamma ham aytavermas ekan.

Sergey Markelov - rossiyalik taniqli jurnalist va fotosuratchi
Sergey Markelov - rossiyalik taniqli jurnalist va fotosuratchi

- Maqolangiz qahramonlari haqida taassurotlaringiz qanday?

–Ular bilan shaxsiy uchrashuvim safarimning eng ta’sirli qismi bo‘ldi. Bu olti nafar jurnalist va huquq faoli o‘z ishi uchun yillab qamoqda o‘tirdi, masalan, Yusuf 19 yil o‘tirdi! Aqlimga sig‘mayapti bu narsalar – ular yillab qiynoqlarga solindi, yaqinlarini yo‘qotdi...

Eng qizig‘i, ular qamoqdan tirik chiqib, ruhan cho‘kmadilar. Men reportajimni “Sinmaganlar” deb nomlamoqchi edim, lekin Ozodlikdagi “Sinmaganlar” filmini ko‘rib qoldim. Ularning ko‘zlarida donishmandlik, tajribani ko‘rdim, ular oddiy odam emas - ulkan insonlardir! Men ular bilan tanishganimdan juda faxrlanaman.

Material e’lon qilinganidan keyin ular hammasi menga rahmat yuboribdi. Aslida men ularga bu qiyinchiliklardan o‘tganlari va u haqda menga aytib berganlari uchun rahmat aytishim kerak! Ular hikoyalarini boshqalar bilishi kerak, deb hisoblayman.

- Safardan qanday kayfiyat bilan qaytdingiz?

Boshida bu 6 nafar siyosiy mahkum to‘g‘risidagi hikoya bo‘lishi kerak edi. O‘zbekiston davlat amaldorlarining jurnalistlar uchun yopiqligi, hamma joyni politsiya o‘rab olgani bilan Rossiyaga o‘xshab ketar ekan. Toshkentga Lavrov (Rossiya tashqi ishlar vaziri-tahr.) kelganida, yo‘l bo‘ylab har 10 metrda gvardiyachilar saflanib turgani taajjublantirdi – Rossiyada unchalik darajada emas.

Ammo, 25 yil hukm surgan eski tuzumdan qolgan sarqitlar hanuz tirikligini ham ko‘rish mumkin. Men bu mamlakatda nima bo‘layotganini ko‘rsatish niyatida edim – mustaqil matbuot, huquq faollariga bosim o‘tkazib yashagan, qiynoqlarni qo‘llagan va qo‘lida butun hokimiyatni jamlagan diktator boshqarib kelgan davlatning ahvoli nima kechishini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim. O‘zbekiston buning uchun juda yaxshi misoldir!

Hozircha bu davlatda fuqarolik jamiyati mutlaqo shakllanmagandek tuyuldi menga. Boshqa tomondan, O‘zbekistonning boshqa davlatlardan farqi shundaki, u islohotlar yo‘liga tushdi. Ammo masala bu o‘zgarishlar qaerga olib borishidadir! Bu esa O‘zbekistonda hokimiyatda turgan siyosatchilar irodasiga bog‘liqdir. Yangi hukumatda Karimovning eski tuzumidan kelib chiqqan odamlar haligacha ko‘pligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu yo‘ldan adashib ketish ehtimoli yo‘q emas.

XS
SM
MD
LG