Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:26

Turk tadbirkor: "O‘zbekistondan ip olish uchun olib kelgan katta pulimni firibgarga oldirib qo‘ydim"


Turkiyalik tadbirkor uning "pulini qaytarmayotgan" shaxs bilan birga uchoqda safar qilganda olingan surat.
Turkiyalik tadbirkor uning "pulini qaytarmayotgan" shaxs bilan birga uchoqda safar qilganda olingan surat.

Turkiyadagi gazlama shirkatlariga O‘zbekistondan kalava ip sotib olish uchun 24 oktabrda Toshkentga kelgan 35 yashar tadbirkor 34 ming AQSh dollari miqdoridagi pulini firibgarga oldirib qo‘yganini Ozodlikka xabar qildi.

Turkiyalik tadbirkorning gaplarini pul oldi-berdisiga guvoh bo‘lganini aytgan o‘zbekistonlik tadbirkor​ tasdiqladi.

Muammosini toshkentlik tanishlarining gapiga kirib, "ko‘cha"da hal qilishga urinib ko‘rgan turk tadbirkori Turkiya elchixonasi maslahati bilan O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmoqchi.

​Durg‘ut Irfanning ( Durgut Irfan) iddaosicha¸ 1976 yil Toshkent tumanida tug‘ilgan E.X ismli shaxs O‘zbekistondan kalava ip olishga yordam beraman¸ deb uning ishonchiga kirib 34 ming naqd AQSh dollarini olib qochib ketgan. Durg‘ut Irfan o‘z iddaolariga dalil sifatida "E.X."ning surati deb bir erkakning suratini va bir necha hujjat nusxalarini Ozodlikka taqdim etdi.

Durg‘ut Irfan bunday dedi:

- Men O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan kalava ipini sotib olish uchun kelgan tadbirkorman. Meni aldab chuv tushirishdi, 34 ming dollar pulimni olib qo‘yishdi. Shu onda Toshkentda bir tiyin pulsiz¸ tanishlarimning uyida o‘tiribman. Prokuratura va boshqa huquq- tartibot organlari mening ishimni ko‘rib chiqishini istayman.

Tadbirkor Durg‘ut Irfan E.X ismli shaxsga uch pachka yuztalik AQSh dollari berayotgani aks etgan fotoni taqdim qildi.

Pul olgi-bergisi aks etgan surat
Pul olgi-bergisi aks etgan surat

Fotoda E.X deya iddao qilingan shaxs qo‘lida uch pachka yuztalik AQSh dollarini olayotgani aks etgan.

Ozodlik turk tadbirkorining E.X ismli shaxsga pul berganiga guvoh bo‘lgan o‘zbek tadbirkori 35 yashar Ixtiyor Abdullayev bilan gaplashdi.

Kalava ip shirkatida ishlaydigan Ixtiyor Abdullayevnig aytishicha¸ E.X ismli shaxs kalava ipi olib berishni va’da qilgan, lekin pulni olib qochib ketgan:

- Kalava ipi obkelib beraman¸ deb ko‘zimning oldida Durg‘ut Irfandan uch pachka pul oldi. Meniyam ishontirdi. Mana xotinim hijobda¸ deya o‘zining halol ekanligini ta’kidladi. Keyin shu ketganicha¸ badar ketdi. Telefon nomerini o‘zgartirib tashlagan. Bizdan qochib yuribdi. Durg‘ut Irfan prokuraturaga shikoyat qilmoqchi edi. Men uni to‘xtatib¸ ko‘cha bolalari hal qilib beradi dedim. Ammo hech kim hal qila olmayapti¸ - dedi Abdullayev.

Tadbirkorning O‘zbekistonga olib kelgan puli
Tadbirkorning O‘zbekistonga olib kelgan puli

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan kalava ip tijorati bilan shug‘ullanadigan Abdullayevga ko‘ra¸ E.X ismli shaxs Durg‘ut Irfandan boshqa yana ikki turk tadbirkorining pulini olib, qaytib bermagan.

Abdullayev Ozodlik bilan suhbatda E.X ismli shaxsdan pand yegan barcha tadbirkorlar haqida huquq-tartibot organlariga ko‘rsatma berishga tayyor ekanini ham ta’kidladi.

Firibgarga pulini oldirganini iddao qilgan 35 yashar Durg‘ut Irfan Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi Turkiya elchixonasiga borib o‘z dardini aytgani va elchixona maslahatiga ko‘ra¸ yaqin kunlarda huquq-tartibot organlariga shikoyat qilajagini bildirdi.

Ozodlik muxbirida turk tadbirkoridan pul olgani iddao qilingan E.X ismli shaxs imzolagan chek va uning shaxsiga oid xujjat nusxalari hamda uning ikkita mobil telefon raqamlari bor. Ozodlik 5 va 6 dekabr kunlari bu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilganida telefon o‘chirib qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.

  • O‘zbekistonga kelgan o‘rta sinf tadbirkorlarning firibgarlar qo‘liga tushgani bilan bog‘liq voqealarni Ozodlik yoritib keladi.
  • Joriy yilning martida Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Olmazor tuman sudi saudiyalik to‘rt nafar investorni aldab pulini o‘marishda ayblangan uch nafar o‘zbekistonlik ustidan hukm o‘qigan edi.
  • Saudiyaning Royal Bird for the management Operation and Maintenance shirkati vakilidan yarim million AQSh dollar miqdoridagi naqd pulni aldab olib g‘oyib bo‘lgan Zokir Salmanov va Sherzod Ibrayevlar Ichki ishlar vazirligi tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan edi.
XS
SM
MD
LG