Mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekistondagi eng yirik korxonalardan biri hisoblangan “Farg‘onaazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati korxonasi faoliyati tabiiy gaz miqdori kamaygani tufayli qisman to‘xtagan.
Ozodlikka bu haqda ma’lum qilgan korxona ishchilarining aytishicha, korxonaning asosiy ob’ekti hisoblangan ammiak ishlab chiqarish sexi dekabr oyi boshidan to‘xtab qolgan.
"Ammiak bo‘lmaganidan keyin, selitra, karbamid o‘g‘itlarini ishlab chiqarish ham to‘xtab qolgan”, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan zavod ishchisi.
Zavodda ishlab chiqarish to‘xtagani sabab ishchilar oyliklarini to‘liq ololmayotganini aytishdi.
"Noyabr uchun oyliklarni yarmini berishdi. Dekabr oyligimiz ham shunday bo‘ladi. O‘tgan yili ham gaz yo‘qligi sabab ish to‘xtab qolgan, oylik olmagan edik", - dedi zavod ishchisi ismini ochiqlamaslik sharti bilan.
Ozodlik muxbiri “Farg‘onaazot” rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qildi.
Qabulxona telefon go‘shagini ko‘targan xodim gaz yo‘qligi sabab zavod ishlamayotganini tasdiqladi.
Ammo rahbariyat hozirda yo‘qligi sabab, bu masala xususida gapirolmasligini aytdi.
Zavodning matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozimi oyliklar bilan bog‘liq muammoni inkor qildi. Lekin zavod ishlamayotgani sababini izohlashni istamadi.
Ayni paytda, Farg‘ona shahar hokimligining iqtisodiy masalalar bo‘limi mutasaddisi, “Farg‘onaazot” korxonasi ishlamayotganidan xabari borligini aytdi.
Mutasaddi buni texnik muammo deya izohladi.
- Uch-to‘rt kun ichida muammo hal bo‘ladi. Remont ketayotgani uchun ishlamay turuvdi, - dedi Farg‘ona shahar hokimligining iqtisodiy masalalar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mutasaddisi.
Lekin, Ozodlik muxbiri zavod ishchilari gaz yo‘qligi sabab korxonada ishlab chiqarish to‘xtaganini aytishyaptiku, deyishi bilan hokimlik mutasaddisi telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.
“Farg‘onaazot” ochiq aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistonda mineral o‘g‘it ishlab chiqaruvchi eng yirik va sanoqli korxonalardan biridir. Unda 7 ming odam mehnat qiladi.
Korxonada ammiak selitrasi, suyuq ammiak, karbamid, natriy xlorati, sellyuloza kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
“Farg‘onaazot” ishlab chiqargan mahsulotlar Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Xitoy, Eron va Afg‘oniston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.
O‘zbekistonda yirik korxona sanalgan "Farg‘onaazot" gaz yo‘qligi sabab to‘xtab qolgani va ishchilarga oylab maosh berilmagani haqida Ozodlik o‘tgan yili ham xabar bergan edi.
Shu kunlarda O‘zbekistonning aksar viloyatlarida gaz taqchilligi kuzatilmoqda.
Keyingi ikki hafta ichida gaz muammosi sabab mamlakatning Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonning turli hududlarida bir qancha norozilik aksiyalari o‘tkazilgan edi.