Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:23

Peterburg portlashida ayblanganlardan biri umrbod, o‘n nafari 19 yildan 28 yilgacha qamaldi


Ahrol Azimov o‘g‘illari Akrom va Abror bilan
Ahrol Azimov o‘g‘illari Akrom va Abror bilan

Qirg‘izistonlik Abror Azimov Peterburgda 2017 yilning aprelida sodir bo‘lgan portlashda aybdor deb topildi va umrbod qamoqqa mahkum etildi.

2-g‘arbiy okrug harbiy sudi qolgan 10 ayblanuvchiga 19 yildan 28 yilgacha qamoq jazosi tayinladi.

Prokuratura umrbod qamoq jazosini Ibrohim va Muhammadyusuf Ermatov hamda Abrorning ukasi Akrom Azimovlarga ham so‘ragan edi.

16 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan teraktda ayblanayotganlardan birortasi so‘nggi daqiqalargacha o‘z aybiga iqror bo‘lgani yo‘q va advokatlar apellyatsiya hozirlashga tushdi.

2019 yilning 10 dekabrida 2-g‘arbiy okrug harbiy sudi qarori bilan o‘shlik Abror Azimov 2017 yilning 3 aprelida Sankt-Peterburg metrosidagi portlashlarni “moliyalashtirganlikda” aybdor deb topildi va umrbod qamoq jazosiga mahkum etildi.

- Azimov Abrorga umrbod qamoq jazosi tayinlansin. Azimov Akromga (Abrorning akasi, tahr.) 28 yillik qattiq rejimli koloniyada jazo muddati belgilansin, deya hukm chiqardi sudya Andrey Morozov.

Teraktda gumonlangan qolgan 9 nafar o‘zbekistonlik, tojikistonlik va qirg‘izistonlik fuqarolarga ham 19 yildan yuqori qamoq muddati berildi:

Muhammadyusuf Ermatov – 28 yil,

Ibrohim Ermatov – 27 yil,

Shohista Karimova – 20 yil,

Sodiq Ortiqov – 22 yil,

Muhammadyusuf Mirzaalimov – 20 yil,

Dilmurod Muydinov 20 yil,

A’zamjon Mahmudov - 20 yil,

Sayfullo Hakimov 19 yil,

Bahrom Ergashev - 20 yillik qattiq rejimli koloniyada jazo o‘tashi belgilandi.

Undan tashqari suddlanganlar 500 mingdan 800 ming rublgacha jarimaga ham tortildi.

Sudya, shuningdek, Peterburg metropolitenining sudlangan muhojirlarga qo‘ygan fuqarolik da’vo arizasini qondirib, ularga jami 695 ming rubl miqdorida qo‘shimcha mablag‘ undirib olishni tayinladi.

11 nafar jinoyat ishi figuranti Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining qo‘yilgan 205.4- moddasi 2- qismi (Terrorchilik tashkilotida a’zolik), 205- moddasi 3- qismi “b” bandi (Terrorchilikni sodir etishga urinish), 30- modda 3- qismi va 205- moddasi 3- qismi “b” bandi (Terrorchilik oqibatida odamlarni qasddan o‘ldirish), 30- modda 1- qismi va 205- moddasi 3 qismi “b” bandi (Terrorchilikka hozirlik ko‘rish), 223.1 moddasi 3- qismining uch bandi bo‘yicha (Uyushgan guruh tarkibida portlovchi moddalar yoki portlovchi moslamalarni noqonuniy tayyorlash va saqlash), 222.1- moddasi 3- qismining besh bandi (Uyushgan guruh tarkibida portlovchi moddalar yoki portlovchi moslamalarni noqonuniy sotib olish, tarqatish, saqlash, olib yurish va tashish) asosida aybdor deb topildi.

Ozodlik bilan suhbatda aybdor deb topilgan yigitlarning otasi, Rossiya FSBsi tomonidan Rossiya fuqaroligidan mahrum etilib, Qirg‘izistonga chiqarib yuborilgan Ahrol Azimov sud qaroridan hayratga tushgani va advokat so‘zlariga tayanib sudlanganlarning aybini isbotlovchi birorta dalil mahkama davomida keltirilmaganini ma’lum qildi.

- Abror o‘g‘limga umrbod, Akromga 28 yil berishibdi. Begunohdan-begunohlarni shunday qilib – hech qanday dalil yo‘q edi bularda: asoslangan narsasi – qiynab olgan, toklar bilan urib, cho‘ktirib olgan narsalarni asos qilyapti sudda. Anovi o‘ldi degan Jalilovni o‘ligiyam yo‘q, tirigiyam yo‘q ekan sudda, u ekspertiza qilinmagan! Advokatlarning birortasini gaplariga quloq solmasdan, prokuror so‘ragan narsani beryapti bular. Tepadan buyruq bo‘lgan shekilli.

Suhbatdosh ayblanuvchilarning birortasi mahkama davomida o‘z aybiga iqror bo‘lmagani va sudyaga ularga nisbatan qo‘llanilgan qiynoqlar ustidan tushgan shikoyatlar кo‘rib chiqilmaganini aytdi.

- Hech qaysi biri prokuror qo‘ygan aybga iqror bo‘lmagan. Masalan, uchtasini “Sirojiddin Muhtorov bilan gaplashdi”, degan ayblov qo‘yyapti. Mening kuyovim Sirojiddin, yana boshqasi ayolimning jiyani Sirojiddin... Uchovini bitta “On je terrorist Abu Saloh” deb yozvoryapti! “Jalilov bilan gaplashdi”, deb o‘g‘lim nomidan mutlaqo boshqa O‘zbekiston aksenti bilan odamning ovozini sudga beryapti, dedi Ahrol Azimov.

Sudlangan yigitlarning otasi yopiq tarzda o‘tgan harbiy sud hukmi ustidan albatta apellyatsiya arizasi bilan murojaat qilishini ma’lum qildi.

Sankt-Peterburg metrosida 2017 yilda terror harakatini amalga oshirganlikda ayblanib sudlanayotgan 11 nafar mehnat muhojiridan 10 nafari shu yilning 2 aprel kuni boshlangan sud jarayonida o‘zlariga bildirilgan ayblovni tan olishdan bosh tortdi.

Rossiyalik tergovchilar tomonidan Qirg‘izistonda tug‘ilib o‘sgan aka-uka Abror va Akrom Azimovlarga terrorizm va qurol saqlash bo‘yicha ayblov e’lon qilingan edi.

Avvalroq Abror Azimov FSBning “maxfiy qamog‘i”da qiynoqlarga solingani to‘g‘risida advokati orqali jamoatchilikka ma’lum qilgan edi. Dinzega ko‘ra, FSB xodimlari, arizani qaytarib olmasa Azimovning qarindoshlarini “jismoniy jihatdan jazolashlari” bilan Abror va Akromni qo‘rqitganlar.

Ayblanuvchilarning otasi Ahrol Azimov 25 iyulda Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida farzandlariga nisbatan jinoyat ishlari soxtalashtirilgani to‘g‘risida gapirgan edi.

O‘zbek muhojirlarining otasi Axrol Azimov o‘g‘illariga nisbatan qiynoqlar qo‘llanilayotgani borasida xabar berishni boshlaganidan keyin Rossiya grajdanligidan mahrum etilgan va Rossiyadan chiqarib yuborilgandi.

Akromjon va Abrorning yaqinlari ularning granata va pistolet bilan qo‘lga olinishini “uydirma tomosha” deb atagan edi.

2017 yilning 3 aprelida Peterburg metrosida portlash sodir bo‘lib, 16 odam, jumladan xudkush ekani iddao qilinayotgan 22 yoshli Qirg‘iziston fuqarosi Akbarjon Jalilov halok bo‘lgan edi. Portlashda 103 odam jarohatlangan. O‘lganlarning 9 nafari ayol, 7 nafari erkak edi.

Mazkur ish yuzasidan Rossiyada muhojirlikda yurgan markaziy osiyolik 11 nafar o‘zbek qo‘lga olingan edi.

XS
SM
MD
LG