Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:23

Prezident Karimov muntazam raqsga tushgan “Lazgi” UNESCO ro‘yxatiga kiritiladi


Каримов Шанхай саммитини лазги билан қизитди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:07 0:00

Karimov Shanxay sammitini lazgi bilan qizitgan edi

Kolumbiyaning Bogota shahrida 11 dekabrdan boshlab UNESCOning Nomoddiy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.

Bu anjumanda qatnashayotgan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi xodimining Ozodlikka bildirishicha¸ «Xorazm Lazgi raqsi» Insoniyat nomoddiy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritish qo‘mita majlisida ko‘rib chiqilmoqda.

- Qo‘mita jami 41 nomzodni ko‘rib chiqmoqda. Shundan uchtasi Markaziy Osiyodan. O‘zbekistondan «Lazgi»¸ Tojikistondan «Falak» qo‘shiqchiligi¸ Turkmnistondan esa «Gilam to‘qish» san’ati. Bundan tashqari¸ ukrainlarning sopolga gul solishi va armanilarning yozuvi ham insoniyat nomoddiy merosi ro‘yxatiga kiritiladi¸ dedi Ozodlik suhbatlashgan mulozim.

«Lazgi» raqsi bu ro‘yxatga nomzod sifatida 2017 yili O‘zbekistondan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi tarafidan taqdim qilingan edi.

Fond rahbari¸ Amirqul Karimning Ozodlikka aytishicha¸ «bu 12 kishilik maxsus guruhning izchil mehnati samarasidir”:

- Bir yilga yaqin davrda “Lazgi” tarixi o‘rganildi va “Lazgi” risolasi tayyorlandi. Yig‘ilgan materillar asosida UNESCO hujjatlari dastlab o‘zbek tilida to‘ldirildi. So‘ngra u ingliz tiliga o‘girildi. Lazgi turlari o‘rganilib, uning ommalashish tarixi bayon qilindi. UNESCO uchun bu nominatsiyaning diniy, boshqa guruhlarga qarshi qaratilmagani, o‘zgalarni kamsitmasligi, kishilarni ezgulik sari birlashtirishi, yaxshilikka chorlashi, insoniy rang-baranglik timsoli ekanini ko‘rsatib berildi. Asosiysi, bu sahnada baletmeysterlar tomonidan sun’iy yaratilmagan, chinakam xalq asari ekaniga ishontira oldik.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi vakilining Ozodlikka aytishicha shu paytgacha "Boysun madaniy muhiti", "Navro‘z bayrami", "Shashmaqom", "Katta ashula", "Askiya ijrochiligi", "Palov va osh bilan bog‘liq an’ana va qadriyatlar" kabi qadriyatlar UNESCO Jahon nomoddiy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Siyosiy raqs

O‘zbekistonlik san’atshunos Abdumalik Turdiyevning aytishicha, Lazgi qariyb 3000 yilllik tarixga ega va uning 9 turi hozirgacha saqlanib kelmoqda:

- Ayni paytda Xorazmdagi “Norim-Norim” va “Qim pishiki” raqslari yana ham qadimiy va noyob. “Norim-Norim” raqsi tosh davriga borib taqaladi. Raqs ijrochisi ikkita qayroq toshni bir-biriga tegizib musiqiy fazo yaratadi. Menga qolsa, mana shu raqs insoniyatning yo‘qolib borayotgan nomoddiy merosidan o‘rin olishga ko‘proq loyiq. “Qum pishiki” bu qadim ovchilar raqsi. Bu raqs ijrochisi Silovsin (Qum pishiki) harakatlariga taqlid qiladi. Bu raqslar yo‘qolish arafasida. Ular rasmiy tadbirlarda ijro qilinmaydi. “Lazgi” esa xuddi ruslarning “Kalinkasi”ga o‘xshab¸ deyarli har kuni ijro qilinadigan asar. O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov bu raqsga har yili ikki marta omma oldida o‘ynar edi. Tarixiy paradoks shuki¸ Karimov o‘limidan sal oldin ham shu raqsga tushgan edi. Shu ma’noda men buni siyosiy raqs der edim.

Turdiyevga ko‘ra¸ “Lazgi”ning ommalashuvi sovet davrining ilk yillarida amalga oshirilgan:

- Umumiy baxt va saodatni tarannum qiluvchi raqs kerak edi sovetlarga. Ovchidan yashiringan silovsin obrazi aks etgan “Qum pishigi” raqsi yoki yovuz ilonning to‘lg‘anishiga taqlid qiladigan “Bulomon” raqsi bu vazifa uchun to‘g‘ri kelmadi. SSSR Xalq artisti Tamaraxonim 1934 yili Xorazmga borib¸ eski erkak raqqoslardan “Lazgi” o‘rganib qaytdi. Tamaraxonim “Lazgi” raqsini 1937 yili Kreml Kolonnalar zalida ijro qilib¸ Iosif Stalin e’tiboriga tushadi. Bu ham¸ boya aytganim “siyosiy raqs” degan tushunchani oqlovchi isbot.

Turdiyevga ko‘ra¸ qadimiy raqs bo‘lgan “Lazgi” sovet davrida deformatsiya bo‘lgan:

- Avvalo¸ raqs musiqasi so‘zsiz bo‘lgan. O‘tgan asrning 70-yillarida ijod qilgan Komiljon Otaniyozov bu raqs kuyini she’riy matn bilan aytgan. “G‘ani dog‘lar..” deb boshlanadigan ilk matn shoir Erkin Samandarga oid edi. Hozir o‘nlab matnlar bor. Ikkinchidan¸ bu raqsni 1934 yilgacha faqat erkaklar ijro qilgan. 1934 yilda Tamaraxonim Petrosyan va undan keyin Roviya Otajonova bu raqsni o‘z repertuariga kiritdi. Bu raqs rivojida Gavhar Matyoqubovaning ham katta hissasi bor. Lekin keyingi davrda raqsdagi zardo‘shtiy unsurlar kamaytirilib¸ ko‘proq shou-diskoteka tarafi parvarishlantirildi. Raqsning ilk qismidagi “sekin” qismining xronometraji kamayib ketdi. Vulgar harakatlar qo‘shildi. Shularga qaramasdan¸ “Lazgi” inson idrokiga taqsir qiluvchi jozibali raqs bo‘lib qolmoqda.

UNESCO qoshidagi Nomoddiy merosni asrash hukumatlararo qo‘mitasi rasmiy qarorining 14 dekabrga qadar e’lon qilinishi kutilmoqda.

XS
SM
MD
LG