Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:30

Xabarovskdagi markaziy osiyolik haydovchilar omonchilar tomonidan kaltaklanganini aytmoqda (VIDEO-FOTO)


Politsiya bo‘limida muhojirlar olgan jarohat izlari
Politsiya bo‘limida muhojirlar olgan jarohat izlari

Rossiyaning Xabarovsk shahrida OMON va politsiya “Vasilyev” avtokorxonasida haydovchilik qilib kelgan yuzdan ortiq o‘zbekistonlik, tojikistonlik va qirg‘izistonlik mehnat muhojirini ayovsiz kaltakladi.

Avtopark ishchilarining so‘zlariga ko‘ra, maska kiygan omonchilar savalashdan oldin nazorat kameralarini skochlab olgan.

Politsiya boshqarmasi bunday hodisa bo‘lganidan xabari yo‘qligini bildirdi.

12 dekabr kuni Xabarovskdagi xususiy tadbirkor “Vasilyev” avtoparkida OMON va politsiya maxsus amaliyot o‘tkazdi. Politsiya rasmiy xabariga ko‘ra¸ bu reyd "Nolegal migrant" maxsus amaliyoti doirasida o‘tkazilgan.

Amaliyot davomida Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan 103 nafar haydovchi ushlanib, ikkita avtobusda bo‘limga olib ketildi, deydi jabrlanuvchilardan biri Jirg‘albek.

- Kechki 8:30 larda ishni tugatib smenani topshirayotgan paytimizda avtoparkka 2 avtobus omonchilar keldi. Hech qanday tushuntirishlarsiz ular bizni politsiyaga olib ketdi. 100 kishicha odamni ikkita avtobusga tiqib, politsiyaga olib kelishdi. Ishxonamizda yaxshi gapirib kelgan politsiyachilar yetib kelishimiz bilan bizni dubinkalar bilan savalab, tushira boshladi. Hammani yuzini yerga qaratib, enkaytirib orqaga qaramasdan otdelga olib kirdi, deydi muhojir yigit.

Jabrlanganlarning voqeadan so‘ng telefonga olingan videotasvirlarida ularga yetkazilgan tan jarohatini ko‘rish mumkin.

Bir necha kishi kaltaklash davomida hushidan ketgan
Bir necha kishi kaltaklash davomida hushidan ketgan

Jirg‘albekning aytishicha, politsiya haydovchilarni¸ hatto hujjatini ko‘rsatishini kutmasdan¸ kaltaklashga o‘tgan:

- “Nega?”, degan savolni berishga ham qo‘ymadi – tinmasdan uradi, boshni ko‘tartirmasdan. Ular odamlar ustiga oyoqlari bilan chiqib, nazorat kameralarini skoch bilan yopib tashladi. Hammani o‘tirg‘izib dubinka va bitalar bilan ura boshladi: “Senlar qizilda o‘tasan doimo! Passajirlarga qo‘pol gapirasanlar! Sovuq turqlaring bizga yoqmayapti!”, deb yomon so‘zlar bilan haqorat qildi. 3-4 bolani yomon urdi – bir nechtasi hushidan ham ketib qoldi, bittasi tilini yutvorishiga sal qoldi. 3-4 soat savalashdi!¸ dedi Jirg‘albek.

Suhbatdosh politsiyachilar ushlanganlarni sahargi 3-4larda qo‘yib yuborgani, ayrimlarning hujjatlari va telefonlarini qaytarib bermaganini bildirdi.

U “Ertaga hech narsa bo‘lmagandek ishga chiqasanlar!”, deya buyruq ham berilganini ham qo‘shimcha qildi.

Aytilishicha¸ ayovsiz kaltaklangan avtopark ishchilari yana avtobusda ishxonaga qaytib kelgach¸ sakkiz martacha Tez yordamga murojaat qilgan.

- Kelgan “Tez yordam” og‘ir ahvolda bo‘lganlarni ham pasporti yo‘qligi sabab yo‘lda tushirib qoldiribdi! Pasportlar va telefonlarni omonchilar qaytarmadiku! Biz bu bolalarni o‘zimiz uyiga olib borib tashladik.

Jirg‘albek ko‘rsatmalarini Ozodlikka ismi sir qolishini so‘ragan yana bir nechta jabrlangan muhojir tasdiqladi.

Kaltaklangan haydovchilarning 80 nafari Qirg‘iziston, qolgan 23 nafarining O‘zbekiston va Tojikistondan ekani aytilmoqda.

Hozircha jabrlanganlardan faqat 17 nafar qirg‘izistonlik muhojirgina Qirg‘iziston konsulligiga politsiya xodimlari ustidan ariza bilan murojaat qilgan.

Ular Ozodlikka voqea tafsilotlari bilan Qirg‘iziston Bosh konsulligi shug‘ullanayotgani, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi a’zolari ham xabar topganini aytdi.

O‘zbekistonlik haydovchilar Ozodlikka zo‘ravonlik haqida arz qilishdan qo‘rqayotgani va “vaziyatni murakkablashtirmaslik”ka qaror qilganini bildirdi.

Kaltaklangan ishchilar o‘zlarining Xabarovsk shahrining Voronejskaya ko‘chasida joylashgan politsiya bo‘limlaridan biriga olib kelinganini aytdi.

Jarohatlar asosan politsiya dubinkasi va tayoqdan olingan
Jarohatlar asosan politsiya dubinkasi va tayoqdan olingan

Rossiya IIVsining Xabarovsk viloyati bo‘yicha boshqarmasi rasmiysi bu ma’lumotni inkor qilishga urindi:

- Ushlanganlarni Voronejskaya ko‘chasi, 1 uyga olib kelishgani bo‘lishi mumkin emas! U yerda GIBDD joylashgan. Bu ish masalasida biror tekshirish borayotgani-bormayotgani borasida menda hech qanday ma’lumot yo‘q! Matbuot xizmatimizga murojaat qiling, deya zarda qildi boshqarma navbatchisi Ponomarenko.

Ma’lumki, Rossiya Davlat Dumasi chet el grajdanlariga Rossiya hududida taksi va avtobus haydovchisi bo‘lib ishlashni taqiqlovchi qonun ustida ish olib bormoqda. Bugunga kelib Rossiyaning barcha mintaqalirada Rossiyada berilgan haydovchilik guvohnomasisiz odam tashuvchi avtotransportni boshqarish mumkin emasligi qonunan belgilab qo‘yilgan.

Regnum axborot agentligi 12 dekabr kungi politsiyaning “muhojirlardan tozalash” amaliyoti oqibatida Xabarovsk shahrida avtobus qatnovi to‘xtab qolgani, yuzlab xabarovskliklar ishga kech qolganini yozdi.

“Xabarovsk o‘lkasi Ichki ishlar boshqarmasi Vasilyev avtokorxonasida 70 ziyod haydovchiga ishlashga taqiq borligiga qaramasdan ularning nolegal tarzda hujjatsiz ishlab kelganini ma’lum qildi", deyiladi Regnum xabarida.

Xabarovsk politsiya idorasining rasmiy saytida 13 dekabr kuni bu reyd haqidagi qisqa xabarda “avtotransport korxonasida 73 nafar hujjatsiz yurgan grajdanin aniqlangani” va jumladan tekshiruv natijasida “12 xorijlik shaxs Rossiya Federatsiyasida migratsiya qoidalarini buzgan holda” yashab kelgani ma’lum qilindi.

XS
SM
MD
LG