Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:27

Xorijiy madrasada o‘qigan tojikistonlik bolalar maxsus maktabda qayta tarbiyalanmoqda


Dushanbedagi aeroport, 5 yanvar, 2011 yil
Dushanbedagi aeroport, 5 yanvar, 2011 yil

Tojikistonda Bangladesh kabi davlatlarda diniy maktablarda tahsil olgan bolalar vataniga qaytarilib, maxsus qayta tarbiyalash maktablariga joylashtirilmoqda.

Mamlakat rasmiylariga ko‘ra, bundan maqsad muayyan muddat madrasada tahsil olgan bolalarning jamiyatga “qayta moslashishiga” ko‘maklashishdir.

Ammo, ota-onalari o‘z bolalari ko‘rsatilmayotganidan arz qilmoqda.

2010 yilda prezident Emomali Rahmon ota-onalardan xorij madrasalarida tahsil olayotgan bolalari terrorchiga aylanishi oldini olish uchun ularni vataniga qaytarishni talab qilgan edi.

O‘shandan beri taxminan 3400 tojikistonlik o‘quvchi vataniga qaytib keldi.

Ammo, Mahmadzarif Saidov 13 yoshli o‘g‘li noyabr oyida internatga olib ketilganidan beri u bilan ko‘risha olmayotganini aytdi. Saidov hatto farzandi joylashtirilgani aytilayotgan maktabda ekaniga amin emasligi, qanday muhitda tahsil olayotganini bilmasligini qo‘shimcha qildi.

Ta’lim vazirligi rasmiylarining aytishicha, madrasada tahsil olgan bolalar dunyoviy maktablarda o‘qishni davom ettira olishi uchun maxsus qayta moslashish saboqlarida qatnashmoqda.

10 dekabr kuni Ta’lim vazirligi matbuot kotibi Ehson Xushvaqt:

- Bu bolalar oddiy maktabda o‘qimagan, bizning hayot tarzimizga moslashmagan, - dedi.

Ozodlikka bergan intervyusida kotib bolalar adaptatsiyasi uchun bir necha oydan bir yilgacha vaqt kerak bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Tojikiston rasmiylari necha tojikistonlik bola Bangladesh madrasalarida tahsil olgani yoki ular qay yo‘sinda vataniga qaytarilganini ochiqlagani yo‘q.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan huquq-tartibot organlari rasmiysi keyingi sakkiz oy davomida 10 bola Tojikistonga olib kelinganini aytdi.

Ekstremizmga qarshi kurash doirasida Tojikiston rasmiylari bolalarni davlat ruxsatisiz xorij maktablariga yuborishni man etgan. Rasmiylar hisoblariga ko‘ra, yuzlab tojikistonlik bola xorijda islomiy maktablarda tahsil olmoqda.

Bundan 10 yil oldin Rahmon islomiy maktablarda tahsil olayotgan bolalar zudlik bilan vataniga qaytmasa, 5-10 yilda terrorchi va ekstremistlarga aylanishini ta’kidlagan edi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron, Pokiston hamda arab davlatlarida tahsil olgan 3694 tojikistonlik bolaning aksari vataniga olib kelingan.

Ulardan biri, 33 yoshdagi Dilshod prezident Rahmon bayonnomasi ortidan Misrdan darrov qaytib kelgan bo‘lsa-da, 10 yildan beri uni kuzatib kelishayotganini aytdi. Misr, Pokiston va Saudiya Arabistoni madrasalarida tahsil olib qaytgan boshqa tojikistonliklar ham ularni politsiya muntazam ravishda so‘roq qilishini aytishadi.

Bu orada Tojikistonda bir madrasadan boshqa barcha diniy maktab yopildi. Hozirgi kunda Tojikistonda faqat bitta madrasa va bitta Islomiy universitet bo‘lib, ularning ikkisi ham poytaxt Dushanbeda joylashgan.

Tojikistonda, shuningdek, yosh bolalarning juma namozida qatnashishi man etilgan.

Hukumat tanqidchilari aholining diniy hayoti keskin nazorat qilinayotgani va siquvga olinayotgani norasmiy maktablar paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishini aytib, xavotir izhor qilib keladi.

Shuningdek, ularning so‘zlariga ko‘ra, chuqur ildiz otgan korruptsiya, keng tarqalgan ishsizlik, kambag‘allik va fundamental erkinliklarning toptalayotgani Tojikiston barqarorligiga ekstremizmdan ko‘ra kattaroq tahdid soladi.

XS
SM
MD
LG