Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:24

Jizzaxlik 19 yashar yigit Qizil maydonda yiqilib halok bo‘ldi


Moskva shahrining Qizil maydonidagi yaxmalakda yiqilib, muzga boshi bilan tushgan 19 yashar o‘zbek muhojiri 17 dekabrda shifoxonada vafot etdi. 1-Gradskiy kasalxonasi vrachlari jizzaxlik Farruh miyasiga qon quyulishi oqibatida halok bo‘lganini qayd etdi.

Bugun-erta muhojir jasadi O‘zbekistonning Moskvadagi konsulligi va mehnat agentligi vakolatxonalari ko‘magida Toshkentga yuboriladi.

Moskva shahar politsiyasi xorijlikning o‘limi yuzasidan yaxmalakda tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi.​

9 dekabrda Rossiya poytaxti markazidagi Qizil maydonda o‘rnatilgan “GUM-katok” yaxmalagida ikki do‘sti bilan konki uchayotgan mehnat muhojiri boshi bilan o‘ng‘aysiz yiqilib, ensasi bilan muzga uriladi.

Farruh Nurmatov
Farruh Nurmatov

“Komsomolskaya pravda” xabariga ko‘ra, boshi bilan urilgan yigit o‘rtoqlari yordamida metroga tushadi, ammo ko‘ngli aynib, qayt qiladi va hodisa guvohlari yordamida chaqirtirilgan “Tez yordam” bolani shifoxonaga olib ketadi.

- Boshining qattiq urilishi oqibatida uning miyasiga qon quyulgan, - deya xabar qildi 1-Gradskiy shifoxonasi rasmiylari jurnalistlar murojaatlariga.

17 dekabr kuni o‘zbekistonlik ekani aniqlangan migrant miyasidan olgan jarohat tufayli ushbu kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida vafot etdi.

Moskva shahar politsiyasi xorijlikning o‘limi yuzasidan yaxmalakda tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. Tergovchilar o‘zbekistonlik migrantning o‘limi baxtsiz hodisa ekani to‘g‘risida dastlabki xulosa chiqarilganini bildirdi.

Ozodlik Qizil maydonda yiqilib o‘lgan yigit Jizzaxning Do‘stlik tumanilik 1999 yilda tug‘ilgan Farruh Nurmatov ekanini aniqladi.

Farruhning otasi Farhod Nurmatov Ozodlik bilan suhbatda o‘g‘li Moskvaga birinchi marta kelganini aytdi.

- Konki uchib, yiqilib hushidan ketibdi, boshi aylanib, qayt qilibdi, deydi. Boshqa hech narsa bo‘lmagan, shu konkidan yiqilgan. Miyasi chayqalib, operatsiya olibdi. Begona yurtda bolam shunday bo‘lib turibdi... Ayasi eshitsa tamom bo‘ladi. Shu yilning 13 yanvarida ketuvdi, otdelka ishlar bilan shug‘ullanardi. Ertaga, bir yarim oydan keyin, 16 fevralda 20 yoshga kirishi kerak edi. Taqdiri shu ekanda bolamni, - deya ko‘ziga yosh oldi ota.

Yaxmalak ma’muriyati vakili Ozodlik so‘roviga javoban o‘zbekistonlikning o‘limini baxtsiz "hodisa" deb atadi.

Tergovchilar Farruh shifoxonaga olib borilganida hushida bo‘lgani, bo‘lib o‘tgan voqeani o‘zi aytib, shifokorlar savollariga javob berganini aytmoqda.

1-Gradskiy shifoxonasida miyasiga qon quyulishi natijasida vafot etgan Farruh Nurmatovning jasadi shahar o‘likxonasida qolayotgani, yaqin orada u Moskvadagi O‘zbekiston konsulligi va Tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiyada vakolatxonasi yordamida Toshkentga uchoqda jo‘natilishga hozirlanayotgani ma’lum bo‘ldi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG