Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:34

O‘zLiDepdan ko‘rsatilgan nomzod hokimlik ko‘rsatmasi bilan saylovga qo‘yilmaganini iddao qildi


Saylovga oid karikatura. Eltuz.com
Saylovga oid karikatura. Eltuz.com

Nomzodi Qashqadaryo viloyat, Shahrisabz shahar xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan tadbirkor Muhabbat Nasrullayevaning ism- familiyasi nomzodlar ro‘yxatidan o‘chirildi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Muhabbat Nasrullayevaga ko‘ra, O‘zLiDepning Shahrisabz shahar bo‘limi mulozimlari bu o‘zgartirish shahar hokimligi tomonidan bo‘lganini iddao qilishgan.

Shahar hokimining o‘rinbosari buni qat’iy inkor qilib, hokimlik nomzod ko‘rsatishga aralashmasligini bildirdi.

O‘zLiDepning Shahrisabz shahar bo‘limi raisi Muhabbat Nasrullayeva nomzodi nomzodlar ro‘yxatidan o‘chirilganini aniq izohlab bera olmadi.

Shahrisabz shahrida bir necha aptekasi bor tadbirkor Muhabbat Nasrullayeva nima sababdan o‘z nomzodini deputatlikka qo‘yganini shunday izohladi:

Haqsizlikni bemorlardan ko‘p eshitaman bu yerda.


- Dorixonada ishlayman, bemorlar bilan muloqotda bo‘laman. Masalan, paxta terimiga chiqib sog‘lig‘ini yo‘qotgan bir odam keldi. Hokimlik paxta tersang uy qurish uchun ikki sotix yer beraman, deb va’da bergan ekan. 72 kun tinmay issig‘u-sovuqqa qaramay paxta teribdi. Lekin bir yildan buyon yer ololmayapti ekan. Haqsizlikni bemorlardan ko‘p eshitaman bu yerda.

Tadbirkor uni deputat bo‘lishga undagan ikkinchi muammo haqida shunday dedi:

Ahvol shu darajaga keldiki, barcha homilador ayollarga miyaga ta’sir qiluvchi Sitikolin dorisini yozib bermoqda.


- Ikkinchi asosiy muammo o‘z kasbim va insonlarning salomatligi bilan bog‘liq. Kasalxonada ahvol qanaqa? Dorilarni firma vrachlarga taklif qiladi va ular diagnozi to‘g‘ri kelmasa ham shu dorilarni kasallarga yozib beraveradi. Lekin ahvol shu darajaga keldiki, barcha homilador ayollarga miyaga ta’sir qiluvchi Sitikolin dorisini yozib bermoqda. Firmani egasi keladida, menga, mana bu dorilarni duxturlar bilan gaplashdim, dorixonangizga tushirib bering, deb iltimos qiladi. Ularning o‘zaro manfaatdorligi borligi esa bor narsa. Axir bu mumkin emasku, desam, duxturlar bilan gaplashdim, bo‘ladi ekan, deydi. Homiladorlarga yozilyapti, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga yozilyapti. Bularni ko‘rib chiday olmadim. Bosh vrachga borib aytsam, sen kimsan o‘zi, deydi. Deputat bo‘lsam, hech bo‘lmasa o‘z shahar va tumanimizda bu kabi haqsizliklarga chek qo‘yardim balki, deb o‘ylagandim.

Muhabbat Nasrullayeva joriy yilning aprel oyida O‘zLiDepga a’zo bo‘ladi va uning nomzodi O‘zLiDepning Shahrisabz shahar kengashi yig‘ilishida ko‘rsatiladi.

U esa, opa bilasizku, tushunasizku, kattalar hal qiladi deyishdan boshqa gapga o‘tmadi.


- 22-Fayzobod okrugidan deputatlikka nomzodim qo‘yilgan edi, ammo "Kesh" gazetasida chop etilgan ro‘yxatda ism-familiyam yo‘qligini ko‘rib, Shahrisabz shahar kengashiga telefon qildim. Fazliddin degan yigit olib, tavsiya qilganimiz rostu, lekin hokimiyatdan tushirib qoldirishibdi, dedi. Hokimiyatga borib aytilgan mulozim bilan uchrashdim, u tan olmadi. Yana qaytib, Fazliddinning oldiga keldim. U esa, opa bilasizku, tushunasizku, kattalar hal qiladi deyishdan boshqa gapga o‘tmadi. O‘zLiDePning Shahrisabz shahar kengashi saylovga 6 kun qolganda texnik xatolik bo‘lib, mening nomzodim o‘rniga boshqaniki kiritilganini aytdi.

O‘zLiDepning Shahrisabz shahar bo‘limi raisi Fazliddin Rajabov, Muhabbat Nasrullayevaning nomzodi ro‘yxatga olinganini tasdiqlar ekan, uning nima sababdan ro‘yxatdan tushirib qoldirilganini aniq aytib berolmadi:

- Biz o‘zimiz ham shunga aniqlik kiritishga harakat qilyapmiz, lekin bizga ham hech qanaqa aniq ma’lumot berilmayapti. Aniqlashtirib, aniq ma’lumotni opaga aytamiz.

Shahrisabz tumani hokimining o‘rinbosari Azamat Sultonov, hokimlikning nomzodlarni tanlash ishiga aralashishini inkor qildi:

- Partiyaning xodimlari yoshlik qilib shunday deyishgandir. Lekin opaning o‘ziga aytdim. Hokimlik bu ishlarga aralashmagan va aralashmaydi ham. Partiyaning o‘zi bilan hal qiling, dedim. Hokimlikni partiya nomzodini ko‘rsatishga haqqi yo‘q, dedi Shahrisabz tumani hokimining o‘rinbosari Azamat Sultonov.

Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 20 sentabrdan saylov kampaniyasi boshlanganini e’lon qildi.

2019 yilning 22 dekabri - O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni, deb belgilandi.

Markaziy saylov komissiyasi 20 milliondan ortiq saylovchi ro‘yxatga olinganini bildirdi.

Bu yilgi saylovlar ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladi. Kodeksga binoan endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovlarda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugidan nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG