Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:23

OzodTa’sir: Saylovda qatnashishdan bosh torttirilgan nomzodlar qayta tiklandi


Kosondagi saylov uchastkalaridan biri(koson.uz)
Kosondagi saylov uchastkalaridan biri(koson.uz)

Qashqadaryo viloyat, xalq deputatlari Koson tuman Kengashiga saylovda nomzodi qaytarib olinishi haqida majburiy ariza yozib bergan nomzodlarga 22 dekabr kuni ovoz berildi.

Ozodlik deputatlikka nomzodi qo‘yilgan mulozimlardan o‘z nomzodini qaytarib olish haqida majburiy ariza yozdirib olingani haqida 20 dekabr kuni xabar bergan edi.

22 dekabr kuni Ozodlik suhbatlashgan nomzodlarning aytishlaricha, ular saylov komissiyasiga 21 dekabr kuni chaqirtirilib, arizalar bekor qilingani, nomzodlikka qayta tiklangani haqida xabar berishgan.

Ayni paytda, Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi Ozodlik tilga olgan G‘ayrat Boymirzayev nomzodi saylov byulletenidan olib tashlanmagani va u qonuniy ravishda saylovlarda deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etishi haqida bayonot berdi.

Koson tumanidagi Ayronchi MFY raisi G‘ayrat Boymirzayev 20 dekabr kuni Ozodlikka bergan intervyusida tuman hokimi o‘rinbosari Ubaydullo Ochilov undan saylovda qatnashishdan ixtiyoriy voz kechish haqida ariza yozdirib olgani haqida gapirgan edi:

- Qariyb o‘ttiz yildan buyon hokimiyat tizimida ishlayman. Tuman hokimining muovinlari uning nomidan ish qilyapti. Men O‘zLiDepdan - prezident partiyasidan nomzodimni qo‘ygan edim. Hamma narsa hokimiyatning qo‘lida bo‘lganidan keyin shunday bo‘ladi ekan, partiyada rol bormi? Yo‘q! Gapimni yozib olib, prezidentga qo‘yib beringlar. Prezidentim uchun, xalqim uchun jonimni beraman. Biz saylovchilar bilan uchrashdik, dasturlarimiz bilan xalqni tanishtirdik. Hammaga ma’qul bo‘ldi. Endi esa majburan oldirtiryapti, olmasang ertaga ishlagani qo‘ymasa, nima qilish kerak? Mening o‘z nomzodimni qo‘yishimga konstitutsiyaviy haqqim bor. Endi, kostyumimni yelkamga tashlaymanda, O‘zbekistondan chiqib ketaman. Bunday yolg‘on, muttaham, o‘g‘ri zamonning keragi yo‘q menga! Men raislikdan uyalaman, or qilaman endi!”

Qashqadaryo viloyat saylov komissiyasi bu holatni o‘rganib, chiqib 21 dekabr kuni shunday bayonot berdi:

“G‘.Boymirzayev Xalq deputatlari Koson tuman Kengashi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, hozirda ham uning nomzodi saylov byulletenidan olib tashlanmagan va u qonuniy ravishda saylovlarda deputatlikka nomzod sifatida ishtirok etadi.

Audioyozuvdagi mansabdor shaxslarning saylov jarayonlariga noqonuniy aralashuvi haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, OAV larga yolg‘on axborot berilgan-berilmaganligi holatiga baho berilishi uchun o‘rganishda to‘plangan hujjatlar Koson tumani prokuraturasiga taqdim etildi".

Ozodlik 22 dekabr kuni Ayronchi MFY raisi G‘ayrat Boymirzayev bilan bog‘langanda, u nomzodi saylovda ishtirok etish uchun qayta tiklanganini aytdi:

“Kecha chaqirishdi, nomzodimni qayta tiklab, hozir qonuniy saylov bo‘lyapti. Faqat menikini emas, boshqalarnikini ham tiklavordi. Hozir aholi bitta-bitta kelib, qayddan o‘tib ovoz beryapti, hammasi yaxshi”.

20 dekabr kuni tuman hokimligida ishlaydigan mulozimlardan biri, Ozodlikka nomzodlari saylovdan olinishi shart bo‘lgan 14 nafar nomzodning ism-familiyasi yozilgan ro‘yxatni taqdim qilgan edi.

Ozodlik bilan 22 dekabr kuni suhbatlashgan, ismi sir qolishini so‘ragan nomzodlardan biri ham saylov komissiyasiga chaqirtirilib, saylovda bemalol qatnashishi mumkinligi haqida unga xabar berilganini aytdi.

Ozodlik 19 dekabr kuni nomzodi Qashqadaryo viloyat, Shahrisabz shahar xalq deputatlari kengashiga O‘zLiDeP tomonidan ko‘rsatilgan tadbirkor Muhabbat Nasrullayevaning ism- familiyasi nomzodlar ro‘yxatidan o‘chirilgani haqida xabar bergan edi.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan Muhabbat Nasrullayevaga ko‘ra, O‘zLiDepning Shahrisabz shahar bo‘limi mulozimlari bu o‘zgartirish shahar hokimligi tomonidan bo‘lganini iddao qilishgan.

Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasi bayonotida, bu haqda shunday deyilgan:

"Shuningdek, xabarda go‘yoki Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan xalq deputatlari Shahrisabz shahar Kengashiga deputatligiga nomzodi qo‘yilgan tadbirkor Muhabbat Nasrullayevaning ism-familiyasi shahar hokimligi tomonidan o‘chirilganligi ta’kidlab o‘tilgan.

Saylov kodeksining 91-moddasida mahalliy Kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish faqat siyosiy partiyaning mutloq vakolati, boshqa hech qanday tashkilotga, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyat idoralariga bunday huquq berilmagan.

Xalq deputatlari Shahrisabz shahar Kengashiga hech qaysi siyosiy partiya tomonidan Muhabbat Nasrullayevaning deputatlikka nomzodi ko‘rsatilmagan, Shahrisabz shahar saylov komissiyasi tomonidan uni nomzodi ro‘yxatga olinmagan".

XS
SM
MD
LG