Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:15

Hokim bog‘ qilish uchun yer berdi, fermer 10000 ko‘chat ekkandan keyin tortib oldi


"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘i
"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘i

Farg‘ona viloyat, O‘zbekiston tumanidagi “Ko‘nazar saxovatli bog‘lari” fermer xo‘jaligi rahbarining aytishicha, tuman hokimi o‘tgan yili bog‘dorchilik uchun o‘zi ajratgan yerni tortib olib, 300 gektar yeri bo‘lgan boshqa fermerga qo‘shib bergan.

Olimjon Usmonovning aytishicha, uning “Ko‘nazar saxovatli bog‘lari” fermer xo‘jaligi 24 gektar yerga 77 million so‘mlik bodom, yong‘oq, gilos, olma, shaftoli, o‘rik ko‘chatlari o‘tqazgan edi.

Tuman hokimi 2019 yilning aprelida fermerni ogohlantirmasdan, unga hech qanday bildiruv bermasdan yerini zaxiraga qaytarish haqida qaror chiqardi.

Tuman ma’muriy sudi va viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi hokim qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

O‘zbekiston tuman hokimi bu borada Ozodlik bilan gaplashishni istamadi.

O‘zbekiston tumanidagi “Mas’uli chashma” chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi 2018 yil 10 sentabrda tuman hokimining 2249 sonli qarori bilan “Ko‘nazar saxovatli bog‘lari” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligiga aylantirildi.

Tuman hokimining bu qaroriga o‘n mulozimdan iborat tuman hokimligi huzuridagi yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning xulosasi asos bo‘lgan.

"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘iga yer ajratish haqida komissiya xulosasi
"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘iga yer ajratish haqida komissiya xulosasi

“Ko‘nazar saxovatli bog‘lari” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Olimjon Usmonovning aytishicha, hokim qarori chiqqanidan so‘ng, ular astoydil bog‘ qilishga kirishgan:

24 gektarga qariyb o‘n mingta uch yillik ko‘chat ekdik.


- Bog‘dorchilikni rivojlantirish haqidagi prezident qaroridan so‘ng, biz chorvachilikdan bog‘dorchilikka ixtisoslashtirish haqida hokimga ariza yozdik. Komissiya ko‘rib chiqdi, ma’qulladi, hokim qaror chiqardi. Qo‘lni shimarib ishga kirishdik. 24 gektarga qariyb o‘n mingta uch yillik ko‘chat ekdik. Har bir ko‘chatni 8 ming so‘mdan sotib oldik. Ko‘chatning o‘ziga 77 million so‘m sarfladik.

"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘iga yer ajratish haqida tuman hokimi qarori
"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘iga yer ajratish haqida tuman hokimi qarori

Olimjon Usmonovning aytishicha, 2019 yilning aprelida yer zaxiraga olib qo‘yilganini uning yeri qo‘shib berilgan boshqa fermerdan eshitgan:

- Bizning hech narsadan xabarimiz yo‘q, solig‘ini to‘lab dehqonchiligimizni qilib yotganimizda narigi fermer xo‘jaligi rahbari kelib, bu joy bizga o‘tdi, bo‘shatib qo‘yinglar, deyapti. O‘shanda bildik. Hech qanday ogohlantirish bo‘lmagan, hech qanday ariza olinmagan.

Shundan so‘ng fermer xo‘jaligi hokimning qarorini O‘zbekiston tuman ma’muriy sudiga berdi. Sud hokimning qarorini o‘z kuchida qoldirdi:

Hokim o‘z qarorini o‘zi bekor qilar ekan, nima uchun bog‘dorchilik uchun qaror chiqardi?


- Hokimning bunday qarori chiqishi uchun yoki fermer xo‘jaligi rahbarining arizasi bo‘lishi kerak yoki sudning qarori bo‘lishi kerak. Hokim nimanidir asos qilib ko‘rsatishi kerak, bu narsa yo‘q. Hokim o‘z qarorida biz fermer xo‘jaligini borib tekshirdik, deyapti. Aslida tekshirish bo‘lgani yo‘q. Bizning bu da’volarimizni sud inobatga olmadi. Viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi ham hokim qarorini o‘z kuchida qoldirdi. Hokim o‘z qarorini o‘zi bekor qilar ekan, nima uchun bog‘dorchilik uchun qaror chiqardi, nima uchun bizni shuncha sarf-xarajatga kuydirmoqda?

"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘i
"Ko‘nazar saxovatli bog‘lari" bog‘i

Mazkur ish bilan yaqindan tanish, sud majlislarida qatnashgan fermer vakilining aytishicha, hokim yerni g‘ayriqonuniy tarzda zaxiraga olgan:

“Birinchidan, hokim yerni zaxiraga olishdan oldin fermerni xabardor qilmagan va asos ham ko‘rsatmagan.

Ikkinchidan, advokatimiz hokimning yerni zaxiraga olish haqidagi qaroriga protest kiritishni so‘rab, prokuraturaga ariza berganmiz. Lekin prokuratura sudga beringlar deb qaytarib bergan. O‘sha paytda yerga da’vogar bo‘lgan "Qorayozbobo" fermer xo‘jaligi ham uchinchi shaxs sifatida kirib, prokuraturaga hokimning “Ko‘nazar saxovatli bog‘lari”ga yer berish haqidagi qarorini bekor qilish haqida protest keltirishni so‘ragan. Buni qarangki, sud jarayoni davom etayotgan paytda, bu qonunan mumkin emas, prokuratura sudga protest kirityapti. Qoida bo‘yicha bu hozir sudda ko‘rilyapti deb arizasini qaytarib berish kerak edi. Lekin prokuratura protestni sudga kiritib yuborgan. Vaholanki bu sud jarayonining uchinchi shaxs bo‘lgan "Qorayozbobo" fermer xo‘jaligiga umuman daxli bo‘lmagan.

Uchinchidan, hokimning yerni zaxiraga olish qarorida fermer xo‘jaligining eski nomi, ya’ni “Mas’uli chashma” fermer xo‘jaligi nomi yozilgan. Hokim qarorida “Ko‘nazar saxovatli bog‘lari” nomi yo‘q.

To‘rtinchidan, fermerdan ham bir kamchilik o‘tgan. Fermer xo‘jaligini rasmiylashtirganda kadastr shartnomasi qilmagan. Sud hozir o‘shani ham yerning olib qo‘yilishiga asos qilib qo‘shyapti. Aslida esa, bu faqat fermerning xatosi emas. Tuman hokimi qaror chiqargandan keyin kadastrga ham shartnoma qilish mas’uliyatini yuklaydi. Kadastr esa shartnoma qildirmagan. Fermerning shunday shartnoma qilish kerakligiga huquqiy bilimi yetarli bo‘lmagan. Lekin tuman va viloyat ma’muriy sudlari buni xatolik deb turibdi.

Va beshinchidan, bu holat fermer yerining olib qo‘yilishi uchun maxsus uyushtirilgan degan shubhaga olib kelyapti. Bo‘lmasa o‘sha fermerning 300 gektar yeri bor, o‘ziga to‘q, shu hududda qo‘li ancha joyga yetadigan fermer hisoblanadi. Kichik fermerning 24 gektar yerini olib qo‘yish uchun shunaqa o‘yinlar qilyapti, degan gumon bor".

Ozodlik bu masalaga munosabat olish maqsadida O‘zbekiston tuman hokimi Qahramon Jo‘rayev bilan bog‘landi. Ozodlik muxbiri o‘zini tanishtirishi bilan hokim "men shtabdaman" dedi-da, aloqani uzib qo‘ydi. Hokim bilan qayta bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda bog‘dorchilikni rivojlantirish va qishloq xo‘jaligida eksport salohiyatini yaxshilash uchun bir necha qaror qabul qildi.

Joriy yilning aprelida prezidentning farmoni bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etildi hamda uning asosiy vazifalari belgilandi.

10 dekabr kuni prezident "Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, sohada qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni qabul qildi.

XS
SM
MD
LG