Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:21

Mirziyoyev olqishlagan “Oybek-Faberje" Toshkentda qayta hibsga olindi


Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oybek Miraliyev bilan. Surat jahon.uz saytidan olindi.

O‘zbekistondagi parrandachilik biznesining asosiy ishtirokchilaridan biri sifatida ko‘riladigan 42 yashar Oybek Miraliyev va uning ukasi Eldor 23 dekabr kuni qayta hibsga olindi. Ozodlikda nusxasi bo‘lgan sud ajrimiga ko‘ra¸ tadbirkorga ehtiyot chorasi sifatida 2 oy qamoq belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi sudyasi T. Tursunov raislik qilgan 23 dekabrdagi mahkamada tadbirkor Miraliyevga nisbatan yangi ayblov ilgari surilgani bois unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilishi haqida ajrim chiqarildi.

Shu tariqa 3 kun oldin jinoyat ishi tuman sud qarori asosida tugatilgan Miraliyev yuqori instansiya sudi ajrimi bilan yana ikki oy qamoqda qoladigan bo‘ldi.

Tergovni Bosh prokuratura olib borgan

Sudda ishtirok etgan Miraliyevning advokati Yoqutxon Xudoyorovaning Ozodlikka aytishicha¸ aka-ukalarga qarshi Bosh prokuraturaning Iqtisodiy jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi jinoyat ishi ochgan. Advokatga ko‘ra¸ Miraliyev ustidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida (Firibgarlik) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik aybi bilan jinoyat ishi ochilgan.

Yashnobod sudi tadbirkorni aybsiz deb topgan edi

Oybek Miraliyev yaqinlarining Ozodlikkka aytishicha¸ aka-ukalarga (Oybek va Eldor) nisbatan ochilgan jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudining joriy yilning 19 dekabr kungi qarori bilan bekor qilingan. (Sud qarori nusxasi Ozodlikda mavjud)

Miralievning advokati Yoqutxon Xudoyorova Ozodlik bilan suhbatda 19 dekabr kungi sud bu ishda jinoyat tarkibi yo‘qligi bois JPKning 83-moddasi 2-qismiga ko‘ra tugatilganini aytdi.

Advokatning Ozodlikka aytishicha¸ joriy yilning 19 dekabrida jinoyat ishi tugatilgani hamonoq, aka-uka tadbirkorlar Bosh prokuratura tomonidan olib ketilgan. va ularga nisbatan jinoyat ishi (168-modda - Firibgarlik) yangidan ochilgan.

Oybekning yaqinlari bu holat ortida "sudga amr bera oladigan akaxonlar" turganiga ishorat qilishdi.

- Uch oy ushladi, jinoyat alomati topisholmadi. Sfabrikovanniy delo deb topdi sud. Lekin prokuratura yana yangi ish ochdi. Shunga sud yana ehtiyot chorasi sifatida 2 oyga qamoq belgiladi. Buyurtmachi Oliy sudga buyruq beradigan darajada qudratli shekilli, - dedi Oybekning yaqinlaridan biri.

Muxrlanib musodara qilindi

Yaqinlarining aytishicha¸ aka-uka tadbirkorlar Oybek, Eldor, Sardor Miraliyevlarga tegishli Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi MChJ hujjatlari olib ketilgan.

Tergov hujjatlari bilan tanishgan yana bir mulozimning iddaosiga ko‘ra¸ Oybek Miraliyevga tegishli bo‘lgan narxi taxminan 170 ming AQSh dollari turadigan, 2016 yili ishlab chiqarilgan “Mercedes Maybach” avtomobiliga jinoyat ishi doirasida vaqtincha band solingan.

Tergov ishi bilan tanishgan respublika huquq-tartibot organlarida ishlovchi mulozim iddaosiga ko‘ra¸ Oybek va Eldor Miraliyevlar boshqa bir mashhur tadbirkorning (mulozim bu tadbirkorning ism-familiyasini Ozodlikka aytdi) 7 million AQSh dollarini olib, qaytib bermaganlikda gumon qilinmoqda.

Iddaolar

Internetdagi “Jahon.uz”nashrining yozishicha tadbirkorning qamoqqa olinishi ortida O‘zbekistondagi yirik kriminal avtoritetining manfaatlari turibdi.

O‘z faoliyat doirasiga matbuotga gapirish vakolatiga kirmagani bois, ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimning aytishicha, jinoyat ishi papkasi ustiga “Nazoratda” degan muhr bosilgan.

Mulozimga ko‘ra¸ bu ish “Prezident administratsiyasi boshlig‘i va Bosh prokuratura nazoratida ushlab turilibdi”.

Mulozim iddaosiga ko‘ra¸ tadbirkordan musodara qilinadigan pullar Toshkentda qurilishi rejalangan "Sport arenasiga" sarflanadi.

Ammo bu iddaoning hujjat ko‘rinishidagi tasdig‘i Ozodlikda yo‘q.

Ish fevralda ochilgan edi

Oybek Miraliyevning advokati Yoqutxon Xudoyorovaning Ozodlikka aytishicha, Toshkent shahar IIB Oybek Miraliyev va uning ukasi ustidan tergov ishini joriy yilning fevralida ochgan. Aka-ukalar tergovga qatnab yurgan.

- Jinoyat alomati topilmagach, delo yopilgan. 21 sentabrda Bosh prokuratura unga sirtdan qidiruv e’lon qilib, 23 sentabrda hibsga oldi. Himoyamdagi Oybek Miraliyev ustidan uning sobiq tijoriy sherigi, tadbirkor G‘ofir Rahimovning xotini Lola Rahimova va uning singlisi shikoyatlari asosida tergov qo‘zg‘atilgan¸ - dedi advokat Yoqutxon Xudoyorova.

7 million dollarlik da’vo

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ajrimida Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarning ismlari da’vogar sifatida zikr qilingan.

Advokatning ayblov hujjatlariga tayanib¸ Ozodlikka bildirishicha¸ Oybek Miraliyev Lola Rahimovaning singlisiga tegishli ko‘chmas mulkni 650 ming dollarga sotib, pulini bermaganlikda gumon qilinmoqda.

Advokat tanishgan da’vo arizasida Lola Rahimova o‘ziga tegishli Maybax rusumli avtomobilni “Oybek Miraliyev o‘zlashtirdi” deb da’vo qilgani yozilgan. Bundan tashqari G‘ofir Rahimovning vakili o‘z da’vo arizasida Oybek Miraliyev va ukasi Rahimovlar oilasiga tegishli jami 7 million dollarga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblamoqda.

Ammo, Oybekning advokati Yoqutxon Xudoyorova aka-ukaga qarshi ish to‘laligicha "sfabrikovanniy" (uydirma) ekanini iddao qildi.

Advokat Xudoyorovaga ko‘ra¸ manfaatdor doiralar “ Oybekni qamatish yo‘li bilan unga tegishli ko‘chmas mulklar, shirkatlarni o‘zlashtirib olishmoqchi”.

Ichki ishlar vazirligi tergovchilari tergov paytida Oybek va uning ukasiga qo‘yilgan ayblovlarni asossiz deb topgan va bu xulosa tikilgan hujjatlar to‘plami Ozodlikda mavjud.

Ozodlik gaplashgan Oybekning yaqinlari bu ish ortida G'ofir Rahimov bilan yaqin aloqada bo‘lgan yuqori mansabli hukumat mulozimlari turganini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i yoki inkori yo‘q.

26 dekabrda Ozodlik muxbiri O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmatiga telefon qilib “Miraliyev ishi” bo‘yicha izoh so‘radi. Prokuratura Ozodlik so‘rovini qanoatlantirmadi.

Prezident olqishlagan tadbirkor

Tadbirkor guruhlar orasida "Oybek tuxum"¸ “Oybek-faberje” (Zargar Karl Faberje (1846-1920) yasagan tuxum shaklidagi zargarlik asarlariga ishora) ¸"Kinder syurpriz" degan nomlar bilan tanilgan Oybek Miraliyev so‘nggi 10 yil ichida mamlakatdagi parrandachilikka ixtisoslashgan biznesning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.

Ozodlik tanishgan 2011 yilga oid hujjatlarda Oybek Miraliyev Navoiy viloyat, Karmana tumanidagi “Sardoba Parranda” fabrikasining egalaridan biri ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek Ozodlikda Oybek Miraliyev o‘zining ikki ukasi Sardor va Eldor bilan birgalikda Latviyadan O‘zbekistonga shrot (qoramollar uchun ozuqa, kunjara) import qilgani haqida ma’lumot bor. Ozodlik muxbiri ko‘rgan hujjatlarda aks etishicha, Oybek Miraliyev 2010 yildan 2012 yilgacha BAAning Dubay shahrida bir qancha tijoriy tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etgan.

2017 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aka-uka tadbirkorlar Oybek, Eldor, Sardor Miraliyevlar tomonidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida barpo etilgan parrandachilik majmuasiga borib tadbirkorlarni olqishlagan edi.

XS
SM
MD
LG