Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 22:21

Rossiyadan O‘zbekistonga topshirilishi kutilayotgan qochqin ishi bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat qilindi (VIDEO)


Jamshid Turdiyev uch farzandning otasidir.
Jamshid Turdiyev uch farzandning otasidir.

Rossiyaning Kirov shahrida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi so‘rovi bilan qo‘lga olingan o‘zbekistonlik qochqin Jamshid Turdiyevning yaqinlari u Toshkentga berib yuborilishi mumkinligidan qo‘rqmoqda.

Prokuratura aybloviga ko‘ra, Jamshid Turdiyev diniy-ekstremistik g‘oyalarni, O‘zbekiston hukumatini bosib olishga chaqiriqlarni tarqatgan.

Jamshidning yaqinlari bu ayblovlarni uydirma demoqda.

Moskvadagi “Yordam” inson huquqlari tashkilotio‘zbekistolik muhojirni ekstraditsiya qilishni to‘xtatishni so‘rab, Inson haqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat yuborganini ma’lum qildi.

42 yashar Jamshid Turdiyev 19 dekabrda Vladivostok - Moskva poyezdidan politsiya tomonidan tushirib qoldirildi va hibsga olindi. Kirov shahar transport politsiyasi bayonotiga ko‘ra, Turdiyev O‘zbekiston Bosh prokuraturasi so‘roviga asosan qo‘lga olingan.

21 dekabr kuni Lenin tuman sudida o‘tgan jarayonda asli navoiylik Jamshid Turdiyev O‘zbekiston Bosh prokuraturasi talabi bilan xalqaro qidiruvga berilgani e’lon qilindi.

Sudya Vtyurin o‘zbek muhojirini 30 sutkaga, ya’ni 2020 yilning 18 yanvarigacha - tergov yakuniga qadar hibsda qoldirish to‘g‘risida qaror chiqardi.

Kirov shahar Lenin tuman sudi qarorida qayd etilishicha, Navoiy viloyat DXX boshqarmasi tomonidan Turdiyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-1- moddasi, 3-qismi "g" bandi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

2019 yilning 16 iyunida ochilgan jinoyat ishida aytilishicha: “2012 yilda Rossiyaga O‘zbekistondan chiqib ketgan Turdiyev Facebookda qirg‘izistonlik imom Rashod qori Kamolov g‘oyalarini miyasiga singdirib olib O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyasiga tajovuz qilish, hukumatni bosib olish, O‘zbekiston Respublikasi hududiy yaxlitligini konstitutsiyaga zid ravishda o‘zgartirish, Islom bosh manbasiga qaytish, hayotni faqat Qur’onga asoslanib qurish, ushbu maqsadlarga yetishishga qarshi bo‘lganlarga qarshi siyosiy va qurolli kurashish, barcha musulmonlarni Islomning yashil bayrog‘i ostida birlashtirish maqsadida Suriyada faol jang qilish chaqiriqlarini yozib kelgan".

Bu ayblar bo‘yicha Turdiyev O‘zbekistonda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

"Kirov politsiyasi yangi usulni qo‘lladi!"

Jamshid Turdiyevning himoyasini ta’minlab kelayotgan “Yordam” inson huquqlari tashkiloti rahbari Bahrom Hamroyev Rossiya sud tizimi birinchi marotaba qochqinni berib yuborish uchun “yangicha usulni” qo‘llaganini so‘zlab berdi:

- Kirov shahar Lenin tuman sudi chiqargan qarorni men birinchi marotaba Rossiya sudlarida ko‘ryapman. Bir kun ichida sud ikki xil qaror qabul qilgan: bittasi - “vidvoreniye”, ya’ni O‘zbekistonga migratsiya qonunchiligini buzgani uchun chiqarib yuborish; ikkinchi sud qarori - “ekstraditsiya”, ya’ni O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgani uchun hibsga olish va berib yuborish. Maqsad - qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham uni berib yuborish! Ammo, bizning shikoyatimiz asosida Kirov viloyat sudi deportatsiyani bekor qildi, endi ekstraditsiya qilish uchun esa ekstraditsiya surishtiruvi olib boriladi.

Huquq faoli o‘zbekistolik muhojirni ekstraditsiya qilishni to‘xtatishni so‘rab, Inson haqlari bo‘yicha Yevropa sudiga murojaat yuborganini ma’lum qildi.

“Yordam” tashkiloti rahbari ularning Rossiya Bosh prokuraturasi va xalqaro tashkilotlarga qilgan shikoyati ortidan 26 dekabr kuni Turdiyev prokuratura bosimi ostida qo‘yib yuborilgani, ammo biroz vaqtdan keyin uning ortidan politsiya kelib, Jamshidni ikkinchi marotaba hibs etganini aytdi.

Bahrom Hamroyev oxirgi bir-ikki yilda O‘zbekiston maxfiy xizmatlari haqiqatan JKning 159-, 244- “siyosiy” moddalari asosida qochqinlarni olib ketishni bas qilganini gapirar ekan, Jamshid Turdiyevga nisbatan bu so‘rovnomani “Karimov davriga qaytish”, deb atadi.

Huquq faoli Bahrom Hamroyev ijtimoiy tarmoqlarda “Jamshid Turdiyevni o‘g‘irlab ketishayapti ekan” degan gaplarni tarqatmaslikni, zero u hozir Yevropa sudi himoyasi ostida va ekstraditsiya tekshiruvi yakunlanguniga qadar Rossiyada qolishini bildirdi.

Jamshidning yaqinlari uning aybsizligiga ishonmoqda

Ozodlik bilan suhbatlashgan Jamshidning ukasi Rahimjon akasiga qo‘yilgan ayblarning barchasi "uydirma va tuhmat" ekanini iddao qidi.

- Akamni o‘g‘irlab kelishmoqchi va allaqanday ayblovlar asosida qamashmoqchi. Akamga 30 varaqli ayblov e’lon qilibdi,- dedi Rahimjon.

Youtube tarmog‘ida Jamshidning onasi Rohila Turdiyeva videomurojaati tarqaldi.

Prezidentga va o‘zbek xalqiga qarata gapirgan ona 2012 yilda o‘g‘li MXXchilar bosimi ostida O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lganini eslagan:

- Ishi yaxshi edi, mebel yasardi, jo‘ja chiqarardi inkubatorda. O‘g‘limni dindorligi uchun tuhmat bilan qamadilar, ketishga majbur qildilar. Mahallamiz qo‘mitasi kotibasi “Jamshid, sizni SNB so‘rayapti!”, deb qo‘rqitib, ishini qildirib olardi, o‘g‘lim boshi xam bo‘lib yurdi. Oxiri bolamni “Yo 159- yo 244- moddani bo‘yningga olasan”, deb qamashgandi.

Ona o‘g‘li O‘zbekistonga qaytsa uni boshqa jinoyatlarda ham ayblab qamashlari mumkinligini aytmoqda.

Jamshid Turdiyev 1977 yilda Navoiy viloyatining Karmana tumanida tug‘ilgan. 1992-1994 yillarda Qo‘qon jome masjidi qoshidagi "Kamolot" madrasasida tahsil olgan.

1999 yil Toshkent portlashlaridan so‘ng Turdiyev minglab boshqa dindorlar va siyosiy faollar qatorida “qora ro‘yxatga” tushgan va 2000 yil aprelida u yashagan uy MXX xodimlari tomonidan tintuv qilingan.

Taqiqlangan diniy-ekstremistik guruhlarga aloqadorlar, moyillik ko‘rsatganlar yoki adashib qo‘shilib qolgan kishilarning “qora ro‘yxati” mavjudligi 2017 yilda prezident Mirziyoyev tomonidan rasman aytilgan va bu ro‘yxatdan adashganlarni chiqarish tashabbusi ko‘tarilgani borasida Ozodlik xabar bergandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 8 dekabr kuni Konstitutsiya qabul qilinganining 26 yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida diniy ekstremistik guruhlarga aloqador ko‘rilgan 20 mingdan ziyod fuqaro nazoratdan chiqarilganini ma’lum qilgan.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG