Shvetsiyada istiqomat qiladigan siyosatchi Po‘lat Oxunov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning chetdan keladigan muxolifatga yo‘l bermasligi haqidagi bayonotini "noto‘g‘ri va noqonuniy", deb atadi.
27 dekabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuvda Mirziyoyev: "Ijtimoiy tarmoqlarda muxolifat muhokama qilinmoqda. U bizga qanday foyda keltirdi? Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu yerning nonini yeb, suvini ichishi kerak", degan.
Po‘lat Ohunovga ko‘ra, muxolifat liderlari va a’zolari O‘zbekistonni avvalgi prezidenti Islom Karimov davrida chet elga majburiy chiqarib yuborilgan.
- Hozirgi muxolifatchilar chet elda shakllanmagan. O‘zbekistonni mustaqillikka keltirish davrida mamlakatda faoliyat ko‘rsatgan va millat uchun jon kuydirgan. Karimov davrida ularni namoyandalari chet elga chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Lekin, muxolifatni asosiy qismi O‘zbekistonda.
O‘zbekiston parlamenti sobiq deputati, 2013 yilgacha "Birlik" partiyasi raisi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Po‘lat Oxunov Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda hukmdorni nazorat qiladigan mexanizm yo‘qligini ham tilga oldi.