Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 14:25

Direktor o‘rinbosari o‘quvchini ikkinchi qavat derazasidan itarib yuborgani iddao qilindi (VIDEO)


Suhrob Qarshiboyev
Suhrob Qarshiboyev

Samarqand viloyat, Ishtixon tumanidagi 3-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Suhrob Qarshiboyevning iddao qilishicha, direktor o‘rinbosari Adham Ro‘ziyev uni maktabda “paqildoq” otgani uchun kaltaklab, ikkinchi qavatning derazasidan pastga itarib yuborgan.

O‘quvchining o‘ng qo‘li sinib, miyasi jarohatlangan va ayni paytda kasalxonada davolanmoqda.

Maktab direktorining iddao qilishicha, o‘quvchi o‘zini ikkinchi qavatdan pastga tashlagan.

Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limi mulozimi bu voqea yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.

Cуҳроб Қаршибоев касалхонада
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:26 0:00

Voqea 28 dekabr kuni, 3-maktabda Yangi yilni nishonlash tadbiridan so‘ng yuz bergan.

O‘ninchi sinf o‘quvchisi, 17 yashar Suhrob Qarshiboyevning onasi Yoqutoy Umrzoqovaning iddao qilishicha, uning o‘g‘lini o‘qituvchi ikkinchi qavat derazasidan pastga itarib yuborgan:

- O‘qituvchisi ichkariga, sinfga olib kirib, bolani urgan. O‘g‘lim o‘zini derazadan tashlaydigan bola emas. Menga yiqildi, qo‘li sal lat yedi deb telefon qilishdi. Borsam, o‘g‘limning o‘ng ko‘zi momataloq bo‘lib, ko‘karib ketgan, qo‘li singan, miyasi juda qattiq lat yegan. Duxturlarning menga jaydaricha tushuntirishicha, miyada to‘plangan qon bir tomonga ketsa ko‘zi ko‘rmay qoladi, boshqa tomonga ketsa aqli zaif bo‘lib qoladi. Umuman qimirlatish mumkin emas, deyapti. O‘qituvchining bolamni urishga nima haqqi bor?

Kasalxonaga 28 dekabrda yotqizilgan o‘quvchi Suhrob Qarshiboyev, onasining aytishicha, 1 yanvarda biroz o‘ziga kelib, gapirishni boshlagan. Suhrob Ozodlik bilan suhbatda, o‘qituvchi uni qilmagan gunohi uchun kaltaklaganini iddao qildi:

- Yangi yil tadbiri tugaganidan so‘ng, zalda taqillagan bir ovoz eshitildi. Nima bo‘ldi ekan deb kirgandim, orqamdan zamdirektor kirib, nima qilyapsan, dedi. Men hech narsa qilganim yo‘q, desam, menga gap qaytaryapsanmi dedi-da, ko‘zim aralash yuzimga bir shapaloq soldi. Ko‘zimni ocholmay qoldim. Keyin yoqamdan ushlab, ikkinchi qavat zinasiga sudradi. O‘rtoqlarim ko‘rib qolib, ustoz bunda ayb yo‘q, dedi. Maktabimiz zavxozi keldi. Ikkalasi sudrab tepaga olib chiqib ketdi.

Suhrob Qarshiboyevning aytishicha, o‘qituvchi uni xonasiga olib kirib kaltaklagan:

- Xonaga kirishda meni ichkariga itarib yubordi. Stol va partalarga urilib, derazani oldiga borib qoldim. Ustoz xonani ichkaridan qulflab oldida, kelib meni yana urdi. Shok holatga tushib qoldim. Podokonnikni oldiga yiqildim va uni ushlab o‘rnimdan turdim. Ustoz keldida meni itarib yubordi. Pastga qulaganimni eslayman, boshqa narsani eslolmayman. Men aybsiz aybdor bo‘lib qoldim. Qilmagan gunohimga o‘qituvchi meni kaltakladi. Menga alam qilayotgani mana shu. Men ikkinchi qavatdan o‘zimni beton yerga tashlab, jinni emasmanku?!

O‘quvchi ikkinchi qavat derazasidan beton yerga yiqilgan.

Direktor o‘rinbosari Adham Ro‘ziyevning o‘zi uni kasalxonaga olib borgan.

O‘quvchining onasiga ko‘ra, direktor o‘rinbosari kasalxonadagi vrachlarga zinadan yiqilib shunday bo‘ldi, deb aytgan.

Maktab direktorining ma’naviy va ma’rifiy ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, 32 yashar Adham Ro‘ziyev Ozodlik qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Maktab direktori Rabbana Tolliyevning iddao qilishicha, o‘quvchi ikkinchi qavatdan o‘zini tashlab yuborgan:

- Itarib yubordi, degan gap noto‘g‘ri. Bu maktabda paqildoq paqillatgan. Hech kim bo‘yniga olmagan. Keyin buni xonasiga olib kirib ketayotgan paytda o‘quvchi oldinda bo‘lgan. U derazadan o‘zini tashlamoqchi bo‘lgan, haliyam borib sumkasidan ushlab qolgan. Sumkasini remeni uzilib ketgandan keyin bola pastga tushib ketgan.

Ozodlik ismini oshkor qilmagan Suhrobning sinfdoshlaridan birining aytishicha, maktabda paqillagan ovoz chiqishida Suhrobning aybi bo‘lmagan:

“U yerda paqildoq degan narsaning o‘zi yo‘q edi. Suhrob mening oldimda turgan edi. Menga kolonka yig‘ishtirishayotgan edi. Otopleniya bo‘ladiku, o‘sha narsa tushib ketdida. Suhrob nima bo‘ldi ekan deb zalga kirdi-da shunga tushib qoldi. Shu yerda tushunmovchilik bo‘lib qoldi. O‘qituvchi ham buni Suhrobdan ko‘rdi va urib, sudrab tepaga olib chiqib ketdi”

Ishtixon tumani ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, bu voqea bo‘yicha Suhrob Qarshiboyevning otasi Dilshod Pirnazarov nomidan ariza tushganligi va ayni paytda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilayotganini aytdi.

XS
SM
MD
LG