Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:24

Sud blogerni haqoratlagan Andijon shahar hokimligi matbuot kotibiga 5,5 mln so‘m jarima soldi


 Qo‘chqorovaning aytishicha, u uyg‘urlar bayrog‘ini "terrorchilar bayrog‘i" deb o‘ylagan.
Qo‘chqorovaning aytishicha, u uyg‘urlar bayrog‘ini "terrorchilar bayrog‘i" deb o‘ylagan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha Andijon shahar sudi shahar hokimligi matbuot xizmati boshlig‘i Gulshanoy Qo‘chqorovani “Tuhmat” va “Haqorat qilish” moddalari bo‘yicha aybdor deb topdi.

Sud qaroriga ko‘ra, Qo‘chqorovaga 5 million 575 ming so‘m jarima solingan va ogohlantiruv berilgan.

Human.uz axborot portali rahbari, jurnalist va bloger Xurshid Daliyev ikki oy avval Qo‘chqorovani uni tahqirlovchi post qo‘yganlikda ayblab, huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgandi.

Qo‘chqorovaning Ozodlikka aytishicha, u o‘sha postni jahl ustida qo‘yganini aytib, sudda kechirim so‘ragan va sudning unga chiqargan qaroridan norozi emas.

Bloger Daliyev ham sud qarorini adolatli deb hisoblashini aytdi.

8 yanvar kuni Andijon shahar ma’muriy ishlari sudida o‘tgan mahkamada shahar hokimligi matbuot xizmati boshlig‘i Gulshanoy Qo‘chqorova Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasi (Tuhmat) va 41-moddasi (Haqorat qilish) bo‘yicha aybdor deb topildi.

Qo‘chqorova bloger Daliyevni asossiz ayblab, haqorat qilganini tan olib, sudda kechirim so‘ragan. Bu haqda Ozodlikka Qo‘chqorovaning o‘zi ma’lum qildi:

- Haqiqatdan ham haqoratli so‘zlarni ishlatib yozganim uchun kechirim so‘radim. Menga 5 million 575 ming so‘m jarima solindi. Men roziman, to‘g‘ri solindi. Menga yana ogohlantirish berildi, qaytib bunaqa qilmaslik haqida. Hali sud qarori qo‘limda yo‘q. Lekin qanchadir muddat ichida hech kimni haqorat qilishga haqqim yo‘qligi aytildi. Sud qarori mening ishimga dahl qilmadi. Hamma mening ishdan ketishimni kutayotgan bo‘lsa, bu narsa, menimcha ko‘rib chiqilsa kerak. Buni endi rahbarlarim biladi.

Xurshid Daliev
Xurshid Daliev

Xurshid Daliyev kasalligi bois sudda faqat uning advokati qatnashdi. Daliyev Ozodlik bilan suhbatda sud qarorini adolatli deb hisoblashini aytdi:

- Sud adolatli hukm chiqargan. Bundan ortiq ayol kishiga qanday jazo bo‘lishi mumkin? Qonunda ushbu moddalarga qanday jazo belgilangan bo‘lsa, shuni chiqargan.

Daliyev Andijon shahar hokimligining Telegramdagi Andijon 24 kanali orqali uning sha’niga nisbatan haqoratli post e’lon qilinganidan so‘ng 2019 yilning noyabri boshida huquq-tartibot idorasiga shikoyat yozgan.

Telegramdagi “Muxbir Daliyev” kanalida e’lon qilingan o‘sha postning skrinshotidan ma’lum bo‘lishicha, Qo‘chqorova Daliyevni xoinlik va g‘alamislikda ayblagan. Shuningdek, Daliyevning taqiqlangan “Hizbut Tahrir” diniy oqimi a’zosi ekanini yozgan.

Gulshanoy Qo‘chqorova 6 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda “bloger Daliyevning shahar hokimligiga qaratilgan sarkastik postlaridan jahli chiqqani” sabab o‘sha haqoratli postni yozgani va shahar hokimining talabi bilan bu postni o‘chirib tashlaganini bildirdi.

Qo‘chqorovaning aytishicha, u Xurshid Daliyevning Feysbukdagi profil suratiga Xitoy zulmidan aziyat chekayotgan uyg‘urlarni qo‘llash ramzi sifatida uyg‘urlar bayrog‘ini qo‘ygach, uni “Hizbut Tahrir” diniy oqimiga aloqador degan fikrga borgan. Boisi Qo‘chqorova "dastlab bu bayroqni terrorchilar bayrog‘i" deb o‘ylagan:

- U bayroqning qanaqaligini bilmaganman. Men qarasam hammasi bitta o‘sha bayroq bilan. O‘sha bayroq ostida Bin Laden, bizning O‘zbekistonimizga qarshi ishlar olib borayotganlarni ham o‘sha bayroq ostida ko‘rdim. Buyam shu bayroq ostida, demak xoin ekanda degan ma’noga borib, men, to‘g‘risi, xomlik qilganman va shu postni chiqarganman.

Andijon shahar hokimligi matbuot kotibi terrorchilar bayrog‘i deb tushungan, sathiga yarim oy va yulduz tasviri tushirilgan ko‘k bayroq, aslida Sharqiy Turkiston respublikasi hukumati 1933 yilning 12 noyabrida qabul qilgan bayroq bo‘lib, hozirgi paytda xitoylik uyg‘urlar bu bayroqni milliy ozodlik harakati ramzi deb biladi.

Gulshanoy Qo‘chqorova bilan 6 yanvar kungi suhbatni quyida to‘liq tinglashingiz mumkin:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:30 0:00
Бевосита линк


Ayni paytda

Andijon shahar hokimligi matbuot kotibi Gulshanoy Qo‘chqorova ayblangan moddalar bilan andijonlik bloger Abdufatto Nuriddinov Yangi yil bayrami arafasida 15 sutkaga qamaldi.

4 yanvar kungi sud majlisida bloger Abdufatto Nuritdinovga chiqarilgan dastlabki hukm o‘zgarishsiz qoldirildi​.

Bloger Abdufatto Nuritdinov Facebook tarmog‘ida Otabek Nuritdinov taxallusi ostida Andijon viloyatidagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga keskin tanqidiy munosabatini bildirib kelayotgandi.

XS
SM
MD
LG