Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:19

Ashxobod taqiqlagan kinoni turkmanlar “Sevimli TV”da ko‘rmoqda


Filmdan parcha
Filmdan parcha

O‘zbekistondagi xususiy “Sevimli TV” kanali 21 yanvar kuni “Soyadagi oltovlon” filmini namoyish qila boshladi.

Rejissyor Maykl Bey suratga olgan "Soyadagi oltovlon" (“6 Underground”) ​filmi to‘qima mamlakat bo‘lgan Turgistan, uning qonxo‘r diktatori Rovach Alimovni yo‘q qilishga maqsadida o‘tkazilgan maxsus amaliyotni hikoya qiladi.

Filmdagi to‘qima reallik bilan Turkmaniston voqeligi o‘rtasidagi o‘xshashlik ortidan film Turkmanistonda taqiqlandi.

Taqiqqa qaramay¸ O‘zbekistonning TV4 efir zonasiga kiradigan Turkmanistonning o‘nlab shahar va qishloqlari aholisi 21 yanvar kuni bu filmni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ozodlikning Turkmanistondagi muxbiriga ko‘ra¸ bu film O‘zbekistonga chegaradosh Lebob¸ Dorg‘onota¸ Farob va Xo‘jamboz tumanlarida qiziqish bilan tomosha qilingan.

Har kim o‘zini ko‘radigan ko‘zgu film

Filmni tomosha qilgan Lebob turg‘unlaridan biri Ozodlik muxbiriga bu kino Turkmaniston voqeligini hikoya qilishini bildirdi:

- Kinoda uch polkovnikni o‘ldirishdi. Ulardan birining familiyasi Niyozov. Niyozov esa turkmancha familiyadir¸ deydi leboblik tomoshabin.

Kinoni O‘zbekistonning Turkmaniston chegarasidagi Shovot tumanida ko‘rgan va o‘zini Hamzabek deb tanishtirgan 23 yashar tomoshabin nazarida film O‘zbekiston haqida:

- Yaqinda bir guruh generallarni qamadilarku O‘zbekistonda¸ Mirziyoyevga qarshi chiqqani uchun. Menimcha kinoda shuni ko‘rsatib berganlar. Niyozov degan ot bizda ham bor. Chet elda yurgan milliarderlar bu qamalgan generallarni ortida pul berib turibdi¸ deb ayttilarku. Bu kino shu hozirgi prezidentni ag‘darib tashlamoqchi bo‘lganlar haqida. Menga shunday ko‘rindi lekin.

Filьmdan parcha
Filьmdan parcha

Ozodlik “Sevimli TV” telekanali ma’muriyat bilan bog‘lanib “Soyadagi oltovlon” (“6 Underground”) filmi namoyishi borasida izoh so‘radi.

O‘zini tahririyat bo‘limi xodimi deb tanishtirgan yigit film dastur rejasi asosida efirga uzatilganini bildirdi. Suhbatdosh filmning ziddiyatga sabab bo‘lganidan bexabar ekanini qo‘shimcha qildi.

Ssenariyga ko‘ra, diktatorni ag‘darish, odamlarni zulmdan xalos qilish amaliyoti ortida ma’lum bir davlat emas, milliarder va uning bir guruh ko‘ngilli sheriklari turadi. Filmda Turkmaniston so‘zi ishlatilmagan, ammo o‘xshash sahnalar bor, titrda ayrim voqealar O‘zbekiston g‘arbida kechayotganiga doir eslatmalar ham mavjud.

Turkmanistonda taqiqlangan filmni namoyish qilgan “Sevimli TV”ning asosiy hissadori «O‘zbekkino» milliy agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqovdir.

Orqadog‘ asabini qaqshatgan filmdagi Turgiston qayerda?

Netflixning Turkmanistonni eslatadigan “ekshn” filmida diktator prezidentlikdan chetlatiladi.

O‘tgan dekabr oyida dunyo ekranlariga chiqqan bu film¸ Ozodlik gaplashgan turkmanlarga ko‘ra¸ mamlakatda tezda ommalashgan, hukumat filmni rasman taqiqlashi ortidan uning yashirincha namoyishi avj olgan.

Ashxobod¸ Mari va Toshovuz shaharlarida bu filmni o‘zbek telekanalidan yozib olib disk qilib sotganlar jarimaga tortilgani haqida Ozodlik muxbirlari xabar berdi.

Filmdan g‘azabga tushgan turkman hukumatining AQShga qarshi tashviqot kampaniyasi boshlashgacha borib yetdi.

Ozodlik muxbiriga ko‘ra , mamlakat viloyatlarida o‘tkazilayotgan tashviqotlarda “AQSh Turkmanistonning dushmani ekanligi, mamlakatni parchalash, aholi noroziligini qo‘zg‘ash uchun barcha vositalardan foydalanayotganiga” diqqat qaratilmoqda.

Bu tashviqotlarga mahalliy hokimiyat, byudjet tashkilotlari vakillari, shuningdek, yuqori sinf o‘quvchilari jalb qilinayotgani aytiladi.

Neytral Turkmanistondagi AQSh elchixonasi filmdan masofalandi

AQShning Turkmanistondagi elchixonasi film munosabati bilan boshlangan aksil-amerika kampaniyasi yuzasidan Ozodlik radiosiga izoh ham bergan.

“Mazkur film ko‘ngilochar xususiy kompaniya tomonidan suratga olingan badiiy film. AQSh ham, AQShning Ashxoboddagi elchixonasi ham, Turkmaniston bilan mustahkam va samarali munosabatlar tarafdori. Bu yaqinda Vashingtonda o‘tgan ikki tomonlama siyosiy maslahatlar, C5+5 muloqot guruhi doirasidagi hamkorlik, ikki mamlakatlar o‘rtasida o‘sib borayotgan savdo aloqalari, shuningdek, biz hamkorlikda ishlayotgan ta’lim va madaniy sohadagi ko‘plab loyihalar bilan ham tasdiqlangan”, - deyiladi AQShning Turkmanistondagi elchixonasi tomonidan bildirilgan munosabatda.

Boshqa qo‘shnilar ham norozi

Turkmanistonda taqiqlangan “Turgistan diktatori” haqidagi filmga nisbatan rasmiy e’tirozlar mintaqaning boshqa davlatlarida ham qayd qilinmoqda.

Qozog‘istonning Turkiston shahri hokimi Rashid Ayupov film ijodkorlariga nisbatan e’tirozlar bilan chiqqan.

Bizning fikrimizcha, dunyo bo‘ylab bu filmni ko‘rgan millionlab tomoshabinlar to‘qib chiqarilgan Turgistan mamlakati haqida o‘ylashi va bizning shahrimiz haqida salbiy fikrga kelishi mumkin, chunki nomlar juda o‘xshash. Bundan tashqari, hozir ko‘pchilik bu film aynan Turkiston haqida ishlangan degan fikrda”, - deb yozadi Ayupov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Turkiston hokimining e’tirozi film mohiyatiga emas, asosan “Turgistan” nomi ishlatilishiga qaratilgan.

Turkman hukumati e’tirozlariga nima sababligi noma’lum. Ammo film ssenariysi “Turgistan”ni diktatura zulmidan xalos etishga qaratilgani, Turkmanistondagi aksil-amerika kampaniyasi esa “AQSh mamlakatni parchalash istagidagi asosiy dushman” ekanligi shiori ostida o‘tayotgani inobatga olinsa, buning sabablari ancha jiddiy, siyosiy ekanligi ko‘rinadi.

To‘qima voqealarga asoslangan “6 Underground” badiiy filmining rasmiy Ashxobod tarafidan bu qadar jiddiy qabul qilinishiga prezident Berdimuhammedovning shoubiznesga qiziqishi ham ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin degan farazlar bor.

Soyadagi oltovlon kim? Film nima haqda?

Rejisser Maykl Bey 150 million dollar sarflab suratga olgan “Soyadagi oltovlon” filmi o‘z yurtini diktatordan ozod qilish uchun bor pulini sarflagan vatansevar milliarder haqida.

Filmda milliarder o‘zining o‘limini sahnalashtiradi. Millati ozod bo‘lishini istagan zakiy milliarder diktatorni ag‘darishni maqsad qilgan kichik¸ ammo jangovar armiya tashkil qiladi. Eng mukammal raqamli aloqa tizimi va zamonaviy qurollarga ega bu armiya Turgistanning diktator va uning oilasi ochko‘zligi bois qashshoq yashayotgan xalqini ozod qilishni o‘ziga vazifa qilib qo‘yadi.

Rett Riz va Pol Vernik ssenariysi asosida suratga olingan bu film 2019 yilning 13 dekabrida jahon ekranlariga chiqarildi.

Filmdagi sahnalar shiddati va mahalliy kolorit bastakor SBelf Lorn yozgan musiqalar bois jozibali chiqqani munaqqidlar olqishiga sabab bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG