Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:32

OzodTa'sir: Sirdaryolik fermerlarga paxta puli to‘lab berildi


Fermerlar oq oltin tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ummatovdan hosil pulini tushirib berishni talab qipyapti
Fermerlar oq oltin tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Ummatovdan hosil pulini tushirib berishni talab qipyapti

Sirdaryo viloyat, Oq oltin tumani fermerlariga 2019 yil paxta puli yuz foiz to‘lab berildi.

Ozodlik 23 yanvar kuni tuman hokimligi va "Agrobank"ning tuman bo‘limiga paxta pulini berilishini talab qilib borgan fermerlarning bankda to‘polon qilgani haqida xabar bergan edi.

Oq oltinlik fermerlardan birining aytishicha, 24 yanvar kuni barcha fermerlarning paxta puli ularning bankdagi hisob raqamiga o‘tkazib berilgan:

"Maqola chiqqan kunning ertasi "Sardoba" paxta tozalash zavodi bosh buxgalteri bankka borib, reestrni bankka taqdim qildi. 24 yanvar kuni tushgacha barcha fermerlarning hosil puli yuz foiz hisoblariga tushirib berildi. Fermerlar xursand. Sizlarga katta rahmat".

23 yanvar kuni "Sardoba" paxta tozalash zavodi bosh buxgalteri va bank boshqaruvchisi fermerlardan tuman markazida fontan qurilishi uchun 5-6 million so‘mdan pul o‘tkazishga rozi bo‘lsagina, paxta puli to‘lanishini aytgandan so‘ng, fermerlar bundan norozi bo‘lib, bankda to‘polon ko‘targan va bank qo‘riqchilari ularni tashqariga haydab chiqargan edi.

Fermerlardan biri ular bilan gaplashgan bank boshqaruvchisi va bosh buxgalter ularning qonuniy puli to‘lanishi uchun "noqonuniy" talab qo‘yganini 23 yanvar kuni aytgan edi:

"Hokimning topshirig‘i shunday, 5-6 milliondan fontan qurilishiga o‘tkazib berasizlar, yordam bermasalaring, fontanni qurmasak bo‘lmaydi, dedi. Shunda yoshi katta bir fermer, mayli yordam beramiz, lekin bug‘doyning pulidan fontanga deb olgan edilaring u qayerga ketdi, dedi. Shunda bank boshqaruvchisi u pullaring paxtada avtobuslar odam tashigani uchun avtobazaga o‘tkazib yuborildi, fontanni endi quramiz, dedi. Yarim odam ko‘nganday bo‘ldi, yarmi ko‘nmadi, to‘polon bo‘lib ketdi. Keyin militsiya hammani bankdan chiqarib yubordi".

Bosh buxgalter va bank boshqaruvchisi bunday talabni tuman hokimi Dilmurod Fozilov buyrug‘i deb taqdim etgan edi.

So‘nggi bir oy ichida fermerlarga 2019 yil uchun paxta pulini bermayotgan paxta tozalash zavodlari va klaster korxonalari haqida Ozodlikka shikoyatlar oqimi ko‘paydi.

Ozodlik 14 yanvar kuni Andijon viloyati fermerlari davlatga sotgan paxta pulini “O‘zpaxtasanoat” korxonalaridan ololmayotgani, "O‘zpaxtasanoat" AJ boshqaruvi raisi bu muammo uch-to‘rt kuni orasida hal qilinishini aytgani haqida xabar bergan va 15 yanvardan boshlab fermerlar hisoblariga pul tushgan edi.

Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmayotganidan Ozodlikka arz qildi.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

XS
SM
MD
LG