O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining butun mamlakat bo‘ylab uzatiluvchi 12 ta kanali efirida bir soatlik uzilish bo‘ldi.
Tomoshabinlar 27 yanvar soat 17-00dan 18-00gacha televizor ekranlari qop-qora bo‘lib turganini Ozodlikka aytishdi.
Bir soat o‘tib efir qayta tiklandi. Bu vaqtda ekran ostida: "Efir uzilishi uchun uzr so‘raymiz" deb yozilgan harakatdagi satrlar namoyish etildi.
O‘zMTRK joylashgan Shayxontohur tumani Elektr tarmoqlari korxonasi bo‘limi mutasaddisi 27 yanvar kuni yuz bergan uzilishda televideniyening o‘z aybi bo‘lganligini taxmin qildi.
Sirdaryolik tomoshabinning Ozodlikka aytishicha, 27 yanvar, kechki soat 5 larda televideniye orqali "Yangiliklar" dasturi efirga uzatilayotgan vaqtda televizor ekrani qop-qora bo‘lib qolgan.
Televizor ekrani bir soat qop-qora bo‘lib turdi.
"Televizor ekrani bir soat qop-qora bo‘lib turdi. Televizor buzildimi, deb o‘yladik".
O‘zMTRK tizimida ishlovchi va ismini oshkor etmaslikni so‘ragan texnik xodimga ko‘ra, efirdagi uzilish svet o‘chib qolgani bilan bog‘liq bo‘lgan, avtomat ulash uskunasi esa ishlamay qolgan:
"Elektr ta’minotida ozgina muammo bo‘ldi. Svet o‘chib qoldi. Muammo bartaraf etilguncha shunaqa uzilish bo‘ldi".
O‘zMTRK joylashgan Shayxontohur tumani Elektr tarmoqlari korxonasi bo‘limi mutasaddisi 27 yanvar kuni ular nazoratidagi hududda elektr ta’minotida uzilish bo‘lmaganini aytdi.
O‘zTVdagi holatdan xabarimiz bor. Lekin, sizga shuni aytishim mumkinki, bizda, aniqrog‘i, bizning nazoratimizdagi hududda hech qanaqa muammo bo‘lmadi.
"O‘zTVdagi holatdan xabarimiz bor. Lekin, sizga shuni aytishim mumkinki, bizda, aniqrog‘i, bizning nazoratimizdagi hududda hech qanaqa muammo bo‘lmadi. O‘zTVdan ham murojaat qabul qilmaganmiz. Biz tomondan normalniy ishlagan. Endi podstansiyada yuqori kuchlanishli kabelni oxirgi nuqtasigacha bo‘lgan joyga bizning idora javob beradigan bo‘lsa, ichkarida transformatordan keyin yana kabel va avtomatlar bor, o‘zlarida uzilish bo‘lgan bo‘lishi mumkin", - dedi Shayxontohur tumani Elektr tarmoqlari korxonasi bo‘limi mutasaddisi.
Ozodlik suhbatlashgan O‘zMTRKning yana bir xodimiga ko‘ra, televideniyening efirga uzatish uskunalari eskirib qolgan.
- Hozir ham 1980 yil o‘rnatilgan uskunalar ishlab turibdi. U paytda faqat ikkita telekanal bo‘lgan, hozir 14 ta telekanal bor. Oradan 40 yil o‘tgan bo‘lsa ham uskunalar yangilanmadi. Uskunalar nagruzkani ko‘tarolmayapti, - deydi O‘zMTRK xodimi.
Ozodlik muxbiri O‘zTVdagi efir uzilishlari yuzasidan izoh olish uchun O‘zMTRK rahbariyati bilan bog‘lanishga harakat qildi.
Qabulxona telefon go‘shagini ko‘targan xodim rahbariyat hozirda yo‘qligi sabab, bu masala xususida gapirolmasligini aytdi.
- O‘zTVda svet o‘chib qolishi sabab efirda uzilishlar birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.
- O‘tgan yilning 27 noyabrida "O‘zbekiston 24" telekanalida saylovoldi debatlari jonli efirga uzatilayotgan vaqtda elektr uzilishi natijasida efir besh daqiqaga to‘xtab qolgan va bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ham ancha gap-so‘z bo‘lgan edi:
- O‘zbekistonda elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar yirik korxonalar faoliyatiga ta’sir qilmoqda.
- O‘tgan yil dekabrida O‘zbekistondagi yirik korxona sanalgan "Farg‘onaazot" gaz yo‘qligi sabab to‘xtab qolgani haqida Ozodlik bergan edi.
- Shu kunlarda O‘zbekistonning aksar viloyatlarida gaz taqchilligi kuzatilmoqda.
- Noyabr oyida gaz va elektr muammosi sabab mamlakatning Farg‘ona, Andijon, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonning turli hududlarida bir qancha norozilik aksiyalari o‘tkazilgan edi.