Toshkentda 1994-2016 yillarda faoliyat yuritgan "Lift Montaj Sozlash" MChJ hamda "Kaspiy" MChJ qurilish shirkatlarining egasi Nazim Mamedov to‘rt yil avval O‘zbekistonda musodara qilingan mulkini qaytarib olishda yordam so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat qildi.
Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan 56 yashar tadbirkorning Ozodlikka aytishicha, 2016 yilda O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati, Prokuratura va boshqa davlat organlarining qora niqobli xodimlari uning shirkatida "maski shou" o‘tkazgan.
Toshkent shahar prokurorining korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzayev boshchiligida o‘tkazilgan reydlar ortidan Mamedov va shirkatning boshqa xodimlariga iqtisodiy jinoyatlar, jumladan savdoga oid qonunchilikni buzganlik aybi qo‘yilib, sud qarori bilan uning 5 mlrd. so‘mlik mol-mulki musodara etilgan.
Tadbirkorning o‘zi esa 15 kunlik qamoq ortidan Qozog‘istonga badarg‘a qilingan va uning O‘zbekistonga kirishi taqiqlab qo‘yilgan.
Hozirgi kunda Qozog‘istonning Olmaota shahrida yashayotgan Nazim Mamedov 31 yanvar kuni Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi islohotlardan umidlanib, "asossiz va noqonuniy tortib olingan mulki"ni qaytarib olishda hamda O‘zbekistonga qaytishga va biznesini davom ettirishga yordam so‘rab O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilganini aytdi.
5 milliard so‘mdan ko‘proq turadigan mulkimni Mirag‘lamni odamlari tortib oldi.
- Men O‘zbekistonda toptalgan haq-huquqimni tiklashni, tortib olingan mol-mulkimni qaytarishni so‘rab prezident Mirziyoyevga xat jo‘natdim. 5 milliard so‘mdan ko‘proq turadigan mulkimni Mirag‘lamning odamlari tortib oldi. Kamiga Toshkentdagi kvartiralarimni ham musodara qildi. O‘zimni esa 15 kunga qamab, badarg‘a qilishdi. Mana to‘rt yildirki O‘zbekistonga borolmayman. Hozir yangi prezident Mirziyoyev islohotlar qilyapti. Meni mulkimni tortib olganlar qamaldi. Toshkent zamprokurori Mirag‘lam Mirzayev ham qamaldi. Shu o‘zgarishlardan umidlanib O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasiga bordim, Mirziyoyev nomiga yozilgan xatni ularga topshirim. Javobni kutyapman, - deydi Nazim Mamedov.
2018 yilning iyun oyida O‘zbekistonning o‘sha paytdagi bosh prokurori Rashitjon Qodirovga qarshi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 24 shaxsga ayblov e’lon qilingan, shulardan 21 nafari qamoqqa olingan edi.
Hibs qilingan 21 shaxs orasida Toshkent shahri prokurorining sobiq o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Mirag‘lam Mirzayev, uning rafiqasi va o‘g‘li borligi xabar qilingandi.
2019 yilning iyun oyida bo‘lgan mahkamada Qodirov 10 yilga qamaldi, Mirag‘lam Mirzayev va uning rafiqasi hamda o‘g‘li ozod etildi.
Qozog‘istonlik tadbirkor Nazim Mamedovning O‘zbekistonda mulki asossiz va noqonuniy tortib olingani haqidagi iddaolari yuzasidan Ozodlik O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan izoh ololmadi.
Qozog‘istonlik tadbirkor O‘zbekistonda Islom Karimov prezidentligi davrida qator yirik xorijiy shirkatlarning berkitilishi, ayrim chet ellik ishbilarmonlarning mahkamaga tortilishi va ularga tegishli mol-mulk tortib olinishi sarmoyadorlarni bu mamlakat bozoriga kirishdan cho‘chitib qo‘yganini aytadi.
Nazim Mamedovning aytishicha, O‘zbekistonda kuygan tadbirkorlar xolini ko‘rib investorlar O‘zbekistonni chetlab Qozog‘istonga yo‘l olmoqda.
Yirik sarmoyadorlar O‘zbekistonga investitsiya olib kirishga extiyotkor bo‘lib qolishgan.
- Yirik sarmoyadorlar O‘zbekistonga investitsiya olib kirishga extiyotkor bo‘lib qolishgan. Ular Qozog‘istonga kelishmoqda. Prezident Mirziyoyev endi kelinglar, sharoit qilib beraman, deyapti-da. Men uni so‘zlariga ishonyapman. O‘zbekistonda biznesimni qaytadan boshlashga tayyorman, lekin meni tortib olingan mulkim qaytarib berilishi kerak, toptalgan huquqlarim tiklanishi lozim, - deydi Nazim Mamedov.
Mamedov O‘zbekistonda Karimov davrida mol mulki tortib olingan yagona tadbikor emas.
2004-2011 yillarda Toshkentda "Turkuaz" savdo markaziga asos solib, faoliyat yuritgan shirkat egasi, 50 yashar Turkiya fuqarosi Vohid Gunash 2012 yil aprelida musodara qilingan mol-mulkini qaytarish talabi bilan O‘zbekiston rasmiylariga murojaat qilgan.
Murojaati e’tiborsiz qoldirilgach, Gunesh O‘zbekiston hukumatiga qarshi da’vo arizasi bilan Sarmoya va biznes bilan bog‘liq nizolarni ko‘rib chiqadigan AQShdagi xalqaro markaz (International Centre for Settlement.of Investment Disputes - ICSID)ICSID ga shikoyat qilgan edi.
O‘tgan yil noyabr oyida markaz O‘zbekiston hukumati turk sarmoyadoriga 40 million AQSh dollarilik tovon to‘lashi lozimligi haqida hukm chiqardi.
Bundan tashqari 2006-2015 yillar oralig‘ida MTS mobil telefon shirkati¸ “Vimm-Bill-Dann”, “Carlsberg”, Newmont Mining, Spentex Industries, Metal-Tech, Oxus Gold, United Cement Group kabi o‘nlab shirkatlar O‘zbekistondan chiqib ketgan edi.