Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:28

Koronavirus odamlarga ko‘rshapalakdan yuqqan bo‘lishi mumkin


Koranavirus ana shunday ko‘rinishga ega.
Koranavirus ana shunday ko‘rinishga ega.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti payshanba kuni Jenevada chaqirilgan shoshilinch yig‘ilishda koronavirus yoki tojli virus (2019 n-CoV o‘tkir respirator virusi) tarqalayotgani sababli vaqtincha xalqaro miqyosdagi favqulodda holat e’lon qilish zarur, degan qarorga keldi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, virus yuqtirganlar soni 9800 dan oshdi, halok bo‘lganlar soni esa 200 dan oshdi. Virus Xitoydan tashqari yana 18 mamlakatda aniqlandi. Ular barcha qayd etilgan holatlarning atigi 1 foizidan ko‘prog‘ini tashkil qiladi.

Virus Xubey viloyatining ma’muriy markazi bo‘lmish Uxan shahridagi mol bozorida paydo bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Tojli virusning xavfli jihati odamdan odamga yuqishidir. Virusning Xitoydan tashqarida odamdan odamga yuqishi hozircha faqat to‘rt mamlakatda — Vyetnam, Germaniya, AQSh va Yaponiyada sodir bo‘ldi.

Seshanba kuni Germaniyada 33 yoshli shaxs Xitoydan kelgan hamkasbidan virusni yuqtirgani xabar qilindi. Bu esa virus Yevropa hududida bir kishidan ikkinchisiga tarqagan ilk holatdir. Avvalgi barcha holatlar Xitoydan qaytgan shaxslarda kuzatilgan edi.

Seshanba kuni Yaponiyada ham avtobus haydovchisi virusni yuqtirgani ma’lum bo‘ldi. Haydovchi keyingi oy ichida sayyohlarni, jumladan, uxanlik sayyohlarni manziliga eltib qo‘ygan.

Virusning naqadar xavfliligi hali to‘liq aniqlangani yo‘q. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti virus yuqtirganlarning taxminan 2 foizi halok bo‘layotganini bildirdi.

Tojli viruslar odatda sut emizuvchilar hamda qushlarda uchraydi. Virusning ayrim turlari yengil, ayrimlari og‘ir kasalliklarga olib keladi. Tojli viruslar odatda nafas olish yo‘li infeksiyasini keltirib chiqaradi.

Virusning aksar turi xavfsiz bo‘lib, shamollashda kuzatiladigan alomatlarni keltirib chiqaradi. Ammo virusning 2003 yilda tarqalgan og‘ir o‘tkir respirator sindromi (SARS) deb nomlanuvchi turi ancha xavfli. 2002–2003 yillarda mazkur virus 37 davlatda 8 mingdan oshiq kishiga yuqqan, 774 nafar kishining yostig‘ini quritgan edi.

So‘nggi hisoblarga ko‘ra, ayni damda tarqalayotgan 2019 n-CoV virusini yuqtirgan har bir odam o‘rta hisobda yana 2-3 odamga kasallikni tarqatmoqda.

Virusning kelib chiqishi haqida turli taxminlar o‘rtaga tashlandi. Avvaliga virus Uxandagi hayvonot bozorida ilonlardan tarqalgani aytildi. Endilikda virus manbasi ko‘rshapalaklar bo‘lgani aytilmoqda. Bunday xulosaga virusning genetik tahlili ortidan kelindi.

Chorshanba kuni e’lon qilingan ilmiy maqolada virus har 7,4 kunda ikki barobar ko‘p odamga yuqayotgani qayd etildi. Bu esa yangi tojli virus 1918 yilgi ispan grippi virusi kabi yuqumli ekanligini anglatadi. O‘shanda bu kasallikdan 50 million odam halok bo‘lgan edi. Ispan grippi tarixda eng ko‘p odam umriga zomin bo‘lgan pandemiya hisoblanadi. Shunday bo‘lsa-da, yangi virus ispan grippi virusidan sekinroq suratda tarqalmoqda.

Tojli viruslarga qarshi samarali vaksina ishlab chiqilmagan. Bu esa ularning tarqalishiga qarshi kurashni mushkullashtiradi. Shu sabab Xitoy rasmiylari mamlakat bo‘ylab sayohatlarni cheklash uchun keskin choralarni ko‘rmoqda. Xususan, Uxan hamda u joylashgan Xubey viloyatida 50 million odam sayohati cheklanib, hudud izolyatsiya qilindi. Boshqa davlatlar esa aeroportlarda va dengiz portlarida nazoratni kuchaytirmoqda.

Qator davlatlar esa karantinga yopilgan Uxandan o‘z fuqarolarini olib chiqib ketmoqda. Xususan, AQSh va Yaponiyada shahardan o‘z fuqarolarini maxsus reys bilan olib chiqib ketdi. Boshqa davlatlar ham o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishga hozirlanmoqda.

Olib chiqib ketilgan shaxslar maxsus shifoxonalarda kamida ikki hafta davomida kuzatiladi. Yangi virusning xavfli jihati uni yuqtirgan shaxsda kasallik alomatlarining darhol paydo bo‘lmayotganidir.

Yangi epidemiya global iqtisodga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Toyota, IKEA, Starbucks, Tesla, McDonaldʼs hamda Foxconn kabi yirik shirkatlar Xitoydagi zavod va fabrikalari hamda do‘konlarini vaqtincha yopdi.

Shuningdek, so‘nggi ikki kun ichida bir necha aviashirkat, jumladan O‘zbekiston ham Xitoyga reyslarni bekor qildi.

XS
SM
MD
LG