Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 02:36

Chekishni tashlaganlarda shikastlangan o‘pka hujayralari qisman qayta tiklanadi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Yangi tadqiqot natijalariga ko‘ra, chekishni tashlagan kashandalarda shikastlangan hamda saraton keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan hujayralar o‘rnini sog‘lom hujayralar egallashi mumkin.

Bundan oldin ham chekishni tashlash o‘pka saratoni va boshqa kasalliklarga chalinish xavfini ozaytirishi ma’lum edi. Nature jurnalida chop etilgan ilmiy maqolada esa chekishni tashlashning foydasi bundan ham ko‘proq ekanligini aniqlangani aytiladi.

Maqola mualliflaridan biri, Uelkon Senger instituti xodimi Piter Kempbell bu natijalar chekishni tashlash ilinjida yurganlarga umid bag‘ishlashini aytdi.

“30, 40 yil yoki undan ham ko‘p chekib kelgan shaxslar tashlashga endi kech, ziyon yetkazib bo‘lganman, deyishadi. Bizning tadqiqotimizning ajoyib jihati — chekishni tashlashga hech qachon kech emasligini ko‘rsatdi”, dedi olim.

Kempbellning so‘zlariga ko‘ra, tadqiqotda qatnashgan shaxslarning ayrimlari umri davomida 15 mingdan ko‘p papiros qutisini tugatgan.

“Ammo chekishni tashlashganidan keyin bir necha yil o‘tib, ularning nafas yo‘lidagi ko‘plab hujayralardan tamaki keltirgan ziyon izlari yo‘qoldi”, dedi u.

Tadqiqot davomida 16 nafar shaxs, jumladan, chekuvchilar, chekishni tashlaganlar, umrida chekmaganlar hamda bolalar o‘pkasidan olingan biopsiyalar tahlil qilingan.

Hozirda chekayotganlarning 10 nafarida o‘pka hujayralarida mutatsiyalar, jumladan, saratonga olib kelishi mumkin bo‘lgan mutatsiyalar kuzatilgan. Ammo chekishni tashlaganlarda shikastlangan hujayralar o‘rnini sog‘lom hujayralar egallagani kuzatilgan.

Chekishni tashlaganlarda o‘pkadagi barcha hujayralarning 40 foizigacha bo‘lgan qismi sog‘lom ekanligi kuzatilgan. Solishtirish uchun, hanuz chekayotganlar o‘pka hujayralarining atigi 10 foizi sog‘lom bo‘lgan.

Kempbell shikastlangan hujayralar mo‘’jizali tarzda o‘zini-o‘zi tuzatmagani, balki ularning o‘rnini tamakidan zarar ko‘rmagan hujayralar egallaganini aytdi.

Ilmiy maqolaga taqriz yozgan professor Ger Pfayfer uni olqishladi, ammo tadqiqotda oz sonli inson o‘rganilgani uning kamchiligi ekanligini aytdi. Shunday bo‘lsa-da, Pfayfer tadqiqot “chuqurroq o‘rganishga arziydigan qiziqarli savollarni tug‘diradi”, deb yozdi.

Kempbell keyingi qadam o‘laroq sog‘lom hujayralar zaxirasini topish hamda ular shikastlangan hujayralar o‘rnini qay tarzda egallashini aniqlash kerakligini urg‘uladi.

XS
SM
MD
LG