Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:15

13- maosh janjali. Muhojirlarning Peterburgdagi g‘alayoni tarmoqlarda turlicha talqin qilindi (VIDEO)


Laxta Sentr ishchilari 13 maoshni talab qildi
Laxta Sentr ishchilari 13 maoshni talab qildi

Internetning ijtimoiy tarmoqlarida Peterburgdagi “Laxta Sentr”ida bir guruh mehnat muhojirlarining norozilik namoyishiga chiqqani tasvirlangan videolar tarqaldi.

Peterburg nashrlari va tarmoq foydalanuvchilari ishchilarning bu namoyishini maosh berilmayotgani bilan bog‘liq ekani to‘g‘risida gapirmoqda.

Biroq, O‘zbekiston Mehnat vazirligi va Renaissance Construction idorasida quruvchi muhojirlarga maoshlar o‘z vaqtida berilgani, 27 yanvar kuni olingan bu videoda esa ishchilar 13-chi qo‘shimcha oylikni so‘rab kelishganini bildirishdi.

1 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda Sankt-Peterburgning “Laxta Sentr” markazida 200ga yaqin ishchi, guyoki ularga bir necha oylik maosh berilmayotgani bois ish beruvchi ofisi oldida ommaviy norozilik uyushtirgani haqida xabarlar tarqadi.

Jumladan, bunday xabarlarning tarqalishiga Peterburgdagi “Moyka78” nashrida paydo bo‘lgan qator maqolalar sabab bo‘ldi.

“Laxta Sentr” yonida ishchilarning haqiqiy g‘alayoni boshlandi. Xodimlar ish haqlarini talab qilmoqda, ammo “Gazprom” (“Laxta Sentr”ning asosiy buyurtmachisi "Gazprom" bu markazda bosh idorasini joylashtirishni rejalashtirgan.-tahr.) endigina soliqlarni to‘laganini bahona qilib, ishchilarga pul bermayapti”, deb yozdi “Moyka78”.

Maqoladan biri “Pulsiz qolgan agressiv migrantlar “Laxta Sentr”ni qurshab oldi” deb nomlandi.

Nashr ishchilar yana 6-8 oy davomida oyliklarini ololmasligini e’lon qildi va tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqardi.

Biroq, Ozodlik videoda aks etgan tasvir 27 yanvarda olingani va ishchilar mukofot pullarini talab qilib Renaissance Construction idorasiga yig‘ilganini aniqladi.

Ko‘pqavatli imoratning ismini oshkor etishni istamagan quruvchilaridan biri gap 13- oylik haqida ketayotganini ma’lum qildi.

- Rostini aytsam, tarmoqlarda tarqalayotgan videoda ishchilar 13- qo‘shimcha oylik ustida tortishayapti. Nima uchun odamlar jurnalistlar bilan gaplashishni istamayotgani sababi ham shunda – 13- oylikni olish uchun muhojir muayyan muddat to‘xtamasdan ishlagan bo‘lishi kerak. Aslini olganda, turklarning Renaissance Construction firmasini “maosh bermayapti” deb ayblash noo‘rindir – ular doimo vaqtida berib kelyapti. Noshukurchilik bo‘lmasin, dedi video biroz boshqacha talqinda tarqalayotganini tasdiqlagan qurilish ishchilaridan biri.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan videoda ishchilar kiyimidagi bir necha yuz kishi qurilish tashqiloti eshiklarini baqir-chaqirlar bilan sindirayotganini ko‘rish mumkin.

Boshqa bir videoda bosh pudratchi tashkilot “Gazprom” vakilining maosh va tartib-qoida to‘g‘risida tushuntirish berayotgani aks etgan. Unda vakil ishchilarga qo‘shimcha oylik kamida 8 oy ishlagan quruvchiga berilishi, “Gazprom” yaqinda oyliklarni to‘laganini aytadi.

Ishchilarning asosiy qismi o‘zbek va tojik muhojirlari bo‘lgani bois ularga vakilning so‘zlarini tarjima qilishayotganini ko‘rish mumkin.

- Bu yerda 12 oydan beri ishlayapmiz! deydi ishchilardan biri.

Turkiyalik milliarder Erman Ilijakka tegishli Renaissance Construction qurilish kompaniyasida Ozodlik so‘roviga javob bergan axborot xizmati rasmiysi Oksana ishchilarga maosh vaqtida to‘langanini bildirib, dedi:

- Videoda ishchilar 13-oylikni so‘rab kelgani aks etgan, ish haqlari esa o‘z vaqtida va to‘liq miqdorda berilganini ishontirib aytishim mumkin. Ularga oyiga ikki marotaba haq berib kelinadi kechiktirmasdan.

Ozodlik ishchilar noroziligiga O‘zbekiston Mehnat vazirligi aralashgani va hodisa joyiga o‘z mutaxassislarini yuborganini aniqladi.

Vazirlikning Feysbukdagi rasmiy sahifasida vaziyatga bag‘ishlangan maxsus bayonot ham chiqarildi.

"Kompaniya vakili aytishicha, 2020 yilning 1 yanvarigacha ishga joylashgan xorij grajdanlari 11 oydan keyin mukofot tarzida qo‘shimcha bir oylik oklad oladilar. 2020 yilning 1 yanvaridan keyin mehnat shartnomasini imzolaganlar bundan mustasno. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 yanvardan keyin shartnoma imzolaganlar mehnat haqi to‘g‘risida noto‘g‘ri tushunib, boshqalarga ham mukofot berilmaydi, degan gapni tarqatgan. Natijada, 27 yanvar kuni 200 dan ziyod grajdanlar ofis oldiga mukofot talab qilib kelishgan ekan", deya xabar qildi Mehnat vazirligi.

28 va 29 yanvar kunlari ishchilarga haq-huquqlari tushuntirilgani va vaziyatga oydinlik kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik suhbatlashgan ishchilar ham Renaissance Construction firmasi rahbariyatiga e’tirozlari yo‘qligini va hozirda qurilish ishlari avvalgidek davom etayotganini bildirishdi.

XS
SM
MD
LG