Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 20:14

Mirziyoyev olqishlagan “Oybek-Faberje"ning ukasi ustidan sud boshlandi


Hozir qamoqda qolayotgan Oybek Miraliyev
Hozir qamoqda qolayotgan Oybek Miraliyev

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Sergeli tuman sudida 4 fevral kuni sudya Bahodir Yusupov raisligida boshlangan mahkama 34 yashar tadbirkor Eldor Miraliyev ishini ko‘ra boshladi.

Eldor Miraliyev taniqli tadbirkor G‘afur Rahimov, uning xotini Lola Rahimova, xususiy tadbirkor Sherzodxo‘ja Abbosxo‘jayev va boshqalarga moddiy zarar yetkazganlikda ayblanmoqda.

Ozodlikda nusxasi mavjud ayblov xulosasiga ko‘ra¸ Eldor Miraliyev talonchilik va firibgarlik kabi jinoyatlarda ayblanmoqda.

70 varaqlik ayblov xulosasida aytilishicha, Eldor Miraliyev G‘afur Rahimovning oilasi va boshqalarga tegishli umumiy qiymati bir necha million dollarlik mol-mulk, jumladan 200 ming dollar turadigan «Mercedes-Benz Maybash» avtomobilini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib olgan.

Yaqinlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda Miraliyevning «Prezident va G‘afur Rahimov o‘rtasidagi kelishmovchilik qurboni bo‘lganidan» shikoyat qildi.

Mahkama ishida qatnashgan jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko‘ra¸ sud jarayonining birinchi kunida Miraliyevlarga qarshi xususiy tadbirkor Sherzodxo‘ja Abbosxo‘jayevning ko‘rsatmasi eshitilgan. (Eldor Miraliyev figuranti bo‘lgan jinoyat ishining yana bir figuranti bor. U Eldorning akasi Oybekdir. 4 fevralda boshlangan sud jarayonida faqat Eldor Miraliyev sudlanmoqda)

300 ming AQSh dollarini "Miraliyev olib qo‘ygan" deb ko‘rsatma bergan Abbosxo‘jayev marhum davlat amaldori Alisher Azizxo‘jayevning o‘g‘lidir.

Miraliyevnig yaqinlari esa, bu pul evaziga Sherzodxo‘ja Abbosxo‘jayevga "Sochi (Rossiya) shahridagi honadon va qimmatbaho mashinalar berilganini" aytishdi.

Miraliyevni himoya qilayotgan advokatning Ozodlikka aytishicha¸ "olingan pul o‘rniga mol-mulk berilgani" borasida isbotlar sudga taqdim qilingan.

Mahkama sirini oshkor qilishda ayblanmasligi uchun ismi aytilmasligini so‘ragan Miraliyevning yaqinlaridan birining iddaosiga ko‘ra¸ sudda ishi ko‘rilayotgan Eldor va ishi ko‘rilishini kutayotgan Oybek Miraliyevlar tadbirkor G‘afur Rahimovning yaqin hamkorlari bo‘lgan.

Miraliyevning yaqinlari Ozodlikka taqdim qilgan "hujjatlarga tayanib tadbirkor G‘afur Rahimov O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyevga bergan va’dasini uddalay olmagani uchun o‘z hamkorini qurbon qildi” deb iddao qildi.

2016 yilning 15 sentabrida G‘afur Rahimov O‘zbekiston Interpoli qidiruvidagi shaxslar ro‘yxatidan sirli tarzda olib tashlangan edi.

Miraliyev yaqinining iddaosicha, Rahimov 2016 yili Toshkentga kelgan va Mirziyoyevning oila biznesiga yaqin shaxslar bilan aloqada bo‘lgan.

"O‘shanda Rahimov Toshkentda “Sport arenasi va prezident maktabi qurib berishni, uni qutqargan Mirziyoyev oilasiga va’da bergan. Oradan sal vaqt o‘tib Prezidentning yaqin do‘stlaridan biri, O‘zbekiston Kasaba ittifoqlari raisi Qudratulla Rafiqov G‘afur Rahimovdan “Sport arenasi va maktab qurish va’dasi qachon amalga oshadi?» deb so‘raydi. Rahimov esa, qurilish qilish uchun puli yo‘qligini, uning pullarini o‘z biznes partnerlari aka-uka Eldor va Oybek Miraliyevlar o‘marganidan shikoyat qiladi".

Ozodlik¸ aka-uka Miraliyevlarga qarshi da’vo arizasi kiritgan jabrlanuvchilardan biri Lola Rahimovaning advokati bilan bog‘lanib ayni ish yuzasidan izoh so‘radi.

Advokat o‘z mijozi bilan gaplashib, bu masalada Ozodlikka izoh berilmasligini bildirdi.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra¸ aka -uka Miraliyevlarga qarshi jinoyat ishi 2019 yilning fevralida ochilgan.

Miraliyevlarning advokati Yoqutxon Xudoyorovaning Ozodlikka 2019 yilning 24 dekabrida aytishicha, aka-uka Miraliyevlar ustidan ochilgan ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yashnabod tuman sudi ajrimi bilan yopilgan. Sud o‘z ajrimini chiqarar ekan, Ichki ishlar vazirligi tergovchilarining Oybek va uning ukasiga qo‘yilgan ayblovlarda asos yo‘q, degan xulosasiga tayangan.(Hujjatlar to‘plami Ozodlikda mavjud).

Biroq, Miraliyevlarning advokati Yoqutxon Xudoyorovaning Ozodlikka 24 dekabrda aytishicha:

- Avvaliga jinoyat alomati topilmagach, delo yopiluvdi. 2019 yil 21 sentabrda Bosh prokuratura unga sirtdan qidiruv e’lon qilib, 23 sentabrda hibsga oldi. Himoyamdagi Miraliyev ustidan uning sobiq tijoriy sherigi, tadbirkor G‘ofir Rahimovning xotini Lola Rahimova va uning singlisi shikoyatlari asosida tergov qo‘zg‘atilgan.

Jahon.uz sayti dekabrda tadbirkor ustidan o‘tayotgan mahkama ortida O‘zbekistondagi yirik kriminal avtoritetining manfaatlari turgani haqda yozgan edi.

O‘z faoliyat doirasiga matbuotga gapirish vakolati kirmagani bois, ismi aytilmasligini so‘ragan mulozimning Ozodlik bilan dekabrdagi suhbatda aytishicha, jinoyat ishi papkasi ustiga “Nazoratda” degan muxr bosilgan.

Mulozimga ko‘ra¸ bu ish “Prezident administratsiyasi boshlig‘i va Bosh prokuratura nazoratida ushlab turilibdi”.

7 million dollarlik da’vo

Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi tergovchisi U. Sh. Umarov imzolagan va Ozodlikda nusxasi bo‘lgan ayblov xulosasida da’vogarlar sifatida Lola Rahimova va uning singlisi Go‘zal Kamolxo‘jayevalarning ismlari zikr qilingan.

Ayblov hujjatlarida yozilishicha¸ Oybek Miraliyev xususan Lola Rahimovaning singlisiga tegishli ko‘chmas mulkni 650 ming dollarga sotib, pulini bermaganlikda gumon qilinmoqda.

Bundan tashqari Ozodlik tanishgan da’vo arizasida Lola Rahimova o‘ziga tegishli «Mercedes-Benz Maybash» avtomobilni “Oybek Miraliyev o‘zlashtirdi” deb da’vo qilgani yozilgan. Shuningdek, G‘ofir Rahimovning vakili o‘z da’vo arizasida Oybek Miraliyev va uning ukasi Rahimovlar oilasiga tegishli jami 7 million dollarga yaqin mablag‘ni o‘zlashtirib yuborganlikda ayblamoqda.

Ammo, Oybekning advokati Yoqutxon Xudoyorova aka-ukaga qarshi ish to‘laligicha "sfabrikovanniy" (uydirma) ekanini 2019 ning dekabrida iddao qilgan edi.

Advokat Xudoyorovaga ko‘ra¸ manfaatdor doiralar “ Oybekni qamatish yo‘li bilan unga tegishli ko‘chmas mulklar, shirkatlarni o‘zlashtirib olmoqchi”.

Ozodlik gaplashgan Oybekning yaqinlari bu ish ortida G‘ofir Rahimov bilan yaqin aloqada bo‘lgan yuqori mansabli hukumat mulozimlari turganini iddao qildi. Ayni paytda Ozodlikda bu iddaoning rasmiy tasdig‘i yoki inkori yo‘q.

Prezident olqishlagan tadbirkor aka-ukalar

Tadbirkor guruhlar orasida "Oybek tuxum"¸ “Oybek-faberje” (Zargar Karl Faberje (1846-1920) yasagan tuxum shaklidagi zargarlik asarlari ishora) ¸"Kinder syurpriz" degan nomlar bilan tanilgan Oybek Miraliyev va uning ukasi Eldor so‘nggi 10 yil ichida mamlakatdagi parrandachilikka ixtisoslashgan biznesning asosiy figuralaridan biri hisoblanadi.

Ozodlik tanishgan 2011 yilga oid hujjatlarda Oybek Miraliyev Navoiy viloyat, Karmana tumanidagi “Sardoba Parranda” fabrikasining egalaridan biri ekanligi qayd etilgan.

Shuningdek Ozodlikda Oybek Miraliyev o‘zining ikki ukasi Sardor va Eldor bilan birgalikda Latviyadan O‘zbekistonga shrot (qoramollar uchun ozuqa, kunjara) import qilgani haqida ma’lumot bor. Ozodlik muxbiri ko‘rgan hujjatlarda aks etishicha, Oybek Miraliyev 2010 yildan 2012 yilgacha BAAning Dubay shahrida bir qancha tijoriy tadbirkorlik loyihalarida ishtirok etgan.

2017 yilda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev aka-uka tadbirkorlar Oybek, Eldor, Sardor Miraliyevlar tomonidan Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida barpo etilgan tijorat markaziga borib tadbirkorlarni olqishlagan edi.

XS
SM
MD
LG