Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:30

Oqqo‘rg‘ondagi klaster fermerlarga qarz o‘rniga qimmat kunjara va paxta yog‘i taklif qildi


Ikki yildan buyon fermerlar oldidagi qarzini uzolmagan Toshkent viloyat, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “AVS Oqqo’rg’on AgroCluster” paxta puli o‘rniga bozor narxidan ancha qimmat kunjara va paxta yog‘i taklif qilmoqda

Fermerlarning aytishlaricha, bozor narxidan ancha qimmat bo‘lgan kunjara va paxta yog‘ini ular o‘zlari mashina yollab, Jizzaxdagi korxonadan olib kelishlari kerak.

Fermerlar hisob-kitobicha, agar ular bu mahsulotlarni bozorda ulgurji sotganda ham, paxta pulining kamida 30-40 foizi miqdorida zarar ko‘radi.

“AVS Oqqo’rg’on AgroCluster”​ning Oqqo‘rg‘ondagi vakili Ozodlik savollariga javob berishdan bosh tortdi.

“AVS Oqqo’rg’on AgroCluster” Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumani fermerlariga ikki yildan buyon paxta pulini bermayotgani haqida Ozodlik o‘tgan yilning 13 dekabrida yozgan edi.

6 fevral kuni Ozodlik bilan bog‘langan fermerlar, klaster korxonasi fermerlar oldidagi milliardlab so‘m qarzini kunjara va paxta yog‘i bilan uzmoqchi bo‘lganini aytdilar.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan birining aytishicha, paxta pulini bermagani yetmaganidaek, klaster ularga bozordan ancha qimmat narxdagi kunjara va paxta yog‘i taklif qilmoqda:

Hisoblab ko‘rsam, mening o‘zim bundan 50-60 million so‘m zarar ko‘raman.


“Taklifning “ajoyib”ligini qarang. 4,2 litrlik paxta yog‘ini 40 ming so‘mdan taklif qilyapti. Bozorda esa 34-35 ming so‘m. Kunjarani 2500 so‘mdan olinglar deyapti. Bozorda esa juda nari borsa 2200 so‘m. Shuning o‘zidan bizga qancha zarar! Lekin, biz buni bozordagiday o‘tirib sotishga vaqtimiz ham, imkonimiz ham yo‘q. Bozorchilarga ulgurji sotishimiz mumkin. Unda ular bozor narxidan ham ancha past oladi. Paxta yog‘ini 30 mingdan, kunjarani esa 2000 dan sotishimiz mumkin. Mashina kirasi ham kam deganda 1,5 million so‘m bo‘ladi. Hisoblab ko‘rsam, mening o‘zim bundan 50-60 million so‘m zarar ko‘raman ekan”.

Fermerning aytishicha, noilojlikdan bu taklifga rozi bo‘lib, Jizzaxdan kunjara va paxta yog‘i olib kelayotgan fermerlar ham bor:

“Fermerlar shunga ham rozi bo‘lyapti. Ikki yildan buyon klaster paxta pulini bermay kelyapti. Bu yoqdan soliqchilar qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘langlar deb qistayapti. Yangi hosilga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Kechib yuborgandan ko‘ra, bu ham harna deyishyapti”

Fermerga ko‘ra, klaster korxona chigitni negadir yaqin masofada bo‘lgan Gulistondagi yog‘-ekstraksiya korxonasiga emas, balki 200 kilometr uzoqlikda bo‘lgan Jizzax shahridagi korxonaga olib borib topshiradi:

“2018 yili Gulistondan kunjara va yog‘ olgan edik. Bu yil esa Jizzaxdan olib kelasizlar deyapti. Nega shuncha uzoqqa olib borib topshrishlariga hayron qolyapmiz. Menimcha, klaster korxona rahbarlari jizzaxliklar bo‘lgani uchun shunday qilishyapti”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermerning aytishicha, klaster pul bermagani sabab paxtadan ular ko‘rgan daromadga solingan qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lanishining kechikishi ham zarar bo‘lmoqda:

Klaster aqalli shu qo‘shimcha qiymat solig‘ini ham to‘lab bermadi.


“Mana mening daromaddan to‘lashim shart bo‘lgan qo‘shimcha qiymat solig‘i 150 million so‘m. 26 dekabrdan boshlab, kuniga 0,45 foiz penya tug‘ib yotibdi. Bugun 6 fevral bo‘lsa 41 kun bo‘ldi. Pulimning 0,45 foizi kuniga 675 ming so‘m bo‘ladi. 41 kunga esa qariyb 27 million so‘m zarar bo‘ladi. Endi bu yog‘ini oyma-oy o‘zingiz hisoblab olavering. Bir yil bermasa paxtani puli ketdi, qulog‘ini ushlab. Klaster aqalli shu qo‘shimcha qiymat solig‘ini ham to‘lab bermadi. Bunga kim aybdor, menmi yoki paxta pulini bermagan klaster?"

So‘nggi ikki yil orasida“AVS Oqqo’rg’on AgroCluster”ning uch marta rahbari almashdi.

Fermerlarga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanida klaster korxonaning na manzili bor, na direktorini topishning imkoni.

Fermerlar taqdim qilgan telefon raqami orqali klaster korxonaning Oqqo‘rg‘ondagi vakili Jalil (familiyasini aniqlash imkoni bo‘lmadi – tahr.)ga qo‘ng‘iroq qilganimizda u avval shaxsini tasdiqladi, Ozodlikdan qo‘ng‘iroq qilganimizni aytganimizdan so‘ng, “u men emas” dedi-da aloqani uzdi.

Toshkent viloyat hokimligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan mulozimi, klasterga hech kimning tishi o‘tmasligini tan oldi:

Tuman, viloyat prokurorini ham, viloyat hokimini ham klasterga tishi o‘tmaydi.


“Ikki yildan buyon fermerlarning paxta pulini bermay kelyapti, fermerlar kengashi orqali qancha murojaatlar bo‘ldi. Fermerlar qiynalib ketdi. Lekin tuman prokurorini ham, viloyat prokurorini ham, viloyat hokimini ham klasterga tishi o‘tmaydi. Mahsulotini olding, pulini to‘lab ber deb, ayta olmaydi. Agar shunday davom etadigan bo‘lsa prezident qishloq xo‘jaligiga kiritgan klaster tizimi tug‘ilmasdan o‘ladi, prezidentga ishonch susayadi”.

Ozodlik paxtachiik klasterlarining fermerlarning hosil pulini bermay kelayotgani haqida muntazam xabar berib kelmoqda.

22 yanvar kuni Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmayotgani haqida shikoyat qilgan edi.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.

XS
SM
MD
LG