Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:22

Qo‘shni davlatlardagi o‘zbekistonlik 1-kurs talabalarining o‘qishini ko‘chirish muammosi yechimsiz qolmoqda (VIDEO)


Tojikiston. Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universitetining o‘zbekistonlik talabalari hujjatlarini talab qilmoqda. 2020, 11 fevral.
Tojikiston. Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universitetining o‘zbekistonlik talabalari hujjatlarini talab qilmoqda. 2020, 11 fevral.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish muddatini 15 martga qadar uzaytirgani 11 fevral, kunning ikkinchi yarmida ma’lum bo‘ldi.

Bu xabar paydo bo‘lishi arafasida uch qo‘shni davlatda o‘qiyotgan talabalardan Ozodlikka “o‘quv yurti hujjatlarni bermayapti” degan bir xil mazmundagi o‘nlab xabar keldi.

Shu kunda o‘zbekistonlik talabalar vaqtini o‘quv yurtlar rektorat va dekanatlari eshigi oldida o‘tkazmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 6 fevraldagi buyrug‘iga binoan ariza qabul qilish muddati 7 fevraldan 15 fevralgacha qilib belgilangan edi.

Buyruqning siyohi qurimay qirg‘iz OTMda chiqqan mojaro

Oliy ta’lim vazirining buyrug‘i u imzolangan kunning ertasigayoq O‘sh davlat universiteti va O‘shdagi Qirg‘iz-o‘zbek universitetining o‘zbekistonlik talabalari o‘quv yurti rahbariyatidan hujjatlarini talab qila boshladi va yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida o‘sha kuni Ozodlik xabar berdi.

Vazir buyrug‘iga ko‘ra, o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishni istagan talabalardan ikki hujjat - pasport nusxasi va reyting daftarchasi yoki tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma nusxasi so‘raladi, xolos.

Qirg‘iz universitetlari ma’muriyati akademik ma’lumotnoma faqat bir yillik o‘qish dasturi tugaganidan so‘ng – may oyida berilishini bildirishi ortidan¸ xususan¸ O‘sh davlat universitetining meditsina fakulteti hovlisida katta to‘polon yuzaga chiqdi.

Xuddi shunday vaziyat Qozog‘iston va Tojikistondagi o‘quv yurtlarida ham yuzaga kelgani Ozodlikka kelgan xabarlardan ma’lum bo‘ldi.

Qozog‘iston. Chimkentdagi Silkway xalqaro universiteti

Bu o‘quv yurti Rus tili va adabiyoti fakultetining 1-kursi talabasi sirdaryolik Shahriyor (ism o‘zgartirildi) o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish uchun hujjatlarini ololmayotgan bir necha yuz talabadan biri.

Shahriyor 11 fevral kuni Ozodlikka universitetda yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida aytib berdi. Talaba jo‘natgan videoda universitet binosi kiraverishi hamda o‘quv yurti hovlisi yosh yigit-qizlar bilan to‘la ekanligini ko‘rish mumkin. Kadr ortidagi ovoz “hech kim kirgizilmayotgani’ni, “universitetni melisa bosgani”ni aytadi.

Чимкентдаги Silk way халқаро университетидаги вазият
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:30 0:00

Chimkentdagi Silkway xalqaro universiteti talabalaridan yana birining iddao qilishicha, o‘quv yurti xodimlari “hujjatlarni 100 dollar evaziga bermoqda”. Bu iddao yana bir video bilan “hujjatlashtirilgan”. Unda stol ortida qandaydir hujjatlarni rasmiylashtirayotgan xodima pul sanayotganini ko‘rish mumkin. Bu videoda aks etgan voqea chindan ham talabalar qilayotgan iddao tasdig‘i ekanligiga Ozodlikda isbot yo‘q.

Chimkentdagi Silkway xalqaro universiteti rektori Irina Yefimova 11 fevral kuni Ozodlik savollariga javob berar ekan, talabalarning iddaolarini, ayniqsa hujjat uchun pul olinayotganini keskin rad etdi:

Sizni ishotirib aytamanki, har bir talabaning talabi qondiriladi, hujjatlari beriladi.

“Hujjatlar qaerda, qanday qilib qaytarilayotganini birma-bir ko‘rsatishim mumkin. Lekin har bir talabaga qog‘ozlarini tayyorlab berish uchun vaqt kerak bo‘lishini tushunsangiz kerak. Sizni ishotirib aytamanki, har bir talabaning talabi qondiriladi, hujjatlari beriladi”.

“100 dollar” masalasida Irina Yefimova bunday dedi:

“Agar shunday fakt bo‘lsa, talabalar tegishli organlarga arz qilsin. Men rektor sifatida bunday emasligiga kafolat beraman”.

Rektorning aytishicha, Silkway xalqaro universitetida hammasi bo‘lib 7200 talaba, shu jumladan 1141 o‘zbekistonlik o‘qiydi.

Tojikiston. Abu Ali ibn Sino nomidagi davlat tibbiyot universiteti (Dushanbe)

Bu o‘quv yurti talabalaridan 11 fevral kuni Ozodlikka kelgan videoda o‘zbekistonlik talabalar “bir necha kundan beri sovuqda turib, hujjatlarini ololmayotgani”dan arz qiladi, prezident Mirziyoyevdan yordam so‘raydi.

Ибн Сино номидаги Тожикистон давлат тиббиëт университетидаги вазият
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:52 0:00

Tojikiston. Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universiteti (Dushanbe)

Bu o‘quv yurtining Pedagogika fakulteti 1- kurs talabasi, surxondaryolik Navro‘z (ism o‘zgartirilgan) ham 11 fevralda Ozodlikka gapirar ekan, boshqa o‘quv yurtlar talabalari aytgan gaplarni takrorladi: “Hujjatlarimizni bir necha kundan beri ololmayapmiz”.

Aftidan, universitet rahbariyati 1- kurs talabalariga hujjatlarini qaytarmoqchi emas. Har holda o‘quv yurti prorektori Sa’diy Qosimov Ozodlik savollariga javob berayotib, “o‘zbekistonlik talabalarning ommaviy qaytarilishi ta’lim qoidalariga zid” ekanligini ta’kidlab aytar ekan, dedi:

Talabaning bir o‘quv yurtidan ikkinchi o‘quv yurtiga o‘tishiga faqat birinchi kursni tugatgandan keyin ruxsat beriladi.

“Talabaning bir o‘quv yurtidan ikkinchi o‘quv yurtiga o‘tishiga faqat birinchi kursni tugatgandan keyin ruxsat beriladi. Xuddi shunday talab boshqa davlatlarda ham bor”.

Bas, shunday ekan, talabalar (ayniqsa, 1- kursda o‘qiyotganlar) nima qilishi kerak?

Ozodlikning 11 fevraldagi bu savoliga Oliy ta’lim vazirligi mulozimi “vaziyatdan xabardormiz, masala bilan Tashqi ishlar vazirligi shug‘ullanmoqda”, deb javob qildi.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston va Tojikistondagi elchixonalari mulozimlari talabalar masalasi bilan shug‘ullanayotanini Ozodlikka bildirdi.

Talabalar O‘zbekistonga nima uchun qaytarilmoqda?

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 7 fevralda Ozodlik gaplashgan huquqshunosi¸ qo‘shni davlatlardagi o‘zbekistonlik talabalarga yoppasiga va aynan o‘quv yili o‘rtasida sinovlarsiz o‘qishni ko‘chirishga nega “ruxsat berilgani” sababini tushuntira olmagan edi.

“Prezidentimiz bolalarimiz qo‘shni davlatlarda qiynalmasin¸ o‘z vatanida o‘qisin¸ deb g‘amxo‘rlik qilayaptilar. Shunga vazir buyruq chiqardi”¸ degan edi Oliy ta’lim vazirligi huquqshunosi.

Vazirlikning Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi 11 fevralda Ozodlik savoliga javoban “bu hukumat qarori” deyishdan nariga o‘tishni istamadi.

Ozodlikning “vazir 6 fevralda imzolagan buyruq Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining u yoki bu qaroriga asoslanganmi?” degan savoliga ham vazirlik mulozimi javob bera olmadi.

XS
SM
MD
LG