Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:20

Qo‘shni davlat OTMdan o‘qishini ko‘chirayotgan o‘n minglab talaba 2-semestrda ko‘chada qolishi mumkin


Farg‘ona Politexnika institutiga qo‘shni davlatlardan qaytgan talabalar hujjat topshirish uchun turishibdi. 2020, 12 fevral.
Farg‘ona Politexnika institutiga qo‘shni davlatlardan qaytgan talabalar hujjat topshirish uchun turishibdi. 2020, 12 fevral.

O‘qishini Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtlaridan O‘zbekistonga ko‘chirayotganlarning hujjatlarini qabul qilayotgan Ishchi guruhlari qaytgan talabalar o‘qishni qachon boshlashini bilmayapti.

Qaytmoqchi bo‘layotgan talabalar o‘qiyotgan davlatlar rasmiylari va o‘quv yurtlari rahbarlari o‘qishni o‘quv yili o‘rtasida ko‘chirib bo‘lmasligini aytmoqda. Ularning aytishicha, talabalarga reyting daftarchasidan ko‘chirmalar berilgani, ularning talabalar safidan chiqarilganini anglatmaydi.

Sirdaryolik Shahriyor va surxondaryolik Navro‘zning o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish jarayonini Ozodlik 3 kundan buyon kuzatmoqda.

Chimkent - Guliston - Chimkent

13 fevralda Chimkentdagi Silkway xalqaro universitetining Rus tili va adabiyoti fakulьteti 1-kursi talabasi, sirdaryolik Shahriyor 12 fevralda qo‘liga tekkan “Silkwayda o‘qiyapti” degan ma’lumotnoma bilan o‘zi yashaydigan Sirdaryo viloyatidagi Guliston davlat universitetiga bordi. Lekin Shahriyorning ma’lumotnomasini Ishchi guruhi qabul qilmadi. Ozodlik bog‘langan paytda Shahriyor yana Chimkentga qarab ketayotgan edi: u Guliston talab qilgan transkriptni olib qaytmoqchi.

Dushanbe - Termiz

13 fevralda Dushanbedagi Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universiteti Pedagogika fakulteti 1- kurs talabasi, surxondaryolik Navro‘z 12 fevral, kunning ikkinchi yarmida qo‘liga tekkan hujjatlarini Termiz davlat universiteti Ishchi guruhiga topshirdi. Navro‘zning aytishicha, Ishchi guruhi vakili bunday degan:

“15 martdan 20 martgacha kim qaysi fakultet va qaysi gruppada o‘qishini hal qilamiz va shundan keyin sizga telefon orqali xabar beramiz, deyishdi”.

O‘qish qachon boshlanishi noma’lum

Qaytayotgan talabalarni qabul qilayotgan OTMlardan biri – Namangan muhandislik texnologiya instituti Ishchi guruhi vakilining Ozodlikka 13 fevralda bildirishicha, hujjatlar qabul qilingani ularni topshirgan talaba o‘qishga qabul qilindi degani emas:

”Hujjatlarni Oliy ta’lim vazirligida tuzilgan komissiya ko‘rib chiqadi va qaror qabul qiladi. O‘qishning qachon boshlanishi ma’lum emas”.

Qaytganlar o‘qishni qachon boshlashi to‘g‘risida Guliston davlat universiteti Ishchi guruhi vakili ham aniq gap aytmadi.

Shahriyorning hujjati nega qabul qilinmadi?

Bu savol javobi hamda masalaning quyida bayon qilinadigan boshqa bir muhim jihatini tushunish uchun ma’lumot:

Guliston davlat universiteti Ishchi guruhi vakilining bildirishicha, qaytayotgan talaba o‘zi shu paytgacha o‘qigan OTMdan:

1. Akademik ma’lumot (OTM muhri bosilgan bo‘lishi lozim)

2. Transkript (qaysi fanlar bo‘yicha ta’lim olgani va qanday baho olgani to‘g‘risida ma’lumotnoma) yoki reyting (zachyot) daftarchasini (asl nusxasi yoki muhr bilan tasdiqlangan nusxasi) olib kelishi lozim.

Shahriyor esa, bu hujjatlarni emas, “Chimkentdagi Silkway xalqaro universitetida o‘qiyapti” degan ma’lumotnoma bilan kelgan va u hujjat o‘rniga o‘tmagan.

Transkript berilgani talaba ro‘yxatdan chiqarildi degani emas

Ayni paytda, O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘layotgan talabalar o‘qiyotgan davlatlar rasmiylari va o‘quv yurtlari rahbarlari akademik ma’lumotnoma va reyting daftarchasidan ko‘chirma berilishi talaba talabalar safidan chiqarildi degani emas, binobarin, bu talabalar kamida o‘quv yili oxirigacha o‘qiyotgan OTM hisobida qoladi, chunki o‘quv yili o‘rtasida ko‘chirish mumkin emas, demoqda.

Chimkentdagi Silkway xalqaro universitetining rahbarlaridan biri (o‘zini tanishtirishni istamadi, biroq universitet rektori Irina Yefimova 11 fevralda kuni Ozodlik savollariga javob bergan edi) bunday dedi:

“Transkript talabaga u istagan vaqtda berilishi mumkin. Lekin bu hujjatning berilishi talaba ko‘chirildi, degani emas. Ko‘chirish ta’til vaqtida amalga oshirilishi mumkin, o‘quv yili o‘rtasida emas. Hozir fevral ekanligidan kelib chiqsak, demak talaba bahorgi sessiyani topshirganidan keyin ko‘chishi mumkin. Hozir emas. Bu me’yor barcha kurslar talabalari uchun bir xildir”.

Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi rasmiysi Gulmira Abilqasimova 13 fevralda Ozodlik savollariga javob berarkan¸ Qirg‘izistondagi OTMlar o‘zbekistonlik talabalar so‘rayotgan akademik ma’lumotnomalar yoki transkriptlarni darhol berayotganini, lekin bu talaba talabalar safidan chiqarilganini anglatmasligini aytarkan, dedi:

“Nahotki, O‘zbekistondagi hamkasblarimiz ta’lim jarayonini buzib, o‘quv yili o‘rtasida qabul qilishsa? Qoidani buzib, martning oxirida talaba qabul qilishmasa kerak, deb o‘ylayman”.

Gulmira Abilqasimovaning aytishicha, talabaning O‘zbekistonga ko‘chirilish jarayoni istaydimi-yo‘qmi – o‘quv yili oxirigacha cho‘zlib ketadi: O‘zbekistondagi OTM qaytgan talabani o‘z partasiga o‘tqazib olgan taqdirda ham, uning asosiy hujjatlari oldingi (Tojikiston, Qirg‘iziston yoki Qozog‘istondagi) OTMda qolgan. O‘sha hujjatlarni so‘rab xat yuborilishi, xat o‘rganilib, javob berilishi kerak va buning hammasi vaqt oladi.

Guliston davlat universiteti Ishchi guruhi vakilining Ozodlikka aytishicha, talabalarni o‘quv yili o‘rtasida ko‘chirish masalasini O‘zbekiston Oliy ta’lim vazirligi qo‘shni mamlakatlardagi turdosh vazirliklar bilan kelishgan.

Ozodlikning “Siz shunday o‘ylayapsizmi yoki sizlarga shunday ma’lumot berilganmi?” degan savoliga Ishchi guruhi a’zosi “Bizga shunday deyishdi”, deb javob berdi.

Vazirliklar o‘rtasida kelishuv bo‘lmagan

Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi rasmiysi Gulmira Abilqasimovaning aytishicha, u ishlaydigan vazirlikka bu masalada hech qanday rasmiy xat, bildiruv kelmagan. Hech qanday kelishuvga erishilmagan:

"Takror aytaman: biz rasmiy maktub olgan emasmiz. Faqat bugun (13 fevral) Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligidan "agar hujjatlarini so‘rashsa, kechiktirmay berishingizni tavsiya qilamiz", degan mazmunda xat keldi, xolos. O‘zbekistondan hatto oddiy bildiruvnoma ham olganimiz yo‘q".

Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi rasmiysi Gulmira Abilqasimova suhbat oxirida bunday dedi:

- Bilasizmi, bu ishni o‘quv yili o‘rtasida qilishning nima keragi bor edi?! Tushunolmay xayronman, aqlim yetmayapti...

Ozodlik: Bu savol javobini bir haftadan beri izlayapmiz, topganimiz yo‘q.

- Mayli, ketmoqchi bo‘lishsa, hujjatini olib ketaverishsin. Biroq unda nima uchun chegaralarni ochishdi? (kulib) Hamkorlik qani? Do‘stlik qani?

  • 11 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish muddatini 15 martga qadar uzaytirdi.
  • Vazirlik o‘z qarorini “talabalar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadi” bilan izohlagan.
  • Vazirning 6 fevraldagi buyrug‘ida muddat 7 fevraldan 15 fevralgacha qilib belgilangan edi.
XS
SM
MD
LG