Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:22

Qo‘qondagi “Shedevr” choyxonasidagi janjalda gumonlanib 50 ortiq yigit hibsga olindi


6 fevral kuni "Shedevr" choyxonasida o‘q yegan Baxtishod Mamajonov.
6 fevral kuni "Shedevr" choyxonasida o‘q yegan Baxtishod Mamajonov.

Qo‘qon shahridagi “Shedevr” choyxonasi oldida 6 fevral kuni kechasi qirqma ov miltig‘idan uch kishi yaralanishi va ularning o‘n sutkaga qamalishi voqeasi ortidan 14 fevral kuni shu janjalga aloqadorlikda gumon qilingan 50 nafardan ortiq yigit hibsga olindi.

Ota-onalarning aytishlaricha, DXX va Qo‘qon shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlaridan tarkib topgan guruh uyma-uy yurib, gumonlanuvchilarning uylarida tintuv o‘tkazgan va ularni ichki ishlar bo‘limiga olib kelgan.

Shu kunning o‘zida Qo‘qon shahar ichki ishlar binosida bu yigitlarning ishi ma’muriy sudda ko‘rilib, ularga 3-15 sutkadan qamoq jazosi berilgan.

Qo‘qon shahar IIB navbatchisi bu haqda axborot berilmasligini aytdi.

Qo‘qon shahrining To‘g‘onboshi mahallasida yashaydigan 27 yashar Lazizjon Madaminov ham 14 fevral kuni uyidan olib ketilgan.

Lazizjonning otasi Bahromjon Madaminovning aytishicha, ertalab ularning uyiga DXX va ichki ishlar organi xodimlari kelgan:

Taqillatishdi, eshikni ochsam bir guruh militsiya xodimlari turibdi.


- Soat 7 yarimlar edi. Taqillatishdi, eshikni ochsam bir guruh militsiya xodimlari turibdi. Menga bir qog‘ozni ko‘rsatishdi, bu DXX va shahar prokurorining tintuv o‘tkazish haqidagi qarori, dedi. O‘qib ko‘rsam 6 fevralda “Shedevr” choyxonasida tartibsizlik bo‘lgan ekan, shunga ko‘ra Madaminov Lazizjonning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yish yuzasidan, uyda tintuv o‘tkazish to‘g‘risida degan qaror ekan. Kirishdi, tintuv qilishdi. Hech narsa topisholmadi. Keyin moshinasini tintuv qilishdi, moshinada yog‘och va temir bor ekan. O‘shani olib, o‘g‘lingiz biz bilan boradi, tushuntirish xati yozib qaytib keladi, deyishdi.

Bahromjon Madaminovga ko‘ra, u o‘g‘li bilan birga Qo‘qon shahar IIBga borgan:

Protokolni o‘qisam, "kelgusida jinoyat sodir qilmayman, huquqbuzarlik qilmayman", deb yozilgan ekan.


- Borsak, milisaxonaga shunday kiraverishda ikkita xodim stol qo‘yib olib, bayonnoma rasmiylashtiryapti ekan. Keyin o‘g‘limni ham chaqirishdi. Men protokolni olib o‘qisam, "kelgusida jinoyat sodir qilmayman, huquqbuzarlik qilmayman", deb yozilgan ekan. Men bu jinoyatchi emasku, nega u imzo qo‘yishi kerak desam, men bilan birga borgan jinoyat qidiruv bo‘limi xodimi, bu yoqqa siz nimaga kirdingiz, chiqarib tashlanglar buni dedi. Men chiqmayman desam, yozayotgan militsiya xodimi mana hamma qo‘l qo‘yayapti deb o‘ttiztacha protokolni menga ko‘rsatdi. Men tortishib tursam ular o‘g‘limga qo‘l qo‘ydirib, ikkinchi qavatga olib ketishdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa otaning aytishicha, 14 fevral kuni 50 nafardan ortiq yigitlarni uylaridan olib kelinganiga u guvoh bo‘lgan:

- Melisaxonaning oldi ota-onalarga to‘lib ketdi. Hamma nega bolamni ichkariga olib kirib ketdilaring deb norozilik bildira boshladi. Tez yordam mashinasi ichkariga kirib ketganidan keyin, xavotir yana ham kuchaydi. Ota-onalar, bolalarimizni usti yupun, qorni och kiyim, ovqat-issiq kiyim olib keldik, desa ham qabul qilishmadi. Kechgacha turdik. Norozilik kuchaygach Qo‘qon shahar hokimi kelib tinchitganday bo‘ldi va ovqat kiyimlarni yigitlarga olib kirib beringlar deb ko‘rsatma berdi.

Otaning so‘zlariga ko‘ra, kech bo‘lganiga qaramay ichki ishlar binosida yigitlarning ishini sudya ko‘rib, ularning hammasiga qamoq jazosi tayinlangan:

Biz ana shu o‘n sutkada bularni qiynoqqa solib, qilmagan ayblarini ham bo‘yniga oldirib yuborishidan cho‘chiyapmiz.


- Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudyani IIBga olib kelishgan. Mening ayolimga ham telefon qilishib, o‘g‘limga o‘n sutka berganini aytishgan. Menimcha, kiraverishda bayonnomalarga “kelgusida jinoyat sodir qilmayman, huquqbuzarlik qilmayman” deb yozdirib olishganidan ham maqsad shu bo‘lsa kerak. Advokatsiz, hech qanday himoyasiz, huquqsiz ana shunday molsud qilib yuborishdi. Bizning xavotirimiz bu o‘n sutkada ham emas, biz ana shu o‘n sutkada bularni qiynoqqa solib, qilmagan ayblarini ham bo‘yniga oldirib yuborishidan cho‘chiyapmiz.

Qo‘qon shahar IIBning ismi sir qolishini so‘ragan uchastka nozirlaridan biri, o‘nlab yigitlar “Shedevr” choyxonasidagi otishma ortidan 14 fevral kuni o‘nlab yigitlar hibsga olinib, ma’muriy jazoga tortilganini tasdiqladi.

Qo‘qon shahar IIBning navbatchisi esa bunday voqeadan xabari yo‘qligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Ozodlik 6 fevral kuni soat 00.10 larda Qo‘qon shahar, General Uzoqov ko‘chasida joylashgan “Shedevr”choyxonasida bir fuqaro choyxona kirish eshigi oldida turgan uch kishini ov miltig‘idan ikki marta o‘q otib yaralagani haqida xabar qilgan edi.

O‘q uzgan shaxs qo‘lga olingan. Ammo, o‘q yegan uch yigit badanidagi sochma o‘qlar hali to‘la olinmay turib hisbga olingan va Farg‘ona tumani Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi qarori bilan o‘n sutkaga qamalgan.

XS
SM
MD
LG