Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 08:27

OzodTa’sir: Prokuratura norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ygan ayol ishini nazoratga oldi


Illyustrativ surat (Ushbu suratning Muqaddas Mustafoyeva bilan bog‘liq voqeaga aloqasi yo‘q)
Illyustrativ surat (Ushbu suratning Muqaddas Mustafoyeva bilan bog‘liq voqeaga aloqasi yo‘q)

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi mazkur idora binosi oldida o‘ziga o‘t qo‘ygan Muqaddas Mustafoyeva ishini o‘z nazoratiga oldi.

Koson tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, Mustafoyevaga tegishli masala mutaxassislar ishtirokida o‘rganilmoqda.

19 fevral kuni ertalab Muqaddas Mustafoyeva viloyat prokuraturasi oldida o‘z ustiga benzin sepib, o‘t qo‘ygandi.

Muqaddas Mustafoyeva o‘t o‘z vaqtida o‘chirib qolingani uchun jarohatlanmagan, biroq o‘tni o‘chirish paytida jarohat olgan uning otasi, 60 yoshli Olim Mustafoyev hanuz shifoxonada davolanmoqda.

Ozodlik bilan suhbatda Muqaddas Mustafoyeva uyi buzilishiga qarshi norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘yganini aytdi.

Hokimlik xabari

Koson tuman hokimligi axborot xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra, o‘ziga o‘t qo‘yib, tirik qolgan Muqaddas Mustafoyeva ishi viloyat prokuraturasi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda.

Hokimlik Telegram kanalida tarqatilgan xabarga ko‘ra, ishchi guruhga viloyat prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Shohruh Haqberdiyev boshchilik qilmoqda:

“Hozirda Viloyat prokuraturasi tomonidan maxsus ishchi guruh tuzilib, mazkur masala tegishli mutaxassislar ishtirokida o‘rganilmoqda.

O‘rganish ishlariga viloyat prokuraturasi bo‘limi katta prokurori Shoxrux Haqberdiyev jalb qilinib, fuqaro uy qurgan yer maydoniga borilgan.

Tuman hokimligi va tuman prokuraturasi mutasaddilari va xolislar ishtirokida mazkur masala atroflicha muhokama etilmoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.

O‘ziga o‘t qo‘ygan qizini to‘xtatishga urinib, jarohatlangan ota hanuz kasalxonada

Kosonlik 60 yashar Olim Mustafoyevning 23 fevral kuni Ozodlikka aytishicha, u hanuz shifoxonada davolanmoqda:

- Ahvolim yaxshimas, yotibman. Bugun oltinchi kun. Mazam yo‘q. Bo‘yinlarim, orqalarim, boshlarim kuygan. Og‘riqlar bor. Ishtaham yo‘q. Og‘riydi hamma joyim, yopishib qolgan.

Olim Mustafoyev viloyat prokuraturasi tuzgan ishchi guruh faoliyatidan noroziligini aytadi:

- Viloyatdan bitta prokuror borgan, Shohruh Haqberdiyev. Lekin ishchi guruhning boshqa hamma a’zosi Kosondan, o‘sha erni 400 millionga sotgan odamlar. Ular bizning orqamizdan “O‘zini himoya qilish uchun shunday qilgan”, degan. Yo‘q, biz bir yildan beri murojaat qildik. Respublika prokuraturasiga, Vazirlar mahkamasiga, prezident devoniga murojaat qildik. Chiqmagan joyimiz qolmadi. Faqat MChJ to‘g‘ri deydi, lekin uning qarori noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Endi buyog‘ini ko‘ramiz, biz bir oddiy xalq, deydi Olim Mustafoyev.

Olim Mustafoyev (suratda) ayni paytda Qashqadaryodagi Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasida davolanmoqda.
Olim Mustafoyev (suratda) ayni paytda Qashqadaryodagi Shoshilinch tez tibbiy yordam klinikasida davolanmoqda.

Norozilik aksiyasi

19 fevral kuni ertalab soat 9-10 lar atrofida Qarshi shahridagi Qashqadaryo viloyat prokuraturasi binosi oldida Muqaddas Mustafoyeva o‘z ustiga benzin sepib, o‘t qo‘ydi.

O‘tni o‘chirish paytida uning otasi, 60 yoshli Olim Mustafoyev kuyish jarohatlari olib, viloyat Shoshilinch tez yordam klinikasiga olib kelindi.

Muqaddas Mustafoyeva o‘t o‘z vaqtida o‘chirib qolingani uchun kuyish jarohatlarini olmagan, faqat kiyimlari kuygan.

Ozodlik bilan suhbatda Muqaddas Mustafoyeva o‘z uyi buzilishiga qarshi shikoyatlari tuman va viloyat prokurorlari tomonidan e’tiborga olinmagani uchun mana shunday harakat qilganini aytdi.

Koson tuman hokimligi xabariga ko‘ra, Muqaddas Mustafoyeva egallab turgan yer maydoni qayta xatlovdan o‘tkaziladi.

Uy buzilishiga qarshi noroziliklar

O‘zbekistonda uyi buzilishdan norozilik bildirib, turli harakatlarni sodir etish holatlari so‘nggi paytlarda tez-tez takrorlanib turibdi.

14 fevral kuni Surxondaryoning Oltinsoy tumanidagi "Xalqobod" mahallasida uylari buzilishidan norozi bo‘lgan aholi va IIB xodimlari o‘rtasida to‘qnashuv bo‘lgandi. To‘qnashuvda IIBning ikki xodimi va bir fuqaro tan jarohatlari olib, kasalxonaga yotqizilgan.

10 fevralda Sariosiyo tuman, Gulobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi ayol ko‘ksiga prezident Mirziyoyev portretini osib, qo‘lida bolta bilan uyini buzishga kelganlarga tahdid qilgan.

Shu yilning 21 yanvarida Samarqandda uyidan majburiy chiqarish to‘g‘risidagi sud qarorini ijro etish uchun kelgan MIB xodimlarini Dilorom Roziqova yoqib yuborishga harakat qilgan.

Dilorom Roziqova MIB xodimlarini yoqmoqchi bo‘lgan 21 yanvar kuni Andijon viloyati Andijon tumanida yashovchi 31 yashar Xushnud G‘oyibnazarov uyini musodara qilishga kelgan Majburiy ijro byurosi xodimlari oldida ustiga benzin quyib, o‘zini ëqib yubordi. 25 yanvar kuni Xushnud G‘oyibnazarov shifoxonada vafot etdi.

XS
SM
MD
LG