Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 10:19

Samarqandda sobiq senator hokim bergan yerga qurilgan 92 ta uy buzilishga tushdi (VIDEO)


Samarqand viloyati hokimi uyi buzilishga tushgan aholi bilan uchrashdi
Samarqand viloyati hokimi uyi buzilishga tushgan aholi bilan uchrashdi

Samarqand viloyati, Payariq tumani Chelak shaharchasining Ulug‘bek mahallasidagi 150 oila o‘zlari yashab turgan 92 uyning buzilishi haqida rasmiy ogohlantirish oldi.

Uylarni buzishga qaror qilgan tuman hokimligi iddaosiga ko‘ra, aholi yer uchastkalarini fermerdan noqonuniy sotib olgan va sobiq senator hokim noqonuniy qaror chiqargan.

Uyi buzilishi aytilgan chelakliklar esa, hokimlik o‘tgan 8 yil davomida qurilishlardan xabardor bo‘lgani, qurilgan uylarning 70 foizi kadastr qilinganini aytmoqda.

Payariq tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Hamidov Ozodlikdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini eshitishi bilan aloqani uzib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Chelak shaharchasining Ulug‘bek mahallasidagi tashlandiq yerga 92 ta uy qurgan 150 dan ortiq oila ko‘chada qoladigan bo‘ldi.

24 fevral kuni mahalla aholisi ko‘chaga chiqib, hokim qaroriga norozilik bildirdi¸ Ozodlik orqali prezident Mirziyoyevga videomurojaat yo‘lladi.

Chelak shaharchasi, Ulug‘bek mahallasidagi aholi uylari
Chelak shaharchasi, Ulug‘bek mahallasidagi aholi uylari

25 fevral kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan Nargiza Sagatullayeva 150 oilaning tashlandiq joydan yer sotib olib¸ yillar davomida uy qurganini aytadi:

Shu paytgacha tuman hokimi qayerda edi, viloyat hokimi qayerda edi, mahalla qayerda edi, odamlar ko‘chib chiqqaniga necha yil bo‘lyapti.


- Bu yer avval axlatxona bo‘lgan. Fermer artezian suv chiqarib paxta ekkan edi. Lekin paxta ham bo‘lmadi. Yana tikanzor, chakalakzorga aylandi. Keyin 4-6 so‘tixdan qilib aholiga sotdi. 2012 yilda edi, hujjat va kadastr qilib beramiz, dedi. Biz hamma joyni tozalab, uy qurib bo‘lganimizdan keyin, chiqasan, buzasan deyapti. Men bor-budimni sarflab uyni qurdim. Lekin kadastr qilib bermadi. 8 yildan buyon shu uyda yashayapman. Shu paytgacha tuman hokimi qayerda edi, viloyat hokimi qayerda edi, mahalla qayerda edi, odamlar ko‘chib chiqqaniga necha yil bo‘layapti. Hozir fermer qamoqda. Lekin u bizdan olgan pulni bir o‘zi yemagandir, hokim yegandir, prokuror yegandir. Hokimlar qilgan xatosi uchun nega oddiy xalq javob berishi kerak?”.

Xorijda mardikorlik qilib topgan puliga uy qurgan Alisher Mustafoyev ham bu mojaroda bitta fermerni ayblab, aholining uyini buzish to‘g‘ri emasligini aytadi:

Bu joylar obod bo‘lib ko‘zga ko‘rinib qolgandan keyin, yangi egalari chiqyapti


- Biz ham 2016 yilda uchastka olgan edik. Biz ham o‘zimizcha davlatning yeriga uy qurmaganmiz. Bizga sotgan odamning boshida kattaroq bosh bo‘lganki, bizga qo‘rqmay sotgan. Bo‘lmasa fermer 92 ta uchastka sotadimi? Bizga fermer o‘lchab bergan. Bu yerda hech kim do‘ppisini yoki ketmonini otib uchastka qilmaganku! Masalan, bizning ko‘chada 26 ta uy bor, shundan 15 tasida qaror bor, qolganlarda yo‘q. Bizga ham qaror chiqarib ber desak, endi yo‘q deyapti. Bu joylar axlatxona edi. Odamlar u yerga kamazlab tuproq tashlab yer qildi. Bu joylar obod bo‘lib ko‘zga ko‘rinib qolgandan keyin, yangi egalari chiqayapti shekilli. Men muhojir bo‘lmagan davlat qolmadi. Turkiyada, Rossiyada, Qozog‘istonda ishladim. Topgan pulimga shu uyni qildim. Hamma qiynalib mehnat bilan uy solgan.

Chelak shaharchasi, Ulug‘bek mahallasidagi aholi uylari
Chelak shaharchasi, Ulug‘bek mahallasidagi aholi uylari

Ozodlik gaplashgan payariqliklar hozirgi jarayonda hokim qarori va kadastri bor uylar ham buzilishga tushganini qo‘shimcha qiladi.

45 yashar Oybek Qosimovning aytishicha, yangi hokim Dilshod Musinov avvalgi hokim qarorini tan olmayapti:

- Kadastrni endi tan olmayapti, 70 foiz aholi qaror olgan, kadastr qilgan.

Qariyb 12 yil Qozog‘istonda mehnat muhojiri bo‘lgan Vohid Ostanaqulov uch aka-uka 38 million so‘mga 18 sotix yer sotib olganini aytar ekan, uylarning buzilishi oila uchun katta fojia bo‘lishini ta’kidlaydi:

Qani o‘sha avvalgi hokim, olib kelsin uni javob bersin!


- Fermer Ro‘ziqul Xolyigitov avvalgi senator hokim Abdumo‘min Jo‘rayev bilan kelishib, bizlarga yer bergan. Bir tomondan uning aybi ham bor, ham yo‘q. U o‘zidan-o‘zi yer bera olmaydi. Bunga uning duxi ham yetmaydi. Oddiy xalq qayerdan biladi, bu yer sug‘oriladigan yermi yoki bekorchi yermi? O‘sha yer axlatxona bo‘lgani uchun hamma bekorchi yer ekan¸ deb olgan edi. Qani o‘sha avvalgi hokim, olib kelsin uni javob bersin! Oddiy xalqning sho‘riga sho‘rva to‘kilaveradimi?

Aytilishicha¸ hozirda fermer Xolyigit Ro‘ziqulov ustidan jinoyat ishi ochilgan va u qamoqqa olingan.

Ozodlikda fermerning O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining qaysi moddasi bilan ayblanayotgani haqida ma’lumot yo‘q.

Ozodlikka yuborilgan videoda, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov 18 fevral kuni payariqliklar bilan uchrashuvda, bu uylar buzilishi va ularga boshqa joydan uy-joy qurish uchun yer berilishini, haqiqiy aybdor javobgarlikka tortilishini aytgan.

Ozodlik 25 fevral kuni Payariq tumani hokimi Dilshod Musinov bilan bog‘lanishga harakat qildi. Hokim yordamchisi bu mavzuda faqat matbuot xizmati axborot berishi mumkinligini aytdi.

Payariq tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Dilshod Hamidov esa¸ Ozodlik muxbiri qo‘ng‘iroq qilayotganini eshitganidan so‘ng, aloqani uzib, telefonini o‘chirib qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG