Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:25

Tadqiqot: Avstraliya o‘rmonlarining 20 foizi yonib ketdi


Avstraliyadagi yong‘inlardan biri (illyustrativ surat).
Avstraliyadagi yong‘inlardan biri (illyustrativ surat).

Olimlar Avstraliyada yong‘inlar tufayli mamlakat o‘rmonlarining 20 foizidan oshig‘i nobud bo‘lganini bildirishdi.

Ayni damda olimlar Avstraliyaning janubi-sharqida yirik hududlarning kulini ko‘kka sovurgan yong‘inlarga qay darajada global isish sababchi ekanligini aniqlash ustida ishlamoqda.

Dushanba kuni Nature Climate Change jurnalining maxsus nashrida Avstraliyada o‘rmon yong‘inlarining turli jihatlari ko‘rib chiqilgan maqolalar e’lon qilindi.

Maqolalarning birida 2019 yilning sentabridan 2020 yilning yanvariga qadar Yangi Janubiy Uels hamda Viktoriyada taqriban 5,8 million gektar o‘rmon yonib kul bo‘lgani aytiladi. Bu esa mamlakatdagi o‘rmonlarning 21 foiziga to‘g‘ri keladi.

Odatda Avstraliyada yiliga o‘rmonlarning 2 foizi yonib ketadi.

Jurnalda chop etilgan yana bir maqolada yong‘inlar uchun qulay sharoit yaratgan omillarning biri — bir yil davom etgan quruq mavsum haqida so‘z yuritiladi. Qurg‘oqchilik o‘rmon yong‘inlari uchun qulay zamin yaratadi va har bir yong‘indan keyin o‘rmonlar qayta tiklanishini sekinlatadi.

Melburn universiteti xodimi Endryu King hamkasblari bilan Hind okeani dipoli deb nomlanuvchi holatni o‘rganib chiqdi. Bu holat Avstraliyadagi yog‘ingarchilikka ta’sir ko‘rsatadi.

Olimlarning xulosa qilishicha, 2017 yildan beri Avstraliyada qurg‘oqchilik odatdagidan uzunroq davom etmoqda. King va uning hamkasblari 2016 yildan beri Murrey-Darling basseynida 12 ketma-ket mavsum davomida yog‘ingarchilik o‘rtacha darajadan oz bo‘lganini aniqladi.

King iqlim o‘zgarishi Avstraliyada quruq mavsumlar ko‘proq bo‘lishiga hamda keskinroq qurg‘oqchilik kuzatilishiga sabab bo‘layotganini, kelgusi yillarda ahvol yanada og‘irlashishi mumkinligini aytdi.

G‘arbiy Sidney universiteti xodimi Matias Boer ham iqlim o‘zgarishi tufayli Avstraliyada o‘rmon yong‘inlari soni ko‘payishini aytib, hukumatni tayyorgarlik choralarini ko‘rishga hamda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashni kuchaytirishga chorladi.

XS
SM
MD
LG