Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 04:35

Umra ziyorati uyushtiruvchi xususiy shirkatlar hozirgacha to‘langan pullarni qaytarmoqchi emas


O‘zbekistonliklar Umra safarida. Makka shahri, 2020, 27 fevral.
O‘zbekistonliklar Umra safarida. Makka shahri, 2020, 27 fevral.

Koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida Saudiya Arabistoni ziyoratchilarning mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlashi ortidan Umra safari uchun to‘langan pullar qaytariladimi-yo‘qmi degan masala kun tartibiga chiqdi.

10 kunlik safar uchun 2000 AQSh dollari atrofida pul to‘lagan har bir o‘zbekistonlik ziyoratchi uchun muhim bo‘lgan bu masalaning hozircha aniq yechimi yo‘q.

Davlat idoralaridan biri masala qonunga binoan hal qilinishini aytsa, ikkinchisi savolni boshqa idoraga berishni tavsiya qildi.

Umra safari uchun mijozning pulini olgan shirkatlar esa, pullar sarflab qo‘yilganini aytarkan, Saudiya o‘z chegaralarini tezroq ochishiga umid qilayotganini bildirdi.

Mavzuni o‘rganish asnosida O‘zbekistonning Umra safari bozorida tushunarsiz vaziyat yuzaga kelgani ayon bo‘ldi

***

O‘zbekistonda Umra safarini uyushtirish bilan mamlakat Musulmonlar idorasidan tashqari o‘nlab xususiy sayyohlik firmalari, hatto xususiy bandlik agentliklari ham shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi.​

Toshkent-Jidda, Toshkent-Madina - bir kunda ikki reys

11 fevralda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita o‘tkazgan matbuot anjumanida 2019 yilning 10 dekabridan buyon har kuni ikki aviareys ziyoratchilarni O‘zbekistondan Saudiyaga kichik haj safariga tashiyotgani aytilgan edi.

O‘zbekistondagi birgina “Historical Travel” xususiy bandlik agentligi 43 kishini Umra safariga 29 fevralda jo‘natishi kerak edi.

“Historical Travel” xodimasining Ozodlikka aytishicha, 10, 15. 20 kunlik Umra safarlari mavjud. 10 kunga boradiganlar 1800 AQSh dollari (safar harajati) va 405000 so‘m (firma harajatlari) to‘laydi. 20 kunga boradiganlar 200 dollar ko‘proq to‘laydi.

“Historical Travel” vakili Ozodlikning ziyorati bekor bo‘lganlarga pullari qaytariladimi, degan savoliga javob berishga qiynaldi.

“Umra safari” deb qidiruv berilsa, Internet O‘zbekistonda shu ish bilan shug‘ullanadigan bir necha shirkat nomini chiqarib beradi. Ulardan biri vakili Ozodlikka bunday dedi:

Vizani boshqa davlatdan, uchinchi davlatdan olamiz. O‘zimizdagi elchixona bermaydi. Agar ular pulni qaytarsa, biz ham qaytaramiz.

- Ha, bizda ham ketolmaganlar bor. Pullari to‘langan, vizalari chiqqan. Vizani boshqa davlatdan, uchinchi davlatdan olamiz. O‘zimizdagi elchixona bermaydi. Agar ular pulni qaytarsa, biz ham qaytaramiz. To‘g‘risi, kechagi yangilikdan keyin o‘zimiz ham hayron bo‘lib turibmiz.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Umra safarini uyushtiruvchi mamlakatdagi eng yirik operatordir. Idoraning Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi Ozodlikka bunday dedi:

Balki 10, balki 15 kundan keyin ochilar, ochilsa ketishaveradi. Agar kim pulini qaytarib olgisi kelsa, qaytarib olaveradi.

- Agar e’lonni o‘qigan bo‘lsangiz, Saudiya chegaralarini vaqtincha yopganini bildirgan. Balki 10, balki 15 kundan keyin ochilar, ochilsa ketishaveradi. Agar kim pulini qaytarib olgisi kelsa, qaytarib olaveradi.

Ozodlik bu masala boshqa davlatlarda qanday hal qilinayotganiga ham qiziqib ko‘rdi.

Rossiyadagi Umma-tur kompaniyasining Moskvadagi vakolatxonasi xodimi: “Umra safarlari bekor qilingani yo‘q. Vaqti ko‘chiriladi, xolos”, dedi va ketidan Saudiya Arabistoni falon chisloda ochiladi, deb konkret kunni ham aytib yubordi. Lekin u bu informatsiyani qayerdan olganini aniq ayta olmagani uchun Ozodlik u aytgan sanani takrorlamoqchi emas.

Qirg‘izistonlik hojiboshilardan biri esa, Umra uchun to‘lab qo‘yilgan pul “qaytarilishi amri maholligini, chegara ochilgach safar amalga oshirilishini” aytdi. "Amri mahollik" nimada ekanligini izohlar ekan, hojiboshi aynan mana bu gapni aytdi:

- Firmalar pulni ertaroq o‘tkazib yuborishadi. Shartnoma, xalqaro aloqa yana allambalo muammolari bor. Chigal ko‘p.

Hukumat idoralari nima dedi?

Ozodlik Umra safarini uyushtiruvchi operatorlar ishiga ta’sir ko‘rsata oluvchi, demakki operator bilan mijoz o‘rtasida mojaro chiqquday bo‘lsa o‘z pozitsiyasini bildirishga majbur bo‘ladigan davlat idoralari bilan ham bog‘landi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mulozimi Abdug‘ani Mirzarahimov Ozodlikka bunday dedi:

Shartnoma shartlarini bajarmasa, olgan puliga yarasha xizmat ko‘rsatmasa, huquq-tartibot organlari chorasini ko‘radi.

- Biz litsenziya bergan turistik firmalar alohida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardir. Shartnoma shartlarini bajarmasa, olgan puliga yarasha xizmat ko‘rsatmasa, huquq-tartibot organlari chorasini ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiysi Ozodlikning savolini eshitiboq, bu masala bo‘yicha Musulmonlar idorasiga murojaat qilishni tavsiya qildi. “Bu ish bilan Musulmonlar idorasi shug‘ullanayapti”, dedi qo‘mita mulozimi.

Musulmonlar idorasi aytgan gapni yuqorida keltirdik.

Umra kimniki?

Saudiya Arabistoni ziyoratchilarning mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlashi ortidan yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganish jarayonida Umra ziyoratini tashkil qilish sohasida O‘zbekistonda tushunarsiz vaziyat yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi.

Shu paytgacha Musulmonlar idorasi, hukumat qarorlariga tayanib, Haj va Umra tadbirlarini uyushtirishda o‘zi yagona ijrochi organ ekanligini aytib kelgan.

Amalda esa, bu ish bilan xususiy sayyohlik firmalari, hatto xususiy bandlik agentliklari ham shug‘ullanib kelmoqda.

Ozodlik 27 fevralda gaplashgan xususiy sayyohlik agentliklaridan yana biri vakili¸ shirkat nomi aytilmasligini so‘rab¸ bunday dedi:

Davlatdan ajralib chiqqan firmamiz. Faqat Umra va Haj bilan shug‘ullanamiz.

Ha, Umra safarini uyushtiramiz. Davlatdan ajralib chiqqan firmamiz. Faqat Umra va Haj bilan shug‘ullanamiz. Fevraldagi gruppalarimiz ketib bo‘ldi. Kecha (26 fevral) oxirgi gruppamiz ketdi. Lekin bugun Saudiya yopilib qoldi koronavirus tufayli”.

Ozodlikning necha yildan beri Umra va Haj bilan shug‘ullanasizlar, degan savoliga javoban xodima “5 yilcha bo‘lib qoldi, bizga o‘xshagan firmalar juda ko‘p” dedi.

Bu vaziyat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mulozimi Abdug‘ani Mirzarahimov bunday dedi:

“Umraga jo‘natish” degan alohida litsenziya yo‘q. Turistik firmalarga “Turizm faoliyatini amalga oshirish”degan litsenziya beriladi.

- “Umraga jo‘natish” degan alohida litsenziya yo‘q. Turistik firmalarga “Turizm faoliyatini amalga oshirish”degan litsenziya beriladi. Agar shu ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa va bunday faoliyat qonunga xilof bo‘lsa, huquq-tartibot organlari chorasini ko‘radi.

Umra "monopolisti" - Musulmonlar idorasining yarim oy oldingi bayonoti

O‘zbekiston Musulmonlar idorasi o‘z rasmiy saytida bundan 17 kun muqaddam – 11 fevralda Umra va Haj ziyoratlarini uyushtirish bo‘yicha o‘zining yagona ijrochi ekanini ta’kidlagan edi.

"O‘zbekistonda tashkil etilayotgan umra tadbiri ibodat, xavfsizlik, tibbiy, ma’naviy va iqtisodiy jihatlardan afzal ekanligi hamda Haj va Umra tadbirlarini uzoq yillik tajribaga tayangan holda yurtimiz musulmon aholisi uchun yagona ijrochi organ O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi 364-sonli Qaroriga asosan maqsadga muvofiq deb topildi"¸ deyilgan idora izohida.

Musulmonlar idorasining 28 fevral kuni Ozodlik gaplashgan rasmiysi¸ "Idora Umra va Haj safarlarini uyushtirish bilan xususiy firmalar shug‘ullanayotganini chindan ham bilmaydimi yoki bilib, bilmaslikka olayaptimi?" degan savolini eshitib¸ "Idoraga kelsangiz javob olasiz"¸ deya aloqani uzib qo‘ydi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG