Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 18:26

Karimovdan ko‘chirma - Putin ham prezidentlik muhlatini noldan boshlamoqchi (VIDEO)


Valentina Tereshkova Putinga keyingi saylovlarda ishtirok etishga ruxsat berishni talab qilib chiqdi.
Valentina Tereshkova Putinga keyingi saylovlarda ishtirok etishga ruxsat berishni talab qilib chiqdi.

2000 yildan beri Rossiya oliy hokimiyatini hech kimga bermay kelayotgan Vladimir Putin 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida o‘zining yana qatnashishini taqiqlovchi konstitutsion cheklovni bekor qilishga rozilik berdi.

Putin¸ Rossiya Konstitutsiyaviy sudi o‘zining hozirgacha bo‘lgan prezidentlik muddatlarini nolga tushirsa¸ prezidentlikka yana nomzodini qo‘yishiga ishorat qildi.

10 mart kuni Putinni qo‘llab-quvvatlovchi “Yedinaya Rossiya” partiyasining Davlat Dumasidagi deputati, SSSRning birinchi ayol kosmonavti Valentina Tereshkova konstitutsiyadagi prezident muhlati borasidagi cheklovlarni bekor qilish taklifini muhokamaga qo‘ydi.

- O‘tgan bir yarim oy davomida biz ko‘plab saylovchilar bilan uchrashdik. Ularning aksari “Putin hokimiyatda qolishi kerak!”, deya ta’kidladi. Gapni aylantirish va aqllilik qilish, sun’iy konstruktsiyalarni yasashga na hojat? Hammasini ro‘y-rost, ochiqcha, omma oldida ko‘rib chiqish kerak. Yoki prezidentlik saylovlari haqida Konstitutsiyadagi cheklovlarni mutlaqo olib tashlash kerak! dedi Tereshkova jumladan.

Dumada ko‘pchilikni tashkil etuvchi “Yedinaya Rossiya” bu taklifni qo‘llab-quvvatlashi ortidan¸ kosmonavt deputat “Vladimir Putinning o‘zidan ruxsat so‘rash kerakligi”ni ta’kidladi.

Putinni prezidentlikda cheklanmagan muhlatga qoldirish uchun konstitutsiyani o‘zgartirish tashabbusi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q.

O‘tgan oy Kremlning asosiy “strateglaridan” biri Vladislav Surkov joriy vaziyat konstitutsiyaga prezidentning avvalgi muddatlarini bekor qilishga oid o‘zgartish kiritishni taqozo etayotganini bildirgan edi.

Bu tashabbus Rossiya parlamenti darajasida ko‘rib chiqilayotgan ayni kunda¸ Dumada konstitutsiyaga o‘zgartish kirtish loyihasi muhokama qilinmoqda.

Putin taklifi bilan kiritilayotgan o‘zgartishlar orasida hokimiyat vakolatlarini qayta taqsimlash, yangi tuzilayotgan Davlat Kengashi maqomini oshirish, Konstitutsiyaviy va Oliy sud raislarini tayinlash va lavozimidan bo‘shatishga oid takliflar bor.

Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish masalasining 2020 yil 22 aprelida umumxalq referendumiga qo‘yilishi kutilmoqda.

Amaldagi prezidentni¸ konstitutsiya va qonunlarga bilvosita o‘zgartish kiritish orqali¸ cheklanmagan muddatga saylash amaliyoti postsovet hududida birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda qo‘llanilgan.

O‘zbekiston konstitutsiyasida bir shaxsning ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishi taqiqlanganiga qaramay¸ Islom Karimov¸ ayni shunday usul bilan 1991 yildan to o‘limi - 2016 yilga qadar 25 yil prezidentlikda qolishga muvaffaq bo‘ldi.

2002 yil 27 yanvar kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan umumxalq referendumida mamlakat konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritilgan¸ xususan¸ prezidentlik muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirilgan edi.

Bu o‘zgartishlar munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi Islom Karimovning avvalgi prezidentlik muhlati inobatga olinmasligi¸ uning yana ikki muhlatga prezident etib saylanishga haqli ekanini e’lon qilgan edi.

2011 yili dekabrida O‘zbekiston parlamenti prezidentlik muddatini yana qayta ko‘rib chiqib¸ uni 7 yildan 5 yilga o‘zgartirishga qaror qabul qildi va bu o‘zgartish ham Karimovning avvalgi prezidentligini nolga tushirib¸ uning yana ikki muhlatga qolishiga zamin yaratgan edi.

XS
SM
MD
LG