Линклар

Шошилинч хабар
30 октябр 2024, Тошкент вақти: 16:27

O‘zbekistondan o‘g‘irlangan 2600 yillik haykalcha Shotlandiyada sotuvga qo‘yildi


Samarqanddan o‘g‘irlangani iddao qilingan haykalcha.
Samarqanddan o‘g‘irlangani iddao qilingan haykalcha.

Joriy hafta boshida¸ mutaxassislar ishonchiga ko‘ra¸ O‘zbekistondan noqonuniy tarzda olib chiqilgan 2600 yillik haykalcha Shotlandiyadagi auksionda paydo bo‘ldi.

Qadimiy antiqa buyumlar savdosi bilan shug‘ullanadigan rugrabbit.com portalida eramizdan oldingi 6-asrga oid terrakota haykalcha Ozodlik suhbatlashgan ayrim mutaxassislar iddaosiga ko‘ra¸ Samarqand muzeyidan o‘g‘irlangan.

Hozircha Ozodlikda bu iddaoni tasdiqlovchi dalillar yo‘q.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi rasmiysi¸ bu iddao yuzasidan tekshiruv borayotganini bildirdi.

Taqdim qilish ma’lumotlarida Shotlandiya xususiy kolleksioneriga oidligi yozilgan bu haykalcha san’atshunos Abdumalik Turdiyevga ko‘ra¸ Surxondaryo viloyatidagi Dalvarzintepadan 1962 yilgi arxeologok qazishma paytida topilib¸ Samarqand muzeyi ekspozitsiyaga qo‘yilgan.

Kim oshdi savdosi vakili Ozodlik so‘roviga yozma ravishda javob berib¸ asarning kriminal o‘tmishi yo‘qligi va qonuniy asosda ko‘rgazmaga qo‘yilganinini bildirdi.

“Madaniy meros” boshqarmasining Sirdaryo viloyat bo‘limi rahbari Sundar Qoraboyev Ozodlik bilan suhbatda bu asarni virtual ko‘rgazmada ko‘rib tashvishga tushganini aytdi.

San’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha bu haykalcha qadim so‘g‘d mifologiyasida onaxudo va nanay kabi ilohlar sirasiga kiradi:

- Bo‘yi 10¸ eni 5 santimetr bo‘lgan¸ sariq terrakota (loydan yasalib humdonda pishirilgan) bu haykalcha ikki daryo oralig‘idagi So‘g‘diyona davlatining qadimgi urbanizatsiyalashgan makonida yaratilgan. Haykalcha homiladorlik¸ nasl-nasab va serfarzandlikni tamsil qiladi. Bu haykalcha 1962 yilda Samarqand muzeyi fondiga kirim qilingan. 1991 yilgi inventarizatsiya paytida haykalcha mavjud bo‘lgan. Haykalchaning qanday qilib Shotlandiyadagi kolleksioner qo‘liga tushib qolgani bilan O‘zbekiston madaniyat vazirligi qiziqib ko‘rishi lozim¸ dedi suhbatdosh.

Panjikent yodgorliklari bo‘yicha mutaxassis Surayyo Barnoyevaning Ozodlikka aytishicha¸ haykalcha “Zartepa¸ Qalali qir¸ Eski Termiz¸ Kampirtepa¸ Chopli tepa¸ Mirzabek qal’a va Kitob yaqinida o‘tkazilgan qator arxeologik qazishmalar davrida topilgan haykalchalardan biri bo‘lishi mumkin”.

- Haykalchaniing O‘zbekistondan olib ketilganiga shubha yo‘q. Lekin uni aniq Samarqanddagi Ikromov nomli tarix muzeyidan o‘g‘irlandi¸ deyishga ham isbotimiz yo‘q. Shunga o‘xshash haykalcha Termizdagi arxeologiya muzeyi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik muzeyi arxeologik kolleksiyasida ham mavjud. Qazishmalar paytida 1203 predmet topilgan va ular orasida o‘nlab haykalchalar bor¸ deydi mutaxassis.

Barnoyeva bu ikkala kolleksiyadagi haykalchalarning shu kunlarda bor-yo‘qligini tekshirish savollarga javob topishga yordam berishini aytadi.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ kimdir Samarqand yoki Surxondaryoda iznsiz qazishma olib borib¸ bu haykalchani topib Shotlandiyaga yetkazgan bo‘lishi mumkin:

- Ammo bu ham qonunga zid. Xalqaro muzeylar kengashi ICOM (International Council of Museums) kodeksi va arxeologiya qoidalariga ko‘ra¸ topilgan osori-atiqalar topilgan joyidagi muzeyga topshirilishi kerak. Bundan tashqari¸ 1998 yil 29 avgustdagi 678-I-sonli “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida” gi qonunining 8-moddasida “Ellik yil muqaddam va undan ham oldinroq yaratilgan madaniy boyliklar hamda davlat tomonidan muhofaza ro‘yxatlari va reestriga kiritilgan madaniy boyliklar O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqilishi mumkin emas”, deb ko‘rsatilgan.

Ozodlik Samarqanddagi Tarix muzeyidan qadimiy haykalchaning o‘g‘irlangani borasidagi ehtimol borasida O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga murojaat qildi.

Vazirlik matbuot xizmati rahbari Ozodlikka ayni haykalchaning Samarqand muzeyi fondida bor-yo‘qligini tekshirish maqsadida Muzeylar boshqarmasi inventarizatsiya-taftish boshlaganini bildirdi.

Shuningdek¸ vazirlik rasmiysiga ko‘ra¸ O‘zbekistondagi boshqa muzeylarda ham o‘g‘riliklar¸ san’at asarlarini qalbakisiga almashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruv olib borilmoqda.

“San’at asarlarini qaytarish borasidagi xalqaro mexanizmlar va tuzilmalar asosida vazirlik O‘zbekistondan o‘g‘irlab ketilgan san’at asarlari restitutsiyasini boshlagan”¸ dedi Madaniyat vazirligi mutasaddisi.

Vazirlik mulozimining ta’kidlashicha¸ shu kunlarda O‘zbekiston muzeylarida aniqlangan o‘g‘riliklar bo‘yicha tergov-surishtiruv jarayonlari ham boshlangan.

- Muzeylardan o‘marilgan asarlar¸ chunonchi¸ Farg‘ona O‘lkashunoslik muzeyidan o‘g‘irlanib, Londondagi MakDugalls auksioniga qo‘yilgan Aleksandr Volkovning 1932 yilgi “Jo‘xorizor shovqini” asari yuzasidan joriy yilning fevral oyi oxirida prokuratura jinoyat ishi ochdi va tergov ishlari shu kunda davom etmoqda¸ deya bildirdi vazirlik vakili.

Ozodlik bu asar o‘g‘irlangani haqida joriy yilning 18 fevral kuni yozgan edi.

XS
SM
MD
LG